Jahon | 14:52
2164
8 daqiqa o‘qiladi

Dohada yakunlangan muzokaralar va Kiyev bo‘ylab ommaviy hujum – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh—Eron muzokaralari

Chorshanba kuni Eron va AQSh bilvosita muzokaralarning navbatdagi raundini yakunladi. Biroq tomonlar o‘rtasida mustahkam tinchlik sari biror bir siljish bo‘lganidan darak yo‘q.

Har ikki mamlakat vakillari Dohada ikki kun davomida Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi dengiz qatnovi va Eronning muzlatilgan mablag‘larini ochish masalalarini muhokama qilgan. Bu ikki masala dastlabki kelishuvning eng muhim bandlaridan hisoblanadi.

Reutersʼning Erondagi manbalariga ko‘ra, Tehron hatto kuch ishlatish evaziga bo‘lsa ham Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan o‘z nazoratini xalqaro miqyosda tan oldirishga qaror qilgan. Shuningdek, Eron dastlabki kelishuvda belgilangan bojsiz davr tugagach, avgust o‘rtalaridan boshlab kemalar qatnovidan boj undira boshlashini bir necha bor ta’kidlagan.

Navbatdagi uchrashuv Eronning marhum Oliy rahbari Ali Xominaiyni dafn etish marosimlaridan keyin bo‘ladi. U 9 iyul kuni dafn etilishi rejalashtirilgan.

Vashingtonda esa AQSh prezidenti Donald Tramp ikki tomon Eron yadro dasturiga qo‘yilishi mumkin bo‘lgan cheklovlar borasida progressga erishayotganini aytdi: «Eronni yadrosizlantirish jarayoni yaxshi ketmoqda. Ular juda yaxshi uchrashuvlar o‘tkazishdi, buyog‘ini ko‘ramiz», dedi u jurnalistlarga.

Biroq Reuters manbalariga ko‘ra, texnik xarakterga ega bo‘lgan ushbu muzokaralarda yadro dasturi umuman tilga olinmagan. Oq uy tomonidan yuborilgan Trampning kuyovi Jared Kushner va maxsus vakil Stiv Uitkoff ushbu yig‘ilishlarda qatnashmagan.

Tomonlarning hech biri mavjud kelishmovchiliklarni bartaraf etishga muvaffaq bo‘lingani yoki yo‘qligi haqida gapirmadi.

Qatar tashqi ishlar vazirligi esa ushbu muhokamalar — «iyun oyidagi memorandum bilan bog‘liq masalalarda ʼijobiy siljishʼ bergani»ni ma’lum qildi.

Rossiya—Ukraina urushi

Rossiya kuchlari payshanbaga o‘tar kechasi Ukraina poytaxti Kiyevga hujum uyushtirdi. Dronlar va raketalar turar joy binolariga zarba berishi oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘ldi, ellikdan ortiq kishi jarohatlandi.

Poytaxt harbiy administratsiyasi rahbari Timur Tkachenko hujumlar oqibatida shahar bo‘ylab 36 ga yaqin obektga zarar yetganini bildirdi. U qo‘shimcha tafsilotlarni ochiqlamadi.

Kiyev meri Vitaliy Klichkoning alohida yozishicha, yana 34 kishi jarohatlangan. To‘g‘ridan to‘g‘ri zarba oqibatida ko‘p qavatli uyning oltinchi qavatigacha bo‘lgan qismi qulab tushgan.

Internetda joylashtirilgan suratlarda markaziy ko‘chadagi binoda nazoratsiz yong‘in sodir bo‘layotgani, shaharning boshqa joylarida esa derazalar sinib ketgani va avtomobillar yakson bo‘lgani aks etgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevda bir nechta portlash tovushlari eshitilgan.

Rossiya ham Ukraina hujumlari haqida xabar berdi. Xususan, mudofaa vazirligi payshanba tongiga qadar Ukrainaning 327 droni urib tushirilganini ma’lum qildi.

Rossiyaning Belgorod viloyatida esa dron turar joy binosiga urilishi oqibatida bir erkak halok bo‘lgan. Uning rafiqasi jarohatlandi.

Ukraina so‘nggi paytlarda Rossiya hududi ichkarisiga zarbalarni kuchaytirmoqda. Bu dunyodagi uchinchi yirik neft ishlab chiqaruvchi davlatda keng ko‘lamli yoqilg‘i inqirozini keltirib chiqardi.

Venesuelada zilzila qurbonlari ortmoqda

Venesuelada sodir bo‘lgan ikkita zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 2295 kishiga yetdi. Bundan tashqari, ayni paytda 11 267 nafar inson jarohatlangan va qariyb 13 ming kishi boshpanasiz qolgan.

BMT qariyb 50 ming kishini bedarak yo‘qolgan deb hisoblamoqda. Rasmiylarga ko‘ra, ulardan 30 mingga yaqini eng ko‘p jabr ko‘rgan La-Guayra shahrining port zonasida bo‘lgan.

Qutqaruvchilar u yerda vayronalar ostidan qariyb 6,5 ming kishini qutqarib olgan. Ammo omon qolganlar soni 20 ming kishiga yetishi mumkin, chunki ko‘pchilik mustaqil ravishda yoki yaqinlarining yordami bilan chiqib olishga muvaffaq bo‘lgani aytilmoqda.

Shuningdek, 1 iyul kuni iordaniyalik qutqaruvchilar 3 yoshli bolani vayronalar orasidan tirik holda olib chiqdi. Bolakay zilziladan 6 kun o‘tib tirik qolishi haqiqiy mo‘jiza o‘laroq kutib olindi va qutqaruv ishlarini davom ettirishda umid uyg‘otdi.

Shuningdek, kecha Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges milliy yetti kunlik motam e’lon qildi. «Vayronkor zilzilalar keltirib chiqargan insoniy qurbonlar tufayli Venesuela qalbi qayg‘udan ezilmoqda», deb yozdi Rodriges.

24 iyun kuni Venesuela shimolida 39 soniya farq bilan 7,2 va 7,5 magnitudali ikkita zilzila sodir bo‘ldi — bu mamlakatda oxirgi 125 yildagi eng kuchli yer silkinishlaridir. Ulardan keyin o‘nlab aftershoklar kuzatildi. Oqibatda minglab uylar qulab tushdi.

Burkina Fasoda qurolli hujum

Burkina Faso armiyasi 30 iyun kuni qurolli guruhlarning muvofiqlashtirilgan hujumlarini qaytarganini ma’lum qildi. Armiya havo zarbalari bilan qo‘llab-quvvatlangan qarshi hujumlar davomida 400 dan ortiq hujumchini yo‘q qilgan.

Bayonotda aytilishicha, hujumlar Sirba va Liptako viloyatlaridagi aholi punktlarida joylashgan harbiy pozitsiyalarga qaratilgan.

Armiya janglar paytida o‘zining uch nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Shuningdek, qo‘shinlar aholini xavfsizlik kuchlari bilan faol hamkorlik qilishga va shubhali shaxslar haqida zudlik bilan xabar berishga chaqirdi.

Afrika g‘arbida joylashgan ushbu davlat bir necha kun oldin Fransiya bilan diplomatik munosabatlarni uzishga qaror qilgandi. Bayonotda muvofiqlashtirilgan hujumlar aynan ushbu qaror bilan bog‘langan. Armiya bayonotida Fransiya ushbu qurolli guruhlarni qo‘llab-quvvatlayotgani da’vo qilinadi, lekin dalil keltirilmagan.

Meksikada muxlislar fojiasi

Meksikada milliy jamoaning Jahon chempionatidagi g‘alabasidan keyingi tantanalar paytida to‘rt kishi halok bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash organlarining bildirishicha, qurbonlardan uch nafari — ikki ayol va bir erkak havo yetishmovchiligidan bo‘g‘ilish oqibatida vafot etgan. Yana bir qurbon esa tutqanoq xuruji sababli shifoxonaga yuborilgan 30 yoshli erkak bo‘lgan.

Poytaxt Mexiko meri Klara Brugada qurbonlarning oila a’zolariga ta’ziya bildirdi va uning administratsiyasi surishtiruv ishlarida to‘liq yordam berishini va’da qildi.

Hukumatning ma’lum qilishicha, Meksika Ekvador ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozongan o‘yindan so‘ng 1,4 milliongacha odam ko‘chalarga chiqqan. Muxlislarning mutlaq ko‘pchiligi shaharning markaziy xiyobonida to‘planib qolgan.

Katta tiqilinchda qurbonlardan tashqari 1615 kishiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan, o‘nlab odamlar shifoxonaga yuborilgan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid