Jahon | 12:38 / 05.01.2024
9484
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyadan qurol eksporti rekord darajaga yetdi

Germaniya qurollarining asosiy oluvchi mamlakati Ukraina bo‘lib, u yerga 2023 yilda 4,44 milliard yevrolik qurol yuborilgan.

Foto: Picture Alliance

Germaniya Iqtisodiyot vazirligi 4 yanvar, payshanba kuni ma’lum qilishicha, 2023 yilda Germaniya qurol eksporti rekord darajadagi 12,2 milliard yevroga yetdi – bu Berlin hukumati ruxsat bergan mablag‘dir. Germaniyadan asosiy qurol-yarog‘ oluvchi davlat - 4,44 milliard yevroga teng miqdorda - Ukraina bo‘ldi.

Shuningdek, Germaniya hukumati harbiy qurollarni 6,44 milliard yevroga va boshqa turdagi qurollarni 5,76 milliard yevroga sotishni ma’qullagani (xususan, zirhli transport vositalari ham shu toifaga kiradi) ta’kidlangan. Norvegiya nemis qurollarini qabul qilish hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egalladi. Umuman olganda, tasdiqlangan eksport qiymatining qariyb 89 foizi (10,84 milliard yevro) Yevropa Ittifoqi va NATO davlatlari yoki NATO a’zolariga tenglashtirilgan mamlakatlar (bu guruhdan Yaponiya, Shveytsariya, Avstraliya va Yangi Zelandiya joy olgan), shuningdek, Janubiy Koreya, Singapur va Ukraina hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Qurol eksportining qolgan hajmi uchinchi davlatlar deb ataladigan mamlakatlar tomonidan olingan. Bularga, masalan, Isroil, Birlashgan Arab Amirliklari yoki Saudiya Arabistoni kiradi.

Dastlabki ma’lumotlar ham rekord darajada edi

Avvalroq, 27 dekabr kuni Germaniya qurol eksporti hajmi Germaniyaning butun tarixida tarixiy maksimal darajaga yetgani va hukumat eksportga ruxsatnomalarni 2022 yilga nisbatan 40 foizga ko‘p bergani haqida xabar qilingandi, biroq boshqa umumiy miqdor tilga olingan edi - 11,7 milliard yevrodan ortiq. Buning sababi - avval e’lon qilingan raqamlar dekabr oyining ikkinchi yarmiga oid ma’lumotlarni hali qamrab olmagan.

Qurol eksporti bo‘yicha avvalgi maksimal ko‘rsatkich – 9,4 milliard yevroga 2021 yilda erishilgan edi. 2022 yilda eksport hajmi biroz qisqardi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid