O‘zbekiston | 21:51 / 09.01.2024
6194
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident bozorlarni turistlar uchun jozibador maskanga aylantirish bo‘yicha dastlabki loyihalar bilan tanishdi 

Shavkat Mirziyoyev 9 yanvar kuni savdo va xizmatlarni rivojlantirish, turizm va madaniyat maskanlarini barpo etishga oid taqdimotlar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. 

Jumladan, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi Miraki, Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi Nurobod va Kumushkon hududlarida zamonaviy dam olish maskanlarini barpo etish loyihalari taqdim etildi. 

Shuningdek, Qashqadaryodagi Maydanak tog‘ maskanida yengil konstruksiyali xostellar qurish, mavjud binolarni savdo va xizmatlarga qayta ixtisoslashtirish, hududni obodonlashtirish loyihalari muhokama etildi. 

Shu bilan birga, taqdimotda tarixiy shaharlardagi bozorlarni turistlar uchun jozibador maskanlarga aylantirish bo‘yicha dastlabki loyihalar namoyish qilindi. 

«Bozorlarimizning o‘ziga xos jihatlarini saqlab qolgan holda ularni yurtimizning «tashrif qog‘ozi»ga aylantirish kerak. Oziq-ovqat, kiyim-kechak, zargarlik do‘konlari, oshxonalar, ko‘ngilochar maskanlar hamohang bo‘lishi, xaridorlar va turistlarni o‘ziga jalb qilishi zarur», dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Bu borada Turkiya va arab mamlakatlari tajribasini o‘rganish, loyihalashtirishga xorijiy mutaxassislarni taklif etish muhimligi aytib o‘tildi. 

Taqdimotda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi turizm markazlarida qurilishi rejalashtirilayotgan bozorlar haqida ham axborot berildi. Davlat rahbari ularda ham hududiy koloritni aks ettirish, turistlar uchun kengroq sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

Taqdimotda Toshkent davlat sirkini ta’mirlash, soha uchun kadrlar tayyorlashda ta’lim va amaliyotni uyg‘unlashtirish maqsadida 300 o‘rinli o‘quv binosini barpo etish rejalari muhokama qilindi. 

Davlat rahbari loyihalarni takomillashtirish va sifatli qurish yuzasidan qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.

Mavzuga oid