Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh davlat kotibi Yaqin Sharqqa safar qiladi
AQSh Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken G‘azo sektorida urush boshlanganidan beri to‘rtinchi marta Yaqin Sharq mamlakatlariga tashrif buyuradi.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken yaqin kunlarda Yaqin Sharq bo‘ylab navbatdagi turnega boradi. Bu haqda 4 yanvar, payshanba kuni Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller jurnalistlarga ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bu oldindan rejalashtirilganidan uzoqroq safar. Davlat kotibi Isroil, Iordan daryosi G‘arbiy sohili, Iordaniya, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Misrga tashrif buyuradi. Blinken Yaqin Sharq davlatlaridan tashqari Turkiya va Gretsiyaga ham boradi.
Millerning aytishicha, yaqin kunlardagi muzokaralar G‘azo sektoriga ko‘proq gumanitar yordam yetkazish, HAMASdan qolgan garovga olinganlarni ozod qilish va Isroil-Falastin mojarosida tinch aholi himoyasini yaxshilash sa’y-harakatlariga qaratiladi. Blinken o‘z safari davomida mintaqa davlatlari mojaroning G‘azo sektoridan tashqarida avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi borasida aniq qadamlarni muhokama qilmoqchi, deya qo‘shimcha qildi Miller. Mojaroning kengayishi hech kim uchun foydali emas - na Isroil, na butun Yaqin Sharq mintaqasi, na butun dunyo, dedi Davlat departamenti vakili. Uning so‘zlariga ko‘ra, safar davomidagi muzokaralar oson kechmaydi.
Oktyabr oyida G‘azo urushi boshlanganidan beri Blinken Yaqin Sharq bo‘ylab uch marta safar qilgan.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 22 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.