15:12 / 31.12.2023
7865

O‘zbekistonda qariyb 9 mlrd so‘mlik pirotexnika vositalari musodara qilindi

Bir yarim oy davomida O‘zbekiston bo‘ylab qariyb 9 mlrd so‘mlik pirotexnika vositalari olib qo‘yilgan.

16 noyabrdan buyon o‘tkazilgan reydlar doirasida O‘zbekistonda pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq 3641 ta holat qayd etildi, deb xabar bermoqda O‘zA IIVga tayanib.

Natijada 8 milliard 920 million so‘mlik pirotexnika vositalari olib qo‘yilgan. 1941 nafar huquqbuzar ma’muriy javobgarlikka tortilib, 26 nafariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

28 dekabr kuni Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan Yangi yil bayrami arafasida umumiy qiymati 201 million so‘m bo‘lgan 182,83 ming dona salyut va petardalarning noqonuniy aylanishiga chek qo‘yilgandi.

2009 yil oxirida hukumat qarori bilan O‘zbekiston hududiga pirotexnika vositalarini olib kirish, shuningdek, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, sotish va ulardan foydalanish vaqtinchalik taqiqlangan. Pirotexnika mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, undan foydalanish, shuningdek, O‘zbekistonga noqonuniy olib kirish yoki olib chiqish, shuningdek, pirotexnika mahsulotlarini realizatsiya qilish, huquqbuzarlik buyumlari musodara qilingan holda 1,7 million so‘mdan 6,8 million so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Pirotexnika vositalari, ular uchun qurol va o‘q-dorilar, harbiy mahsulotlar reklamasiga qo‘yiladigan talablarni buzish BHMning 50 baravari miqdorida (17 million so‘m) jarima solishga sabab bo‘ladi.

Top