Jahon | 09:01 / 03.01.2024
10578
3 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada zilzila qurbonlari soni ortdi

Noto yarimorolida ketma-ket sodir bo‘lgan zilzila qurbonlari soni 57 kishiga yetdi. Aftershoklar fonida qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Foto: Kyodo News

Yaponiyada 1 yanvar kuni tushdan keyin sodir bo‘lgan kuchli zilzila qurbonlari soni 2 yanvar kechki paytga kelib 57 kishiga yetdi. Bu haqda Kyodo News agentligi xabar berdi. Qayd etilishicha, mamlakat g‘arbidagi eng ko‘p zarar ko‘rgan Noto yarimorolida aftershoklar fonida qutqaruv ishlari davom etmoqda. 

Ta’kidlanishicha, qurbonlar orasida - Vadzima shahrida halok bo‘lgan 24 kishi, Sudzu shahrida - 20 kishi va Nanao shahrida - 5 kishi bor.

Noto yarimorolida vayronagarchilik 

7,6 magnitudali zilzila Noto yarimorolidagi Sudzu shahrida uylarni vayron qildi va Isikava prefekturasining Vadzima shahrida yong‘inlar keltirib chiqardi. Biroq, vayronagarchilikning to‘liq ko‘lami noma’lumligicha qolmoqda, vayronalar va buzilgan yo‘llar yordam yetkazilishi hamda qutqaruv ishlariga to‘sqinlik qilmoqda, deb yozadi Kyodo News.

«Vaziyat halokatli, uylarning 90 foizga yaqini to‘liq yoki deyarli butunlay vayron bo‘lgan», — deya Sudzu meri Masuxiro Idzumiyaning prefektura hukumati yig‘ilishidagi so‘zlaridan iqtibos keltirgan agentlik. 

Vadzima shahri markaziy tumanida zilzila natijasida yong‘inlar 200 dan ortiq binolarni qamrab oldi, biroq ular nazoratga olingan, dedi Isikava prefekturasi rasmiylari. Ayni paytda, Isikava prefekturasi rahbari Xirosi Xase zilziladan keyin yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘chkilar xavfi haqida ogohlantirdi. 

O‘n minglab odamlar evakuatsiya qilindi

Niigata, Toyama, Fukui va Gifu prefekturalarida ham yirik vayronagarchiliklar yuz berdi. 2 yanvar kuni holatiga ko‘ra, evakuatsiya qilinganlar soni, jumladan Isikava va Niigata prefekturalari aholisini hisobga olganda, 57 360 nafarni tashkil qilgan. AQSh, Kanada, Italiya va boshqalar Yaponiya hukumatiga zilzila oqibatlarini bartaraf etishda yordam berishni taklif qildi. 

Zilziladan so‘ng Isikava, Yamagata, Niigata, Toyama, Fukui va Xyogo prefekturalarida sunami xavfi haqida ogohlantirishlar e’lon qilindi. 2 yanvar kuni Yaponiya meteorologiya agentligi uni bekor qildi, biroq yaqin kunlar va haftalarda yana kuchli yerosti silkinishlari bo‘lishi mumkinligini bildirdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid