14 dekabr kuni Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senatning navbatdagi majlisi kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilgan qator qonunlar ko‘rib chiqilgan.
Ta’kidlanishicha, mamlakatda daraxtlarni asrash hamda yashil maydonlarni kengaytirish va saqlab qolish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilishiga qaramasdan, ularga ziyon yetkazish bilan bog‘liq holatlar ortib bormoqda. Sanoat, ishlab chiqarish, qurilish ko‘lamining jadal kengayishi aholi punktlariga tushayotgan salbiy ekologik bosimni kamaytirish mexanizmlarini yanada takomillashtirishni taqozo etayapti.
Shu sababli “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga hamda “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, daraxt, buta, boshqa o‘simlik va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, shikastlash, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish uchun belgilangan jarima miqdori besh barobarga oshirilyapti. Bunday huquqbuzarlik uchun jarima fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 50 baravaridan 75 baravarigacha ko‘paytirilmoqda. Ushbu huquqbuzarlik bir yil davomida takror sodir etilganda esa jarimani fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 75 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 75 baravaridan 100 baravarigacha oshirish yoki huquqbuzarga nisbatan o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olish jazo turini qo‘llash nazarda tutilmoqda.
Endilikda davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini g‘ayriqonuniy ravishda kesganlik, yo‘q qilganlik uchun yuridik shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravarigacha moliyaviy sanksiyalar qo‘llanadi. Qoidabuzarlik bilan kesilgan har bir daraxt o‘rniga qimmatligi jihatidan undan kam bo‘lmagan yuz tup daraxt ko‘chatini ekish va uch yil davomida parvarish qilish shartligi ko‘zda tutilmoqda.
Qo‘mita majlisida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining atmosfera havosini muhofaza qilish hamda hududlarni yashillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan faoliyat yuzasidan axboroti ham eshitilgan.

















