Jahon | 23:01 / 10.01.2024
10569
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya tadbirkorlar ombudsmani rossiyaliklarni mehnat migrantlaridan qo‘rqmaslikka chaqirdi 

Unga ko‘ra, Rossiya fuqarolari migrantlarga qaraganda ancha ko‘p jinoyat sodir etadi. 

Foto: TASS

Rossiyaliklarning xorijlik ishchilardan qo‘rqishi asossiz, dedi Rossiya prezidentining tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha komissari (ombudsman) Boris Titov.  

«Men rossiyaliklarning migrantlardan qo‘rqishini yaxshi bilaman. Garchi bu mutlaqo asossiz bo‘lsa ham. Rossiya Ichki ishlar vazirligi statistik ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya fuqarolari migrantlarga qaraganda ancha ko‘p jinoyat sodir etadi», dedi u. 

Titov so‘zlariga ko‘ra, chet elliklar rossiyaliklarning ish joyini tortib oladi, degan qo‘rquv tufayli odamlar mehnat migrantlariga salbiy munosabatda. Ombudsman bu ham asossiz ekanini ta’kidladi. 

«Bugungi kunda rossiyaliklar ta’lim darajasi va malakasiga qarab, o‘z kuch va bilimlarini istalgan kasbda, istalgan sohada, istalgan maoshda qo‘llash uchun barcha imkoniyatlarga ega», dedi u. 

Rossiya Ichki ishlar vazirligi statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yanvar-noyabr oylarida Rossiyada jami 1,8 million jinoyat, shu jumladan 36,6 mingtasi xorijiy fuqarolar tomonidan sodir etilgan (jinoyatlar umumiy miqdorining 2 foizi). 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 14 dekabr kuni jonli muloqotda so‘zga chiqib, migrantlar bilan bog‘liq muammoni qiyin deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, migrantlar bilan muammoni umumlashtirgan holda ko‘rib chiqadigan va o‘z vaqtida yechim topadigan maxsus organ yaratilishi kerak. Uning aytishicha, mamlakatda 10 millionga yaqin mehnat migranti bor.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid