Jahon | 16:46
1764
9 daqiqa o‘qiladi

Albaniyada kuchayayotgan namoyishlar va Tashiyevga o‘qilgan hukm – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Kiyevga dahshatli hujum

Rossiya o‘tgan kuni Kiyevga dron va raketalar bilan ommaviy zarba bergandi. Ushbu hujum oqibatida halok bo‘lganlar soni kamida 30 kishiga yetdi, o‘nlab odamlar jarohatlandi va 130 ga yaqin bino vayron bo‘ldi. Bu joriy yilda Ukraina poytaxtiga qilingan eng qonli hujum bo‘ldi.

Ukraina Harbiy-havo kuchlarining ma’lum qilishicha, Rossiya tunda 74 ta raketa va 496 ta dron uchirgan. Rasmiylarga ko‘ra, ballistik raketalar soni g‘ayritabiiy darajada ko‘p bo‘lgan, ammo ularni urib tushirish ko‘rsatkichi past. Ukraina so‘nggi oylarda Patriot raketalari taqchilligidan aziyat chekmoqda.

Xususan, tun davomida Kiyev markazida ketma-ket portlashlar sodir bo‘ldi va ularning ovozi butun poytaxt bo‘ylab aks sado berdi. Minglab aholi bomba panajoylari va yerosti metro bekatlariga yashirindi.

Qutqaruv guruhlari vayronalar ostida qolib ketgan aholini qidirayotgani sababli, qurbonlar soni yanada ortishi mumkin.

Kiyev meri Vitaliy Klichko Kiyevda motam e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qariyb 3 million aholi yashaydigan shahar bo‘ylab vayrongarchiliklar qayd etilgan, ba’zi binolar jiddiy zarar ko‘rgan.

Irlandiyaga safarini qisqartirib, zudlik bilan ortga qaytgan prezident Volodimir Zelenskiy ittifoqchilarini va’da qilingan havo mudofaasi tizimlarini o‘z vaqtida yetkazib bera olmaganlikda aybladi. Keyinchalik, o‘zining tungi videomurojaatida Zelenskiy havo mudofaasi masalasi kelasi hafta Turkiyada bo‘ladigan NATO sammitining «asosiy natijalaridan biri» bo‘lishini aytdi.

Rasmiy Moskva ushbu ommaviy hujumlar — Ukrainaning Rossiya hududiga uyushtirgan dron zarbalariga javob ekanini bildirdi. So‘nggi haftalarda Ukraina Rossiyaning ichki yoqilg‘i ta’minotiga zarbalarni kuchaytirgandi.

Tashiyevga 4 yil «berishdi»

Qirg‘iziston sudi bir guruh ayblanuvchilar, jumladan, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq raisi Qamchibek Tashiyev va sobiq spiker Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘lini aybdor deb topib, 4 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

2 iyul kuni Bishkekdagi Birinchi may tumani sudi «75 xat» deb nomlangan jinoiy ish bo‘yicha hukm chiqardi. Sud muhokamalari asosan yopiq tartibda o‘tganiga qaramay, hukm ommaviy e’lon qilindi.

Qirg‘iz OAVlarining xabar berishicha, ishning barcha ishtirokchilari «Hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olish» moddasi bo‘yicha aybdor deb topildi. Jami 8 kishiga «mol-mulkini musodara qilgan holda 4 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi» tayinlandi.

Hukm yakunida – tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi uch yillik probatsiya nazoratiga almashtirilishi ma’lum qilindi. Shu sababli sudlangan shaxslar, jumladan, Tashiyev ham jazoni koloniyada o‘tamaydi.

Probatsiya bu — mahkumlarning qamalmasligi, balki sud belgilagan muddat davomida probatsiya organlari nazorati ostida bo‘lishini anglatadi.

Ish bo‘yicha sudlanganlar orasida Tashiyevdan tashqari Qirg‘iziston parlamentining sobiq spikeri, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, sobiq deputat va boshqa amaldorlar bor.

Fevral oyidan beri hibsda ushlab turilgan besh nafar sudlanuvchi sud zalidan ozod qilindi. Shu bilan birga, sud barcha ayblanuvchilarni «mansab mavqeyini suiiste’mol qilish» moddasi bo‘yicha oqladi.

Sudlanuvchilarning aksariyati, xususan, Tashiyevning advokati Ikromidin Aytkulov hukmdan norozi ekanini va yuqori instansiyaga shikoyat qilishini bildirdi.

Xominaiyning dafn marosimi

Eronning hukmron elitasi marhum Oyatulloh Ali Xominaiy uchun 6 kunlik ommaviy dafn marosimlariga tayyorlanmoqda.

Eron oliy rahbari urushning dastlabki hujumida AQSh va Isroil zarbalari oqibatida halok bo‘lgandi. Dafn marosimlari dam olish kunlari Tehronda boshlanadi. Kelasi hafta esa Qum va Mashhadda ommaviy yurishlar, shuningdek, Iroqda xotira marosimlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Xominaiy — payshanba kungi yurishdan keyin, Mashhadda, Eronda chuqur e’tiqod qilinadigan shaxs — Imom Rizo maqbarasi yaqinida dafn qilinadi.

