Jahon | 11:47 / 04.01.2024
5638
6 daqiqa o‘qiladi

Oq uy Ukrainaga yordam berishni davom ettirish muhimligini ta’kidladi

«Rossiya rahbariyati o‘zini tinchlik muzokaralarini xohlayotganlar kabi tutmayapti», dedi AQSh Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi.

Foto: Jonathan Ernst / Reuters

Rossiya tomonidan Ukrainaga uyushtirilgan ommaviy raketa hujumlari Rossiya prezidenti Vladimir Putin tinchlik muzokaralarini olib borishga tayyor emasligini ko‘rsatadi. Shu sababli AQSh Kongressi prezident Jo Bayden so‘ragan Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini ajratishni ma’qullashi juda muhim. Bu haqda 3 yanvar, chorshanba kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan brifingda AQSh Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi ma’lum qildi.

«Oxirgi 48-72 soat ichida Rossiya Ukrainadagi nishonlarga, jumladan, nafaqat harbiy nishonlarga, balki fuqarolik nishonlariga ham uchuvchisiz uchish qurilmalari va raketalarni, jumladan ballistik raketalarni uchirishda davom etayotganini ko‘rdingiz. Qishda qurol ishlatish, ular (ukrainaliklar)ning infratuzilmasiga hujum qilish davom etyapti», — dedi Kirbi.

«So‘nggi bir necha kun ichida matbuotda janob Putin to‘satdan muzokaralar o‘tkazmoqchi, degan shov-shuvga kelsak... Ko‘rinib turibdiki, u o‘zini muzokaralar olib bormoqchi bo‘lgan odamdek tutmayapti. Shuning uchun bu - prezident (Bayden) tomonidan ilgari surilgan qo‘shimcha moliyalashtirish haqidagi so‘rov - ma’qullanishi juda muhim», deb ta’kidladi AQSh Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori. Uning nutqi stenogrammasi Oq uy saytida chop etilgan.

Shu bilan birga, Kirbi Bayden hukumati «yangi yil oldidan, rojdestvodan keyin» Ukrainaga mablag‘ ajratilgan oxirgi xavfsizlik yordam paketini o‘tkazganini eslatdi. «Biz bu ish (Ukrainaga yordam ko‘rsatish)ni davom ettirishimiz uchun Kongress qo‘llab-quvvatloviga muhtojmiz», — deya xulosa qildi u.

AQSh Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatadimi?

Keyinchalik brifingda Kongress Ukrainaga keyingi yordamni ma’qullamasa nima bo‘ladi va bu mamlakatga qurol yetkazib berish to‘xtatiladimi, degan savolga Kirbi: «Buni qilishga majbur bo‘lamiz», dedi.

«Prezident biz ko‘rsatish vakolatiga ega bo‘lgan oxirgi yordam paketi bo‘yicha farmonni imzoladi. Bo‘ldi. Biz Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha qo‘shimcha yordam ko‘rsatishimiz uchun bu qo‘shimchalar bo‘yicha kelishib olishimiz kerak», - deya qo‘shimcha qildi Kirbi.

U har safar navbatdagi yordam partiyasini ajratish to‘g‘risidagi farmon imzolangandan keyin uni yetkazib berishdan oldin bir necha kun, hatto haftalar o‘tishini esladi. «Shu tariqa, 27-kuni kelishilgan narsalarning hammasi ham Ukrainaga hali yetkazib berilmadi; bu yaqin kunlar va haftalarda sodir bo‘ladi. Ammo bundan keyin, qo‘shimcha mablag‘ yo‘qligi sababli, undan boshqa narsa hozircha yo‘q», dedi u.

Shu bilan birga, Kirbi Vashington «Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishiga» ishontirdi. «Ammo biz ko‘rsatishimiz mumkin bo‘lgan xavfsizlik yordami turlari va uni ko‘rsatish chastotasi bo‘yicha - har ikki hafta - joriy yil uchun so‘nggi yordamni taqdim etganimizda, 27-sanada bizda mablag‘ bor edi», — deya qo‘shimcha qildi u.

AQSh davlat qarzining rekord hajmi

2 yanvar kuni AQSh moliya vazirligi tarixda birinchi marta AQSh davlat qarzi 34 trillion dollardan oshgani to‘g‘risida statistik ma’lumotlarni e’lon qildi. 2023 yil boshida AQSh davlat qarzi belgilangan chegaradan 31,4 trillion dollardan oshib ketdi. Shundan so‘ng, moliya vazirligi limit ko‘tarilmasa, defolt xavfi haqida bir necha bor ogohlantirdi. AQSh prezidenti Jo Bayden va demokratlar Kongressni hech qanday shartlarsiz chegarani oshirishga chaqirishdi. Shu bilan birga, Vakillar palatasini nazorat qiluvchi respublikachilar budjet xarajatlarini kamaytirmasdan turib buni qilishdan bosh tortdi.

2023 yilning 29 mayida Bayden va Vakillar palatasining o‘sha paytdagi spikeri Kevin Makkarti murosaga keldi va iyun oyida AQSh prezidenti 2025 yil 2 yanvargacha davlat qarzi chegarasini oshirishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Ushbu sanaga qadar cheklov to‘xtatiladi. O‘shanda Oq uy davlat qarzi bo‘yicha kelishuv Ukrainaga yordamga ta’sir qilmasligiga ishontirdi.

2023 yil noyabr oyida Jo Bayden «shatdaun»ning oldini olish uchun federal hukumat ishini 2024 yil 19 yanvargacha vaqtinchalik moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi, unga Ukraina va Isroilga yordam berish uchun mablag‘lar kiritilmagan. 

Amerikaning Ukrainaga harbiy yordamini yangidan moliyalashtirish faqat Kongress roziligi bilan amalga oshishi mumkin. Biroq, bu masalada demokratlar va respublikachilar o‘rtasida birdamlik yo‘q. Oq uy Ukrainaga 61,3 milliard dollar yordam so‘ramoqda. Respublikachilar partiyasi ichki muammolarni hal qilish - AQShning Meksika bilan chegarasini mustahkamlash va noqonuniy migratsiya ko‘lamini cheklash uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratmasdan turib, bu transh bo‘yicha kelishib olishdan bosh tortmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid