Jahon | 09:25 / 15.12.2023
4804
2 daqiqa o‘qiladi

De Kro: YeI Ukraina bilan muzokaralarni 18 dekabrda boshlaydi

Yevropa Ittifoqi Ukraina bilan a’zolik bo‘yicha muzokaralarni 18 dekabrda boshlashga tayyor. Ovoz berish jarayoniga aralashmagan Vengriya bosh vaziri Viktor Orban muzokaralarni boshlash qarorini yomon deb atadi.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi Ukraina bilan a’zolik bo‘yicha muzokaralarni 18 dekabr, dushanba kuni boshlaydi. Bu haqda 14 dekabr, payshanba kuni Yevropa kengashining Bryusseldagi yig‘ilishida Belgiya bosh vaziri Aleksandr De Kro ma’lum qildi.

Bir soat avval Yevropa Ittifoqi sammitida unga a’zo davlatlar rahbarlari Yevropa komissiyasining Kiyev bilan muzokaralarni boshlash tavsiyasini qabul qilgan edi. Ma’lumki, qaror qabul qilish chog‘ida Vengriya bosh vaziri Viktor Orban zalni tark etgan. «Hech qanday veto yo‘q edi, - dedi De Kro. - Demak, bu qaror 27 davlat uchun majburiydir. Bu o‘yin qoidalari, ularni hamma biladi». Belgiya bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, uning vengriyalik hamkasbi «qabul qilinayotgan qarorni juda yaxshi bilgan». Ushbu qaror hech bir a’zo tomonidan bloklanmaganligi sababli, u qonuniy hisoblanadi.

Keyin Orbanning o‘zi Facebook'da video joylashtirdi, unda u «yomon qaror»da ishtirok etishni istamagani uchun ovoz berishda betaraf qolganini aytdi.

«Agar siz qaror qabul qilgan bo‘lsangiz va ushbu xonada 27 davlat qilgan qarorga rozi bo‘lsangiz, keyinchalik: «Men bu borada boshqacha fikrdaman» demasligingiz kerak. Yoki qarorda ishtirok etsangiz va unga rozi bo‘lsangiz, so‘ng og‘izni yumish kerak», - dedi De Kro va qo‘shimcha qildi: «Men buni aytmasligim kerak edi».

Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlari Ukrainaga 50 milliard yevro miqdoridagi makromoliyaviy yordamni kiritishni istagan Yevropa Ittifoqining uzoq muddatli budjeti mavzusini muhokama qilishda davom etmoqda. Sammit kamida 15 dekabr oqshomiga qadar davom etadi.

Mavzuga oid