Rasmiylar va xorijiy oliy martabali mehmonlar, jumladan, Rossiya va Xitoy vakillari kelasi haftadagi tadbirlarda ta’ziya izhor etish uchun keladi. Shuningdek, xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda. Shu kunlarda Tehron va boshqa shaharlar uzra havo hududiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etiladi.

Xominaiyning o‘limi Islom Respublikasining 47 yillik tarixidagi tub burilish davri hisoblanadi. Otasining o‘limiga sabab bo‘lgan zarbada og‘ir yaralangan va uning o‘rnini egallagan Mujtaba urush boshlanganidan beri biror marta ko‘rinish bermadi.

Ushbu marosimlar xalq va yetakchilar birdamligining ramzi sifatida ham talqin qilinmoqda. Biroq tahlilchilar fikriga ko‘ra, birdamlik va sadoqat pardasi ortida Islom Respublikasining xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi zaiflashgan.

Albaniyada namoyishlar kuchaymoqda

Albaniyada AQSh prezidenti Donald Trampning oilasi bilan bog‘liq qurilishlarga qarshi namoyishlar yana avj olmoqda. Politsiya payshanba kuni o‘tkazilgan namoyishlarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv zambaraklaridan foydalandi.

O‘rta Yer dengizi bo‘yidagi ekologik muhofaza qilinadigan Zvernes hududida Trampning kuyovi Jared Kushnerga aloqador kompaniya katta kurort qurmoqchi. Unga qarshi mahalliy aholi deyarli har kuni o‘tkazayotgan namoyishlar «Flamingo inqilobi» nomini olgan.

Politsiyaning ma’lum qilishicha, payshanba kuni keskinlashuvda kamida 18 kishi qo‘lga olingan. Parlament binosi tashqarisida ba’zi namoyishchilar tuxum, tosh va boshqa narsalarni otishi oqibatida 12 nafar politsiya xodimi jarohatlangan.

Namoyishchilar hukumatni ularning xavotirlariga quloq solmayotganlikda ayblamoqda.

Mahalliy aholi orasida «Kushner oroli» deb nom olgan Sazan oroli kurort loyihasi ilk bor 2024 yilda taqdim etilgan edi. Biroq norozilik namoyishlarining to‘lqini shu yili, plyajda tikanli sim to‘siqlar va buldozerlar paydo bo‘lganidan keyin boshlandi.

Namoyishchilar dastlab kurortning ehtimoliy ekologik zararlariga e’tibor qaratishgandi. Keyinroq noroziliklar korrupsiyaga qarshi kurashda yetarli chora ko‘rmayotgan bosh vazir Edi Rama hukumatiga qarshi kengroq harakatga aylanib ketdi.

Hukumat esa kurort lyuks turizm sektori uchun katta foyda keltirishini ta’kidlamoqda va davom etayotgan namoyishlarni qoralamoqda.

Damashqda portlash

Payshanba kuni Damashq markazidagi qahvaxonalardan birida bomba portlashi oqibatida to‘qqiz kishi halok bo‘ldi va yana 20 kishi jarohatlandi.

Suriya davlat OAVlari qurilma markazdagi Adliya saroyi yaqinida joylashgan qahvaxonaga o‘rnatilganini ma’lum qildi. Dastlabki tergov natijalari portlash – og‘irligi taxminan bir kilogramm bo‘lgan, qo‘lbola usulda yasalgan portlovchi qurilma tufayli sodir bo‘lganini ko‘rsatgan. Bu esa voqea joyida og‘ir jarohatlar va jiddiy vayrongarchiliklarga olib kelgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda qahvaxona polidagi qon izlari va yarador odamlarni ko‘rish mumkin.

Ushbu hujum 2024 yil oxirida diktator Asadni ag‘darib hokimiyatni qo‘lga kiritgan prezident Ahmad ash-Shar’a hukumatiga navbatdagi xavfsizlik tahdidini tug‘dirmoqda. O‘shandan beri Damashqda bir nechta xavfsizlik bilan bog‘liq hodisalar sodir bo‘ldi.

Payshanba kungi portlash uchun hech bir guruh javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan. Ammo rasmiylar so‘zlariga ko‘ra, IShID xavfsizlik bo‘shlig‘idan foydalanishga urinmoqda.

Ushbu jangari guruh joriy yil boshida Shar’a hukumatiga qarshi operatsiyalarning yangi bosqichi boshlanganini e’lon qilgandi. Hozirda terrorchi guruh ancha zaiflashgan. Biroq u hali ham partizanlik uslubidagi halokatli hujumlarni amalga oshirishga qodir deb hisoblanmoqda.

Shar’aning boshqa muxoliflari qatoriga Asad davridagi zobitlar va askarlar ham kiradi.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid