Kun.uz'ga kelib tushgan murojaatlarga ko‘ra, shu kunlarda hududlardagi issiqxona egalarining aksariyati gazdan uzilishi haqida kamida ogohlantirilgan, ba’zisi esa gazdan uzilib, ko‘z tikkan hosilidan mahrum bo‘lib ulgurdi.
Masalan, 12-13 dekabr kunlari gaz berilmagani sababli Buxoro tumanidagi “Dilbek Davlat” MChJga tegishli 1,5 gektar issiqxonada ekilgan 80 tonna pomidorlarni sovuq urgan. “Sabab” – tadbirkor tabiiy gazga 100 foiz oldindan to‘lov qilishga ulgurmagani.
Boshqa bir issiqxona – Romitan tumanidagi “Dirilling elektroservis” MChJga qarashli issiqxona egasining gazdan 124 mln so‘m qarzi bo‘lib, 100 millionini to‘lagan. Tadbirkor qolgan 24 mln so‘mni to‘lash uchun muddat so‘ragan. Uning iltimosi inobatga olinmagan va issiqxona tabiiy gazdan uzilgan. Natijada, 80 tonnaga yaqin pomidor nobud bo‘lgan.

Savol: bu yerda kim foyda ko‘rdi-yu, kim zarar ko‘rdi? Mahsulot shu holga kelishi uchun katta mablag‘ sarflangan, u nobud bo‘lgani kimga zarar?
Tadbirkor qarzdorligining katta qismini to‘layapti va qolganiga muhlat so‘rayapti. U qochib ketolmaydi, baribir qarzni to‘laydi. Uni to‘lash uchun manbasi bor – issiqxonasida mahsulot yetilyapti. Aksariyat issiqxona egalari mahsulotini qishning sovuq kunlarida, xususan yangi yil arafasida bozorga olib chiqishni maqsad qiladi.
Tadbirkor 24 mln so‘m qarzi uchun gazdan uzildi va mas’ullar ishtirokida tuzilgan dalolatnomaga ko‘ra, uning 60 tonna pomidori nobud bo‘ldi. Unga imkoniyat berilmadi. Endi 60 tonna pomidorni pulga chaqib ko‘ramiz. Bozorda o‘rtacha pomidor narxi 20 ming so‘mdan kam emasligini hisobga olsak, issiqxona egasi 1 milliard 200 million so‘mdan ortiq zarar ko‘rdi. Xalq dasturxoniga borishi mumkin bo‘lgan shuncha mahsulot yakson bo‘ldi. Bu kamida vaziyatni tushunmaslik, oddiy tahlilni-da qilolmaslik, insofsizlarcha yondashish, deyiladi.
Meva-sabzavotchilar milliy assotsiatsiyasi rahbari Abdurahim Abduvaliyev biz bilan suhbatda aslida vaziyat bundan ham og‘irligini, zotan bir qator qarorlar va topshiriqlar amalda ijro etilmayotganini ma’lum qildi.

“2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, barcha issiqxonalar ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazilishi belgilangan. Lekin bu qaror bajarilishiga bir qancha to‘siqlar mavjudligi sababli prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 11 avgust kuni Buxoroda bo‘lgan yig‘ilishda: “Bundan buyon Energetika vazirligi, viloyat hokimlari va issiqxona xo‘jaliklari o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar tuzilishi belgilandi, bunda vazirlik viloyat hokimlari bilan birga


















