Jahon | 21:46 / 19.12.2023
12849
11 daqiqa o‘qiladi

Qizil dengiz koalitsiyasi, Trampning rejalari, Yevropaning yangi sanksiyalari - kun dayjesti

So‘nggi bir kunda jahonda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar, yangiliklarning kundalik sharhi bilan odatdagidek kun dayjestida tanishtiramiz. 

G‘AZODAGI VAZIYaT

G‘azo sektorida ta’lim tizimi butkul ishdan chiqqani xabar qilinmoqda. O‘quvchilar va o‘qituvchilar qochqinlarga aylanishgan. Maktablarning 70 foizi vayrona holatga keltirilgan. G‘azodagi maktablarda ta’lim jarayoni tiklanishi uchun ko‘p oylar talab qilinadi.

G‘azo sektorida qurbon bo‘lganlar soni 19 ming 453 nafarga yetgan. Birgina so‘nggi uch kun ichida G‘azoda 653 kishi Isroil hujumlaridan halok bo‘lgan, deyiladi G‘azo sog‘liqni saqlash vaziri Ashraf al-Qudratning yozma bayonotida.

74 kundan buyon davom etayotgan xunrezlik davomida 8 mingdan ortiq bolalar, 6 ming 200 nafar ayollar o‘ldirilgan. Yarador bo‘lganlar soni 52 ming nafardan ortgan.

So‘nggi hujumlardan birida G‘azoning janubidagi rafah shahrida 25 kishi o‘ldirilgan.

Isroil 7 oktyabrdan buyon qamal holatida qolayotgan G‘azoga umumiy og‘irligi 53 tonna bo‘lgan bombalar yog‘dirgan, 52 mingdan ziyod turarjoylarni vayron qilgan. 

QIZIL DeNGIZDAGI KOALITsIYa

Pentagon husiylarning savdo kemalariga hujumlari fonida Qizil dengizda ko‘pmillatli harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi.

AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostinga ko‘ra, 10 davlatdan iborat koalitsiyaning «Farovonlik soqchilari» operatsiyasi yamanlik husiylarning Qizil dengizdagi «mulohazasiz hujumlari»ga javob beradi.

Ostinning ma’lum qilishicha, AQSh boshchilik koalitsiyaga Buyuk Britaniya, Italiya, Bahrayn, Kanada, Fransiya, Niderlandiya va Norvegiya a’zo bo‘lgan. «Farovonlik soqchilari» operatsiyasida Qizil dengizning janubidagi Adan qo‘ltig‘ida kema qatnovlari muhofazaga olinadi.

Misr aksilyaman koalitsiyalarida ishtirok etmaydi. Pars tudey ma’lumotlariga ko‘ra, Misr, Eron va Yaman o‘rtasida Qizil dengizda xavfsizlikni ta’minlash borasida doimiy aloqa bor va bu mamlakat yamanlik qarshilik kuchlariga qarshi biror koalitsiyada ishtirok etish niyatida emas.

Bloomberg nashri esa Saudiya Arabistoni Yaman muammosini hal qilishda AQSh bilan hamkorlik qilishni istamayotganini xabar qilgan. 

ISROILGA KO‘MAK RAD ETILDI

Iordaniya isroilga quruqlikdan logistik yo‘lakda qatnashayotganini rad etdi.

Avvalroq Isroil OAVlari yaman husiylari Suvaysh kanali orqali yo‘l qamal qilingach, Isroil o‘z yuklarini BAA, Saudiya Arabistoni va Iordaniya orqali tashiyotganini xabar qilib chiqqan edi.

Iordaniya transport, sanoat va savdo vazirligi mamlakat hududida bunday yo‘lak ishga tushirilganini rad etib chiqdi. Vazirlik bayonotiga ko‘ra, Dubay portlaridan Isroilga Iordaniya orqali yuk tashilayotgani «g‘irt yolg‘on». 

UKRAINAGA YoRDAM

AQSh dekabr oyi oxirlarida Ukrainaga yangi yordam paketini e’lon qiladi. Pentagon nazoratchisining aytishicha, Ukrainaga qurol-yarog‘ va harbiy texnika borasida yordam uchun so‘nggi 1,07 mlrd dollar pul qolgan. Bu berilgan yordamning so‘nggisi bo‘ladi. Hozircha Ukrainaga 61 mlrd dollar yordam ajratish masalasi noma’lumligicha qolmoqda.

Bu orada Germaniyaning Rheinmetall qurol-yarog‘ konserni Ukraina qurolli kuchlarida o‘n minglab turli snaryadlar yetkazib beradiishi to‘g‘risida xabarlar tarqadi.

