Transparency International xalqaro inson huquqlari taşkilotining çet elda işlayotgan Rossiya bölimi ma’lumotlariga köra, sönggi 10 yil içida Rossiyadan Buyuk Britaniyaga eksport qiliş orqali katta miqyosda mablağlarni noqonuniy olib çiqib ketiş kuzatilmoqda. 18 dekabr, duşanba kuni «Transperensi Interneşnl - Rossiya» tomonidan e’lon qilingan hisobotda aytilişiça, 2013-2022 yillar oraliğida Rossiyada jami pul yuvişning qariyb 10 foizi Britaniya firmalari bilan savdo orqali sodir bölgan. 

Örganiş davomida huquq himoyaçilari Rossiya sudlarining noqonuniy valuta operatsiyalari, jumladan, qalbaki hujjatlar yordamida amalga oşirilgan işlar haqidagi moddalar böyiça qarorlarini tahlil qildi. Bunday operatsiyalar yordamida 10 yil davomida Buyuk Britaniyada röyxatdan ötgan kompaniyalar orqali Rossiyadan kamida 20 milliard rubl (150 million funt sterling) olib çiqilgan, bu noqonuniy olib ketilgan pullar umumiy hajmining taxminan 10 foiziga töğri keladi. 

Savdo orqali pul yuvişning köplab sxemalari 

Mutaxassislarning ta’kidlaşiça, pul mablağlarini savdo orqali noqonuniy olib çiqiş usuli (TBML, Trade-based money laundering) pul yuvişning faol qöllanadigan turi hisoblanadi. Hisobotda jinoiy daromadlarni legallaştirişning bir qança usullari, xususan, bir mahsulotni boşqa mahsulot niqobi ostida yetkazib beriş, bojxona deklaratsiyasida soxta qiymatlarni körsatiş, soxta yetkazib beriş va xizmatlar körsatiş holatlari qayd etilgan. Hammasi bölib, tadqiqot Rossiyadan Buyuk Britaniya orqali pul olib çiqiş böyiça ilgari noma’lum bölgan 20 ga yaqin holatni aniqladi. 

Huquq himoyaçilari tomonidan töplangan ma’lumotlar şuni körsatadiki, bunday bitimlar ingliz umumiy huquq tizimida röyxatdan ötgan va vositaçi sifatida faoliyat yurituvçi kompaniyalar orqali amalga oşiriladi. Uşbu firmalarning asosçilari Seyşel, Marşall, Britaniya Virjiniya orollari yoki Belizda röyxatdan ötgan soxta kompaniyalardir. Bu yakuniy benefitsiarlar töğrisidagi ma’lumotlarni yaşiriş imkonini beradi, deya ta’kidlanadi hisobotda. 

Ukraina uruşi boşlanganidan söng firmalar sanksiyalarni çetlab ötiş uçun foydalanilyapti 

Bundan taşqari, taşkilot Rossiyaning Ukrainaga qarşi uruşi va Rossiya Federatsiyasiga nisbatan misli körilmagan sanksiyalar joriy etilganidan söng, Britaniya vositaçi firmalari va ofşorlardagi soxta kompaniyalari Rossiyaga taqiqlangan ikki tomonlama maqsadli tovarlarni yetkazib beriş uçun foydalanilişi mumkinligini ta’kidladi.