O‘zbekiston | 13:26 / 01.01.2024
11579
2 daqiqa o‘qiladi

2024 yilda Samarqandda xalqaro iqlim forumi o‘tkazilishi mumkin

Yaponiyaning yetakchi Japan News gazetasida «BMT Bosh assambleyasi O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan Markaziy Osiyoning ekologik tahdidlari to‘g‘risidagi rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi» sarlavhali maqola ingliz tilida bosildi.

Foto: Silk Road Samarkand

«Dunyo» xabariga ko‘ra, yapon bosma nashrida shu yil 19 dekabr kuni BMT Bosh assambleyasi «Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yo‘lida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash» rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qilgani ta’kidlangan.

Rezolyutsiya matnini ishlab chiqish va kelishish bo‘yicha hukumatlararo muzokaralar jarayoni BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida bo‘lib o‘tdi. Maslahatlashuvlarda dunyoning barcha qit’alaridan, jumladan AQSh, Rossiya, Xitoy, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Avstraliya, Saudiya Arabistoni, Misr, Argentina, Braziliya, Meksika va boshqa davlatlarning ekspertlari faol ishtirok etishdi. Yuzdan ortiq davlat vakillar, shuningdek, matnni o‘ziga xos mazmun bilan to‘ldirish va umumiy konsensusga erishish uchun ko‘plab takliflarni kiritdi.

«Hujjat matnida O‘zbekiston prezidentining qator tashabbuslari, jumladan, «Markaziy Osiyo uchun «yashil» kun tartibi» va uning mintaqada barqaror rivojlanishga ko‘maklashishdagi roli alohida qayd etilgan, - deb yozgan gazeta. - Rezolyutsiyada BMTga a’zo davlatlar O‘zbekistonning Xalqaro iqlim forumini 2024 yilda Samarqand shahrida o‘tkazish tashabbusini ham olqishladi».

Hujjatda Orol dengizining qurishi oqibatlarini yumshatish borasidagi sa’y-harakatlarga e’tibor qaratilib, O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi faoliyatini kuchaytirish zaruriyati alohida ta’kidlangan. Shu bois, xalqaro hamjamiyatga ushbu jamg‘armani faol qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish to‘g‘risida murojaat yo‘llangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid