1980-yillar ikkinchi yarmi va 1990-yillar boshida SSSRda iqtisodiy inqiroz yuz berdi. Odamlarning turmush darajasi pasayib, magazinlarda taqchillik paydo bo‘ldi.

Bu iqtisodiy inqirozning ildizi 1970-yillar oxirida, sovetlar Afg‘oniston hududiga bostirib kirgan paytdan boshlanadi.

Sovetlar Afg‘onistonga bostirib kirgandan so‘ng G‘arb davlatlari SSSRga nisbatan iqtisodiy va siyosiy sanksiyalar e’lon qildi. Oqibatda, bir tomondan sanksiyalar, ikkinchi tomondan neft narxining keskin tushib ketishi SSSRdagi iqtisodiy vaziyatni og‘irlashtira boshlaydi. Buning ustiga Afg‘onistondagi urushga hisobsiz mablag‘ ishlatiladi va mamlakatda aholining turmush darajasini pasaytiradi.

Vaziyat ayniqsa 1980-yillar o‘rtalariga kelib og‘irlashadi. Shu sababli 1985 yilda SSSR rahbari bo‘lgan Mixail Gorbachyov mamlakatda islohotlarni boshlaydi.  Bu paytda esa SSSR iqtisodiyoti batamom falajlanib bo‘ladi. 1987-88 yillarda mamlakatda ko‘plab mahsulotlar taqchilligi kuzatila boshlanadi. Magazinlardan eng birinchi kirsovun va shakar uziladi. So‘ng boshqa oziq-ovqat mahsulotlari hamda iste’mol tovarlari taqchilligi boshlanadi.

1980-yillar oxiriga kelib SSSRdagi magazinlarda oziq-ovqat va boshqa iste’mol mahsulotlari taqchillasha boshladi.
Foto: alamy.com

1989-1990 yillarda mamlakat bo‘ylab magazinlarda go‘sht va sut mahsulotlari, shakar hamda boshqa oziq-ovqatlar kamayib ketadi.

Mamlakatning pul birligi rubl keskin qadrsizlana boshlaydi. O‘sha paytda odamlar qo‘lidagi pulga mahsulot topa olmay qoladi. Ularni maxsus talonlar bilan sotishga o‘tishadi. Shu bilan birga yashirincha, «podprilavka» holda savdo qilish avj oladi.

Umumiy manzara shunday bo‘ladiki, magazinlarda kundalik oziq-ovqatlar taqchil, ikkilamchi oziq-ovqatlar va sifatsiz (brak) kiyim-kechak hamda boshqa iste’mol tovarlarini esa chang bosib yotardi.

Ana shunday kunlarning birida Ukrainadagi viloyatlardan birida xalq viloyat rahbariyati binosi oldiga to‘planib namoyish o‘tkaza boshlaydi.

Aslida o‘sha paytda SSSRning turli hududlarida oziq-ovqat taqchilligiga qarshi tez-tez namoyishlar bo‘lib turgan. Biroq Ukrainadagi namoyishlarga o‘sha paytda ancha taqchil bo‘lgan va magazinlarda topilmay qolgan go‘sht va sut mahsulotlari, jumladan kolbasa va pishloq sabab bo‘lgandi. Shu sababli bu namoyishlar tarixda «Kolbasa inqilobi» nomini olgan.