Kelishuv 2029 yilgacha tuzilgan va 1,2 mlrd yevro qiymatga ega. 2025 yildan yetkazish boshlanadigan buyurtmaga ko‘ra bir necha yuz ming snaryadlar, portlovchi qurollar va nishonga oluvchi zaryadlar yetkazib beriladi.

Yevropa yetakchilari esa Ukrainaga yangi moliyaviy yordamni muhokama qilish uchun 2024 yilning 1 fevralida Bryusselda maxsus sammitga to‘planishadi, degan Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel. Sammitning asosiy masalasi Ukrainaga Vengriya bloklayotgan 50 mlrd yevroni ajratish haqida bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Vengriya bosh vaziri o‘tgan haftada o‘tgan sammitda Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlatlar yetakchilari orasida yakka o‘zi Kiyevga yordam ajratilishiga qarshi chiqdi. Endi qolgan 26 davlat yetakchilari Orbanga yalinishdan tahdid qilishga o‘tishmoqchi va bunday xatti harakat bilan yakkalanib qolishi mumkinligini ko‘rsatib qo‘yishmoqchi.

Yevropa Ittifoqi to‘g‘risidagi shartnomaning 7-bandida bunday qaysarlik uchun jazo ham nazarda tutilgan. Bu moddada Yevropa Ittifoqi qadriyatlarini tasdiqlash mexanizmi, jumladan huquq ustuvorligi bayon etilgan. Unga ko‘ra umumiy masalalar bo‘yicha davlatning ovoz berish huquqi to‘xtatib qo‘yilishi mumkin.

Avvalroq Yevropa Ittifoqi sud tizimi mustaqilligini cheklagani uchun Vengriyani jazolab, umumiy budjetdan 30 mlrd yevro ajratilishini muzlatib qo‘ygan edi. O‘tgan haftadagi sammitda Orban Ukrainaning Yevroittifoqqa a’zo bo‘lish borasida muzokaralarga kirishishga to‘sqinlik qilmasligi uchun bu pullardan 10,2 mlrd yevrosi berilgan edi. Biroq Orban baribir 50 mlrd yevrolik yordam ajratilishiga veto qo‘ydi. 

YeVROPA SANKsIYaLARINING 12-PAKeTI

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 12-paketini to‘liq tasdiqlab bo‘ldi. U yangi yilgacha kuchga kiradi.

Sanksiyadagi asosiy jihat Rossiyada ishlab chiqarilgan nosanoat olmoslar importiga qo‘yilgan taqiq anchadan buyon ma’lum edi. Paketda yana qanday choralar qo‘llanilgan?

Reeksportga taqiq. Yevropa kompaniyalari endi harbiy mahsulotlar va qo‘sh maqsadlarda foydalaniladigan tovarlar savdosi bo‘yicha shartnoma imzolayotganda Rossiyaga reeksport qilishni taqiqlash to‘g‘risida band qo‘shishga majbur.

Neft narxi chegarasi. Yevropa kompaniyalari tankerlarni uchinchi davlatga sotayotganida Rossiya o‘zining xufyona neft flotini to‘ldirmasligi uchun hokimiyat organlarini xabardor qilishga majbur. Rossiya nefti uchun chegaralangan narx barreliga 60 dollar miqdorida qoldirilgan.

Boshqa taqiqlar. Yevropa Ittifoqiga endi Rossiyada ishlab chiqarilgan cho‘yan, folga, metal quvurlar, mis va alyuminiy simlar olib kirish taqiqlanadi. Bir yil davomida suyultirilgan tabiiy gazga ham to‘liq taqiq joriy etiladi.

Personal sanksiyalar. Yevroittifoq bir necha yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan personal sanksiyalar ham e’lon qilgan. Ular orasida Dmitriy Medvedevning o‘g‘li Ilya Medvedev ham bor. 

ROSSIYaNING GAZ DAROMADLARI QISQARMOQDA

2023-yilning yanvar–noyabr oyilarida Rossiya gaz eksporti tushumi uch barobarga kamaygan.

RF Federal bojxona xizmati rahbari v.b. Ruslan Davidovning aytishicha, qiymat hajmida gaz yetkazib berish o‘tgan yilga nisbatan 69 foizga, moddiy hajmda 34 foizga qisqargan.

Yevropa embargosi va «yuqori narx chegarasi»ga rioya qilish borasidagi sanksiyalarga qaramasdan neft eksporti moddiy hajmda 7 foizga o‘sgan.

