O‘zbekiston | 14:31 / 15.12.2023
20799
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahri va beshta viloyatdagi gaz zapravkalarga kiritilgan qo‘shimcha cheklovlar yumshatildi

So‘nggi kunlarda bu hududlarda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarining yarmi vaqtincha yopilgandi.

Foto: Kun.uz

15 dekabrdan Toshkent shahri, Samarqand, Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi AGTKShlar faoliyatiga kiritilgan qo‘shimcha cheklovlar yumshatildi. Bu haqda «Hududgazta’minot» matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ular mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida ish faoliyatini davom ettiradi.

«Hududgazta’minot»  tomonidan hozirgi vaqtda tabiiy gazni teng taqsimlash va iste’molchilarga bir maromda yetkazib berish bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘rilayotgani ma’lum qilingan.

«Tabiiy gaz to‘liq hajmda yetkazib berilyapti, yetishmovchilik kuzatilmayapti. Ammo ayrim joylarda iste’mol ortgani sababli gaz bosimi pasayishi kuzatilmoqda va iste’molchilar tomonidan murojaatlar kelib tushmoqda.

Muammolar kuzatilgan joylarda gaz ta’minotini yaxshilash borasida soha mutaxassislari tomonidan barcha kerakli ishlar davom ettirilmoqda. 2023 yilning 14 dekabr kuni gaz ta’minoti tashkilotlari tomonidan aholi va ulgurji iste’molchilarga 110,8 million kub metr tabiiy gaz yetkazib berildi. Bundan tashqari, suyultirilgan gaz iste’molchilariga 2193 tonna yoqilg‘i yetkazilgan», deyiladi xabarda.

  • Dekabrda sovuq tushishi bilan O‘zbekistonning turli hududlarida metan zapravkalar faoliyati cheklangan va shoxobchalar soat 8:00 dan 17:00 gacha ishlay boshlagandi.
  • 8 dekabr kuni Energetika vazirligi havo sovishi munosabati bilan butun respublika bo‘ylab metan shoxobchalar soat 6:00 dan 15:00 gacha ishlashga o‘tgani haqida xabar berdi.
  • 12 dekabrda ham AGTKShlar ish vaqtiga o‘zgartirishlar kiritilib, soat 06:00 dan 12:00 gacha etib belgilangani ma’lum qilindi.
  • 13 dekabr kuni esa aholi iste’molchilarida uzilishlarning oldini olish maqsadida Toshkent shahri, Samarqand, Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi AGTKShlarning faoliyatiga qo‘shimcha cheklovlar kiritilgan va ularning yarmining faoliyati vaqtincha to‘xtatilgandi. «Hududgazta’minot» hozirgi vaqtda belgilangan grafik bo‘yicha 1179 tadan 547 AGTKSh ishlayotganini ma’lum qilgandi
 

Mavzuga oid