Jahon | 14:23 / 05.01.2024
4530
3 daqiqa o‘qiladi

Shartnoma asosida xizmat qilayotgan chet elliklarga Rossiya fuqaroligini olishga ruxsat beriladi

Rossiya prezidentining farmoniga ko‘ra, Ukrainada Rossiya Federatsiyasi uchun urishayotgan chet el fuqarolari Rossiya fuqaroligini olish uchun ariza topshirishi mumkin.

Foto: RIA Novosti

Rossiyaning Ukrainaga hujumi paytida armiyada yoki «harbiy tuzilmalarda» harbiy xizmatni o‘tash uchun Rossiya Qurolli kuchlari (RF QK) bilan shartnoma tuzgan chet elliklar Rossiya fuqaroligini olish uchun ariza berishi mumkin. Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan imzolangan tegishli farmon 4 yanvar, payshanba kuni normativ-huquqiy hujjatlar portalida e’lon qilindi. Urush ishtirokchilarining yaqin qarindoshlari ham Rossiya fuqaroligini oladi.

Bundan tashqari, urush paytida Rossiya Qurolli kuchlaridan sog‘lig‘i sababli iste’foga chiqqan, shartnoma muddati tugagan, harbiy xizmatni o‘tash yoshiga yetgan xorijliklar Rossiya fuqaroligini olish uchun ariza berishi mumkin. Putinning farmoniga ko‘ra, 2014 yil 18 martgacha Qrim yoki Sevastopolda doimiy yashagan Ukrainada tug‘ilgan fuqarolar ham Rossiya fuqaroligini olish uchun ariza berish huquqiga ega.

2023 yil may oyida Putin Rossiya Qurolli kuchlarida harbiy xizmatni o‘tash uchun shartnoma tuzgan xorijliklarga soddalashtirilgan tartibda Rossiya fuqaroligini berishga ruxsat beruvchi farmonni imzolagan edi. Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi rahbari Bastrikin avvalroq Rossiya pasportini olgan migrantlar Ukrainaga qarshi urushda qatnashishdan bosh torsa, ularni fuqarolikdan mahrum qilishni taklif etgandi.

Putinning 2023 yildagi farmonlari yarmi maxfiy bo‘ldi

«Mediazona» ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda Putin imzolagan farmonlarning taxminan yarmi maxfiy bo‘lgan. Prezident farmonlari ketma-ket raqamlanadi, «hisoblagich» esa har yil boshida nollashtiriladi, deya ta’kidladi nashr normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy sayti ma’lumotlariga tayanib. Shu tariqa, o‘tkazib yuborilgan raqamlarni sanab, qancha farmon maxfiy ekanligini tushunish mumkin, deb yozadi «Mediazona».

2022 yilda Ukrainaga hujum fonida bunday maxfiy farmonlarning ulushi 45 foizgacha oshgan. 2023 yilda u rekord darajadagi 49,5 foizga yetdi. Maxfiy farmonlar, jumladan, harbiy xizmatchilarni mukofotlash va urushga jalb qilingan mahkumlarni afv etish uchun ishlatiladi.

Shu bilan birga, urushning ikkinchi yilida Putin tomonidan imzolangan farmonlar umumiy soni deyarli o‘zgarishsiz qoldi. 2022 yilda - 996 ta, 2023 yilda - 997 ta farmon imzolangan. Putin maxfiy farmonlar bo‘yicha avvalgi rekordni 2001 yilda, Ikkinchi chechen urushi avjida o‘rnatgan edi: o‘shanda bu ko‘rsatkich 47 foizni tashkil etgan, deb hisoblaydi «Mediazona».

Mavzuga oid

E`lonlar