2023 yilning 30 iyunida yakunlangan hisobot yilida «Gazprom» trillion rubl sof ziyon ko‘rgan. Birinchi yarim yillikda «Gazprom»ning qazib olish hajmi 25 foizga qisqargan — bu Rossiya gaz sanoati tarixi uchun rekord.

2025 yilga kelib Rossiya gaz monopolisti soliq yuklamasi oo‘ishi, tushum kamayishi va gazlashtirish dasturini moliyalashtirish ortidan yana trillion rubl yo‘qotadi Bu haqda Rossiya Davlat dumasi energetika qo‘mitasi raisi Pavel Zavalniy noyabr oyida ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, eksport «bo‘lmaydi», xarajatlar esa «o‘sha-o‘sha». 

ERDO‘G‘AN VeNGRIYaDA

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an rasmiy tashrif bilan Vengriyaga bordi. Tashrif doirasida Erdo‘g‘an Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanga Turkiyada ishlab chiqarilgan TOGG elektromobilini sovg‘a qildi.

Erdo‘g‘an avval bunday avtomobilni Ozarboyjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkmaniston, BAA prezidentlari, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Qatar amiriga ham sovg‘a qilgandi.

Orban esa, o‘z navbatida, Mezexedyyesh yilqichilik zavodida yetishtirilgan, Aristokrat laqabli nonius zotli otni Erdo‘g‘anga sovg‘a qilgan. 

TRAMPNING VA’DALARI

Donald Tramp agar prezident bo‘lib saylansa «Deportatsiya qilish bo‘yicha Amerika tarixidagi eng yirik operatsiya»ni amalga oshirishni va’da qildi. Siyosatchi 2024 yilda prezidentlik lavozimiga qayta saylansa migratsion qonunchilikni qat’iylashtirishni vaxda qilmoqda.

Reuters agar Tramp saylovda g‘olib chiqadigan bo‘lsa yana nimalarni amalga oshirishini prognoz qilib chiqdi. Unga ko‘ra:

AQSh kuchishlatar blokida kadrlar tozalanuvi, Pentagon, davlat departamenti va Markaziy razvedka boshqarmasida o‘zgarishlar qilinadi.

Yevropaga mudofaa yordamini qisqartiriladi. Agar NATO davlatlari o‘z yalpi ichki mahsulotining 2 foizini mudofaa va alyansga sarflamasa ularga savdo tariflari joriy etiladi.

Ukrainani moliyalashtirishni to‘xtatiladi. Xitoy bilan savdo-sotiqni qisqartiriladi.

Meksikadagi narkokratellarini tozalash uchun AQSh maxsus kuchlarini Meksika hududiga kiritish bo‘yicha muzokaralar olib boriladi. 

SISIY YaNA SAYLANDI

69 yoshli Abdulfattoh as-Sisiy uchinchi muddatga Misr prezidenti etib saylandi. U mamlakatda o‘tgan prezidentlik saylovlarida 89,6 foiz fovoz to‘plagan. Endi u 2030 yilgacha mamlakatni boshqaradi.

Abdulfattoh as-Sisiy harbiy davlat to‘ntarishi ortidan, demokratik saylangan prezident Muhammad Mursiyni lavozimidan ketkazib hokimiyat tepasiga kelgan. As-Sisiyning 10 yillik hukmronligi davrida Misr G‘azo sektorini janubdan qamal qilib kelmoqda.

As-Sisiy saylov natijalari e’lon qilingach, milliy televideniye orqali chiqish qilib, G‘azodagi urush Misr milliy xavfsizligiga tahdid ekani, «bu urushni to‘xtatish uchun barcha kuchlar safarbar etilishi kerak»ligini ta’kidlagan. 

PUTIN HUJJAT TOPShIRDI

Vladimir Putin Mirkaziy saylov komissiyasiga 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashish uchun hujjat topshirgan ilk odam bo‘ldi. Agar Putin saylovlarda g‘olib chiqsa (albatta, bu shubxasiz) u ham Sisiy singari 2030 yilgacha mamlakatni boshqaradi. 

HAMMASIGA XOTINLAR AYBDOR

Indoneziya adliya vaziri Muhammad Mahfud korrupsiyada mansabdorlarning xotinlari aybdorligini ta’kidladi. Vazirning aytishicha, yuqori lavozimda o‘tirgan mansabdorlarning xotinlari dabdabal hayot kechirish va shu sababli korrupsion xatti-harakatlarga qo‘l urishlari uchun erlariga bosim o‘tkazishar ekan. Qiziq, bizda ham shundaymikan?

Mavzuga oid