O‘zbekiston | 22:42 / 28.12.2023
18013
2 daqiqa o‘qiladi

Bir qator oziq-ovqat mahsulotlari uchun bojsiz rejim bir yilga uzaytirildi

Baliq, go‘sht, un, yog‘, banan, sitrus mevalar, sut, qaymoq, sariyog‘, yogurt va boshqa qator oziq-ovqat mahsulotlarini import bojidan ozod qilish bo‘yicha imtiyozli davr prezident farmoni bilan 2024 yil oxirigacha uzaytirildi. Farmon narxlar barqarorligini saqlashga qaratilgan.

Foto: RIA Novosti

“Iste’mol bozorlarida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan, 2022 yil 31 maydagi PF-145-sonli farmonning 1-ilovasida hamda 2023 yil 23 martdagi PF-41-sonli farmonning ilovasida keltirilgan tovarlarga import bojxona bojining nol stavkasini qo‘llash muddati 2025 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi. Bungacha bu muddat 2024 yil 1 yanvargacha edi.

Bojsiz rejim amal qilayotgan tovarlar qatoriga baliq, go‘sht, un, o‘simlik yog‘i va boshqa yog‘lar, quyultirilgan sut, qaymoq, sariyog‘, yogurt, pishloq, tvorog, tuxum, banan, sitrus mevalar, yangi yoki quritilgan xurmo, yangi olma, nok, behi, choy, kofe, yormalar, xamirturush, qandolat mahsulotlari, murabbolar, makaron mahsulotlari va boshqalar kiradi.

Yangi farmonga ko‘ra, ular qatoriga 2024 yil 1 yanvardan 2025 yil 1 yanvargacha quyidagilar ham qo‘shiladi (O‘zbekistonga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanadi):

  • yangi so‘yilgan, sovutilgan yoki muzlatilgan uy parrandasi go‘shti va qo‘shimcha ozuqabop mahsulotlar (TIF TN kodi 0207);
  • kimyoviy tarkibi o‘zgartirilmagan holda tozalangan yoki tozalanmagan kungaboqar, maxsar yoki paxta moyi va ularning fraksiyalari (TIF TN kodi 1512).

Avvalroq Kun.uz suhbatlashgan iqtisodchilar bu imtiyozning muddati tugashi oziq-ovqatlar narxi oshishiga olib kelishi mumkinligi va imtiyozni muddatli emas, doimiy qilib belgilash zarurligini aytgandi.

Mavzuga oid