O‘zbekiston | 08:15 / 28.12.2023
6453
2 daqiqa o‘qiladi

Ota-ona o‘rniga ta’lim xarajatini qoplayotgan farzandlarga ham soliq imtiyozini qo‘llash taklif etildi

To‘lov qobiliyatiga ega bo‘lmagan ota-ona o‘rniga ta’lim xarajatlarini qoplayotgan farzandlarga ham soliq imtiyozini qo‘llash taklif qilinyapti. Ombudsman ta’lim xarajatlarini qoplayotgan boshqa farzandlar, ya’ni opa, singil, aka, ukasining o‘qishiga yordam berayotgan aka-uka va opa-singillarga nisbatan ham soliq imtiyozi qo‘llashni taklif etdi.

Foto: Shutterstock

Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga fuqarolardan kelayotgan murojaatlar muntazam tahlil qilib boriladi. Ularda ko‘tarilgan muammolarni tizimli ravishda bartaraf etish maqsadida ombudsman tomonidan takliflar ishlab chiqiladi.

Ombudsman nomiga ijtimoiy huquqlarni ta’minlash, jumladan ta’lim uchun kontrakt puli to‘lovi, bo‘lib-bo‘lib to‘lash, imtiyozlar berish kabi masalalar yuzasidan shu kunga qadar yuborilgan murojaatlar o‘rganilganda doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan ota-ona tomonidan to‘lovlarni so‘ndirishda muammolar mavjudligi aniqlangan.

Qonunchilikka muvofiq, ota-onalar oliy o‘quv yurtlarida o‘qiydigan farzandlariga ta’lim to‘lovlarini o‘z oylik ish haqlaridan to‘lab bersa, 12 foiz daromad solig‘ini qaytarib olishi mumkin. Bu tartib o‘zi ishlab o‘z kontraktini to‘lagan talabalar va turmush o‘rtog‘i uchun kontrakt to‘laganlarga ham amal qiladi.

Yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrov darajasini oshirish maqsadida joriy etilgan ushbu imtiyoz fuqarolarga ancha yengillik bermoqda. Lekin ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlarda ota-onaning doimiy daromad manbayi bo‘lmagani sababli, to‘lovlarni ularning boshqa farzandlari to‘lanayotgani aniqlanmoqda. Bunday hollarda esa ushbu soliq imtiyozi qo‘llanmaydi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, ombudsman ta’lim xarajatlarini qoplayotgan boshqa farzandlar, ya’ni opa, singil, aka, ukasining o‘qishiga yordam berayotgan aka-uka va opa-singillarga nisbatan ham soliq imtiyozini qo‘llashni taklif qilmoqda.

Mavzuga oid