O‘zbekiston | 20:45 / 30.12.2023
6778
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Milliy tabiiy meros obektlari ro‘yxati shakllantirildi

Ekologiya vazirligi mutaxassislari tomonidan jami 177 ta obekt (qo‘riqxona va milliy tabiat bog‘lari bilan birgalikda) Milliy tabiiy meros obektlari sifatida tanlandi.

Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan davlat ahamiyatiga molik tabiiy obektlar, jumladan, noyob va betakror ekotizimlar, biologik xilma-xillik turlari, suv havzalari va tabiiy landshaftlar xatlovdan o‘tkazildi, buning natijasida milliy tabiiy meros obektlari ro‘yxati shakllantirildi va tasdiqlandi.

Ro‘yxat ko‘p yillik qimmatbaho va noyob daraxt va archazorlarni, to‘qayzorlarni, daryolar, tabiiy ko‘llar va buloqlarni, soylar va sharsharalarni, shuningdek, tabiiy geologik tuzilmalarni, ya’ni daralar va qoyalarni, tog‘-toshlar, muzliklar, botqoqliklarni, cho‘llar va barxanlarni, o‘simlik va hayvonlarning muhim o‘sish hamda yashash areallarini, tabiiy landshaft va muhim ornitologik hududlarni, shuningdek, davlat muhofazasida bo‘lgan qo‘riqxonalarni, tabiiy bog‘larni o‘z ichiga qamrab olgan.

Milliy tabiiy meros obektlari O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga muvofiq, xususiyatlariga ko‘ra biologik, gidrologik, geologik va paleontologik tabiiy meros obektlariga ajratilib tasniflandi. Xususan, olib borilgan tadqiqotlar natijasi o‘laroq vazirlik mutaxassislari tomonidan jami 177 ta obekt (qo‘riqxona va milliy tabiat bog‘lari bilan birgalikda) Milliy tabiiy meros obektlari sifatida tanlandi.

Ular orasida:

- daraxtzor, archazor, to‘qayzor va tabiiy maskanlardan iborat 16 ta obekt;

- 50 ta buloq, 14 ta ko‘l, 3 ta daryo, 10 ta sharshara, 4 ta soy va Orol dengizini o‘z ichiga olgan 82 ta gidrologik obekt;

- 10 ta g‘or, 5 ta dara, 10 ta tog‘, qoya va toshlar, 6 ta cho‘l, qumlik va barxanlardan tarkib topgan 31 ta geologik obekt;

- «Dinozavr izi» tabiiy maskani paleontologik obekti o‘rin oldi.

Shu bilan birga respublika hududidagi 7 ta davlat qo‘riqxonasi, 1 ta majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasi va 13 ta buyurtma qo‘riqxonasi hamda 13 ta milliy tabiat bog‘i va 11 ta tabiat yodgorligi Milliy tabiiy meros obektlari safiga kirdi.

YuNeSKO Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan transchegaraviy tabiiy obektlar — G‘arbiy Tyan-Shan tog‘i (2016 yil) va Mo‘’tadil mintaqadagi Turon sahrolari (Ustyurt platosi, 2023 yil) hamda Butunjahon biosfera rezervatlari tarmog‘iga kiritilgan Chotqol biosfera qo‘riqxonasi (1978 yil) va Quyi Amudaryo biosfera qo‘riqxonasi (2021 yil) ham Milliy tabiiy meros obektlari ro‘yxatida o‘z ifodasini topdi.

Shuningdek, xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvda suzuvchi qushlarning yashash joylari bo‘lgan suvli-botqoq joylar to‘g‘risidagi Ramsar konvensiyasi ro‘yxatiga kirgan Dengizko‘l (2002 yil), Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi (2008 yil), To‘dako‘l tabiiy suv havzasi va Quyimozor suv ombori (2008 yil) hamda Sudochiye ko‘li (2023 yil) ro‘yxatdan o‘rin oldi.

Mazkur tabiiy meros obektlari nominatsiyalarini Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi, YuNESKO va FAO kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik dasturlari doirasida xalqaro ro‘yxatlarga taqdim etishga oid tegishli chora-tadbirlarning amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid