Ekspertlar ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent shahridagi havo ifloslanishini avtomatik nazorat qiluvchi stansiyalar tomonidan uglerod oksidi (CO) miqdori JSST tomonidan belgilangan normadan 4,4 baravar ortgani qayd etilgan. Unda RM 10 mayda dispersli zarrachalarining maksimal miqdori 341 mkg/m3 ni tashkil etgan bo‘lsa, RM 2,5 miqdori esa belgilangan normadan 57 barobar ortib ketib, 311 mkg/m3 ni tashkil etgan.
Bundan tashqari, Toshkent shahridagi atmosfera havosida kislorod ulushining ham nisbatan kamayib borayotgani aniqlanmoqda. Bu o‘z navbatida uyqusizlik, holsizlik, bosh og‘rig‘i keltirib chiqaradi va miya faoliyatiga salbiy ta’sir qiladi.
Mutaxassislar atmosfera ifloslanishiga respublikada iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga kelayotgan ob-havoning ekstremal kuchayishi, yerlarning sho‘rlanishi, kamsuvlik, qurg‘oqchilik, changli bo‘ronlar va atropogen ta’sir etayotganini ma’lum qilishgan.
Quyidagilar esa Toshkent atmosfera havosining ifloslanishiga sabab bo‘lyapti:
• yashillikning yo‘qolishi — joylarda daraxt va butalarni palapartish kesish ekologik muvozanat buzilishiga sabab bo‘lmoqda. Masalan, e’lon qilingan moratoriy davrida 49 mingga yaqin, shundan 10,5 mingga yaqin qimmatbaho daraxtlar noqonuniy kesilishi tufayli tabiatga 45 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan. Shuningdek, magistral yo‘llar va shahar hududida, turar joy massivlarida ko‘kalamzorlashtirish foizi kamligicha qolmoqda;
• qurilishdagi xaos — shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan qurilish ishlari jadal amalga oshirilmoqda, xususan, Toshkent shahrida davlat rahbari tomonidan bir necha marotaba qurilish ishlari amalga oshirilmasligi ma’lum qilingan bo‘lsa-da, hanuzgacha davom etmoqda. Shuningdek, shahardagi qurilishlarda SanPin rioya etilmaydi va ekologik ekspertiza o‘tkazilmaydi. Masalan, oraliq masofaga rioya qilinmasdan baland binolar qurilishi shamol aylanishini to‘sib qo‘ygan, havoga keragidan ortiq maishiy chiqindi chiqarilmoqda;
• mashinalar chiqarayotgan zaharlar — avtotransport vositalarining atmosfera havosiga chiqarayotgan ifloslantiruvchi moddalari hajmi oshib borishiga transport vositalarining ekologik darajasi, foydalanilayotgan yonilg‘i va yo‘l harakatini tashkil etish sifatiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. 2021 yilda 3,14 mln dona avtotransport bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilda ularning soni 4,6 mln donani tashkil etib, 32 % ga ortgan. Toshkent shahrida bir kunda o‘rtacha 730 ming avtotransport vositasi harakatlansa, qo‘shimcha ravishda hududlardan 160 mingdan 300 minggacha avtotransport vositasi kirib kelmoqda;









