2 fevraldan boshlab O‘zbekistonning qator hududlaridagi metan zapravkalar soat 10:00 dan 16:00 gacha faoliyat yuritadi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi.
Farg‘ona vodiysida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarining (metan zapravkalar) ish vaqti hokimliklar bilan kelishilgan holda, gaz bosimidan kelib chiqib belgilanadi.
«Ijtimoiy soha obektlariga xizmat ko‘rsatuvchi maxsus texnika va jamoat transportlari uchun gaz ta’minoti cheklovlarsiz, barqaror tarzda ta’minlanadi», – deyiladi xabarda.
Cheklovlar yumshatilishi amalda kunlar isiyotgan vaqtga to‘g‘ri kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, energetika vazirligi havo harorati pasayishi munosabati bilan 20 yanvardan respublikada metan zapravkalari faoliyatiga cheklov kiritgandi. Ya’ni, amalda bunday yoqilg‘i quyish shoxobchalari yopilgandi. Natijada hududlarda jamoat transporti faoliyatida muammolar yuzaga kelgandi.











