O‘zbekiston | 21:50 / 22.12.2023
27400
8 daqiqa o‘qiladi

Prezident ma’naviyat va ma’rifat sohasida 9 ta yo‘nalishda muhim tashabbuslarni ilgari surdi 

Milliy g‘oyani rivojlantirish, ayollarning ta’lim olishi va kasb-hunar egallashiga e’tiborni kuchaytirish, ma’naviyat va ma’rifat maskanlari, madaniyat markazlarini ishga tushirish, teatr va kino san’atini rivojlantirish va boshqa tashabbuslar e’tiborga havola qilindi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Unda ma’naviyat va madaniyat faollari, adabiyot va san’at namoyandalari, shuningdek, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi vakillari, vazirlar va hokimlar ishtirok etdi. 

Davlat rahbari jahon miqyosida taraqqiyot sur’atlari shiddatli tus olgani, o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri mamlakatimizda ham sezilayotganini qayd etdi. 

«Tarixdan ma’lum, Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur», deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. 

Ma’rifatparvar bobolar g‘oyalarini o‘rganish va rivojlantirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilinishi belgilandi. Shuningdek, Buxorodagi tarixiy maskanda Jadidlar merosi davlat muzeyi ochiladi, «Jadid» nomli yangi gazeta tashkil etiladi. 

Prezident 9 ta yo‘nalishda o‘z fikrlarini bildirib, muhim tashabbuslarni ilgari surdi. 

Avvalo, ma’naviyat va madaniyat sohasi uchun metodik asos bo‘lib xizmat qiladigan milliy g‘oyani rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur-hujjat ishlab chiqish lozimligi ta’kidlandi. Ba’zi guruhlar orasida diniy qarashlarni Konstitutsiya va qonunlarimizga qarshi qo‘yish, dunyoviy qadriyatlarni harom deb bilish holatlari afsus bilan qayd etildi. Prezident bu o‘rinda Ibrat domlaning «Ulamo g‘ayrat etkanda millat, albatta, isloh topur», degan hikmatli so‘zlarini yodga oldi. Ziyolilar, nuroniylar, haj va umraga borib kelgan yurtdoshlarimiz ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lishi, odamlarni yaxshilikka boshlashi kerakligi aytildi. 

Ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor izchil davom ettiriladi. Bu borada ham tenglik ta’minlanishi, xususan, qiz bolalarning o‘qishi va kasb-hunar egallashi jamiyat rivojida muhim ekani alohida ta’kidlandi. 

Ikkinchidan, madaniy-ma’rifiy sohadagi ishlarda hokimlarning mas’uliyati oshiriladi. Tuman va shaharlarda Ma’naviyat va ma’rifat maskanlari ishga tushiriladi. Shu maqsadda, hududlardagi 4 ta sektorga qo‘shimcha ravishda ma’naviyat sektori tashkil etilishi ma’lum qilindi. Ular joylardagi Ma’naviyat va ma’rifat kengashlarining ishchi tuzilmasi sifatida faoliyat ko‘rsatadi. 

Uchinchidan, teatr san’atini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi. Unda eng yaxshi piyesalar uchun ijodiy buyurtma berish, ijodiy va yordamchi xodimlarning chet el teatrlarida mahoratini oshirish, yosh rejissyorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Mannon Uyg‘ur nomidagi mukofot ta’sis etish kabilar nazarda tutiladi. Korxona va muassasalarda oyning bir kuni «Teatr kuni» deb belgilanib, xodimlarning teatrlarga borishi yo‘lga qo‘yiladi. 

To‘rtinchidan, kelgusi yildan har bir tumanda sahnali zal, kutubxona, kinozal va to‘garak xonalari bo‘lgan bittadan madaniyat markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Joylardagi 600 dan ziyod badiiy havaskorlik jamoalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha dastur qabul qilinib, bunga 100 milliard so‘m yo‘naltiriladi. 

Beshinchidan, maqom va baxshichilik san’atini ilmiy asosda o‘rganish va rivojlantirish kuchaytiriladi. Maqom, katta ashula, baxshichilik, atlas va adras, kulolchilik va zargarlik kabi an’analarni davom ettiradigan maktablar yaratiladi. 

Oltinchidan, musiqa va raqs san’ati rivoji qo‘llab-quvvatlanadi. Jumladan, «Bahor» raqs ansambli ilgari Filarmoniya joylashgan mashhur san’at saroyida faoliyat yuritadi. Taniqli ashula va raqs ansambllarining xorijga gastrol safarlari ko‘paytiriladi. Musiqa va raqs san’ati masalalarini ilmiy o‘rganish, sohada ilmiy kadrlarni ko‘paytirish maqsadida ilmiy tadqiqotlar uchun grantlar joriy qilinadi. Shuningdek, Toshkent davlat sirki binosi ta’mirdan chiqariladi. 

Yettinchidan, xalqaro maydonda o‘zbek madaniy diplomatiyasi kengaytiriladi. Kelgusi yili Toshkentda jahon kreativ iqtisodiyotiga bag‘ishlangan konferensiya, Nukusda esa «Orol madaniyati» xalqaro ilmiy anjumani o‘tkaziladi. Muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yetti yillik dastur qabul qilinadi. Tarix muzeyi hamda San’at muzeyining yangi binolari barpo etiladi. Temuriylar tarixi hamda Tabiat muzeylarining ekspozitsiyasi yangilanadi. Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi kapital ta’mirlanadi. 

Bundan tashqari, muzeylarimizda, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazida Birinchi va Ikkinchi Renessans, davlatchilik tarixi va buyuk allomalar faoliyati bo‘yicha yangi ekspozitsiyalar tashkil qilinadi. Fransiya bilan hamkorlikda Milliy restavratsiya markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Muqaddas kitob – Usmon Qur’oni sahifalari konservatsiya qilinadi. 

Yurtimizning ko‘hna tarixiga bag‘ishlangan 18 ta arxeologiya yodgorligi ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantiriladi. Samarqandda Sohibqiron Amir Temur bog‘lari qayta tiklanadi, «Buyuk ipak yo‘li» muzeyi barpo etilib, Bibixonim majmuasi restavratsiya qilinadi. 

Sakkizinchidan, kino sohasi rivojlantiriladi. Bu borada «Tirik tarix» seriyasida Vatanimizning shonli o‘tmishiga bag‘ishlangan filmlar yaratish dasturi ishlab chiqiladi. Bunga xorijiy ijodkorlar, kinokompaniyalar hamda investorlar ham jalb etiladi. Shuningdek, bolalar uchun buyuk ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘li haqida ko‘p qismli animatsion filmlar yaratish zarurligi ta’kidlandi. 

Kinoni iqtisodiyot bilan uyg‘un rivojlantirish maqsadida Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlarida «erkin iqtisodiy kinohududlar» barpo etish vazifasi qo‘yildi. 

Milliy seriallar bo‘yicha mavjud tizimni tubdan isloh etish, ularni g‘oyaviy-badiiy va texnik jihatdan jozibali darajaga yetkazish zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun IT-park kabi erkin iqtisodiy zona – «Cinema park» tashkil qilish tashabbusi ilgari surildi. 

To‘qqizinchidan, tasviriy va amaliy san’at sohasini rivojlantirish bo‘yicha dastur qabul qilinadi. Jumladan, Markaziy ko‘rgazmalar zali rekonstruksiya qilinib, jihozlanadi. Badiiy fond hududida zamonaviy galereya binosi quriladi hamda 40 ta ijodiy ustaxonadan iborat Yosh rassomlar markazi tashkil etiladi. Xattotlik va miniatyura san’ati ta’limini amaliyot bilan bog‘lash maqsadida milliy usulda qog‘oz tayyorlash ustaxonasi tashkil etiladi. 

Boshqa tillarda ta’lim olgan hamyurtlarimizni davlat tilini o‘rganishga rag‘batlantirish choralari ko‘riladi. Boshqa tillarga ixtisoslashgan maktablarda davlat tilini o‘qitish soatlari ko‘paytiriladi. O‘zbek tili bo‘yicha xalqaro fan olimpiadasi tashkil etiladi. 

Jamiyatimizda kitobxonlik madaniyatini oshirish qo‘llab-quvvatlanadi. Ijodiy buyurtmalar, muallif va tarjimonlarga qalam haqi ko‘paytiriladi. Nashriyot va matbaa korxonalarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 5 yilga soliqlardan ozod qilinadi.

Prezident tarjima san’atining ahamiyatiga to‘xtalib, bunday mehnatni munosib rag‘batlantirish uchun Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish tashabbusini ilgari surdi. 

Internet adabiyotini rivojlantirish ham muhimligi ta’kidlanib, shu maqsadda adabiyot, kino, tarix, san’at, folklor namunalarini qamrab olgan «O‘zbek madaniyati» portalini yaratish vazifasi qo‘yildi. 

Mavzuga oid