Jahon | 21:00 / 06.01.2024
24120
6 daqiqa o‘qiladi

Intiqom bayrog‘ini ko‘targan Eron, Isroil josuslarini tutgan Turkiya va Xarkivni olishga hozirlanayotgan Rossiya - kun dayjesti

Jahonda ro‘y bergan voqealar, hodisalar va bayonotlardan iborat kun yangiliklari jamlanmasini endi shanba kunlari ham e’tiboringizga havola etamiz...

ERONDAGI TeRAKT

Eronda Kirmon viloyatida sodir etilgan terrorchilik aktiga aloqadorlikda gumonlangan shaxslar qo‘lga olingan.

Xudkushlarni qo‘llab-quvvatlab turgan ikki terrorchi Kirmondagi manzilidan va yana 9 kishi 6 ta viloyatdagi turli manzillardan topilgan.

Eron axborot va milliy xavfsizlik vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Kirmonda o‘zini portlatgan xudkushlardan birining millati tojik bo‘lgan. Ikkinchi terrorchining shaxsi hozircha aniqlanmagan.

Eslatib o‘tamiz, Kirmondagi qabristonda sodir etilgan terrorchilik akti uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgan. Teraktda 100 dan ortiq inson halok bo‘lgan, 200 ga yaqin odam yaralangan.

Eronning Qum shahridagi Jomkoron masjidi uzra «intiqom bayrog‘i» ko‘tarildi. Uni Kirmon shahridagi general Qosim Sulaymoniy qabri yaqinida sodir etilgan terakt sabab ko‘tarishgan.

So‘nggi marta qizil bayroq to‘rt yil muqaddam aynan Qosim Sulaymoniy Iroqda AQSh aviazarbasi tufayli o‘ldirilganidan so‘ng, 2020 yilning 3 yanvarida ko‘tarilgan edi. Shundan so‘ng Eronning Islom inqilobi muhofizlari korpusi AQShning Iroqdagi Ayn al-Asad harbiy bazasiga zarba bergandi.

G‘AZODAGI VAZIYaT

G‘azodagi falastinliklarni Isroil qayerga deportatsiya qilmoqchi?

Isroil OAV ma’lumotlariga ko‘ra, xavfsizlik kabinetidagi manbalardan biri Kongo immigrantlarni qabul qilishga rozilik berganini aytgan.

Biroq boshqa davlatlar bilan ham muzokaralar olib borilayotgani, variantlardan biri sifatida Saudiya Arabistoni keltirilgan.

Boshqa tomondan, BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Volker Tyurk va boshqa bir qator xorijiy rasmiy shaxslar Isroilning o‘ng radikal millatchi vazirlari — Betsalel Smotrich va Itamar Ben-Gvirning G‘azodagi tinch aholini uchinchi davlatga chiqarib yuborish to‘g‘risidagi bayonotidan nihoyatda tashvishda ekanini aytib, qoralagan.

Isroil nashrlariga ko‘ra, Isroil armiyasi G‘azodagi urush oqibatida 12 mingdan ortiq askar nogiron bo‘lib qolishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Hozir askarlarni reabilitatsiya qilish bo‘limi 7 oktyabrdan beri nogiron deb e’lon qilingan 3400 nafar askar bilan shug‘ullanmoqda.

RAMZON QODIROVNING TAKLIFI

Checheniston rahbari Ramzon Qodirov 20 nafar ukrainalik asirni ozod qilish evaziga qarindoshlarini sanksiyadan chiqarish va Chexiyada ushlab turilgan otlarini ozod etishni taklif qildi.

U ro‘yxatni Grozniyga kelgan amerikalik sobiq razvedkachi Skott Ritterga bergan.

«Bizda Donetsk va Luganskda qo‘lga tushgan asirlar bor. Men ro‘yxatni mehmonimizga beraman. Agar ular onam, qizlarim, hech narsada aybi yo‘q insonlarni sanksiyadan xalos va otlarimni ozod qilishsa, biz bu insonlarni uyiga qaytaramiz», — degan Qodirov.

Avvalroq Ramzon Qodirovning uchta xotini — Medni Qodirova, Fotima Xazuyeva va Amina Ahmadova sanksiyaga tushgan edi. Shuningdek Ramzon Qodirovning onasi hamda qizlari Oysha, Karina va Tabarikka nisbatan ham sanksiya qo‘llangan.

Keyinroq, Ramzon Qodirov o‘zining bu taklifi jiddiy emasligi, AQSh hech qachon sanksiyalarni bekor qilmasligi, u shunchaki «qalin trolling» bilan shug‘ullanganini ta’kidlab chiqish qildi. 

UKRAINADAGI URUSh

Ukraina Rossiyaning Xarkiv ostonasidagi yangi bosqiniga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Rossiya harbiylari yanvar oyining o‘rtalarida Xarkiv tomon yurish qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ukraina razvedkasiga tayanib The Telegraph nashri xabar qildi.

7 yanvarlardan boshlab Moskva havodan hujum va artilleriya zarbalarini kuchaytirishi va bu zarbalar yaqin haftalar ichidagi keng ko‘lamli hujumga tayyorgarlik vazifasini o‘tishi mumkin.

Ukrainaning ikkinchi shahari deyarli har kuni raketa zarbalariga duchor bo‘lmoqda.

«Dushmon xaotik otishmalarni uyushtirib, asabiylikni saqlab turishga va mahalliy aholini terror qilishga harakat qilmoqda», — degan mahalliy gubernator Oleg Sinegubov.

TURKIYaDAGI ISROIL JOSUSLARI

Turkiyaning 8 ta viloyatida 34 kishi Isroil razvedkasi topshirig‘iga ko‘ra, josuslik qilayotganlikda gumonlanib ushlanganini xabar bergan edik. Ulardan 15 nafarining aybi bo‘yniga qo‘yilib, hibsga olingan. Qolgan 19 kishiga ayblov e’lon qilinmagan. Ushlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarosi ham borligi to‘g‘risida ma’lumotlar chiqdi, biroq bu rasman tasdiqlanmagan.

SUDYaGA HUJUM

AQShda sudlanuvchi tayinlangan hukmga rozi bo‘lmagan holda sudyaga mushtlari bilan tashlandi. U sudyadan sinov muddati tayinlanishiga umid qilayotgan edi.

Las-Vegas sudi sudyasi Meri Kay Holtus sudlanuvchi Deobra Delone Reddanga zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyat uchun qamoq hukmi chiqarayotganda hujumga uchradi.

Holtus uning shartli sinov muddati belgilashdan va garov evaziga qo‘yib yuborishdan bosh tortganini e’lon qilganida Reddan uni la’natlay boshlagan va keyin stoldan sakrab, unga tashlangan.

Sud xodimlari va advokatlar erkakni ushlab qolishga harakat qilishgan, biroq u hayratda qolgan sudyaga bir necha marta zarba berishga muvaffaq bo‘lgan. Sudya yengil tan jarohati olgan.

Endi sudlanuvchiga yangi ayblovlar qo‘yilgan. Ilgari u zo‘ravonlik, talonchilik va mulkka zarar yetkazishda ayblangan edi. 

Mavzuga oid