O‘zbekiston | 13:32 / 22.11.2025
2047
2 daqiqa o‘qiladi

Farmatsevtika mahsulotlari bo‘yicha davlat xaridlari yangi elektron modul orqali amalga oshiriladi

“Farmatsevtika mahsulotlari bo‘yicha davlat xaridlarini amalga oshirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi. Hujjat bilan dori vositalari va tibbiy jihozlar bo‘yicha davlat xaridlarini ochiqlik va raqobatni ta’minlagan holda elektron tarzda amalga oshirish mexanizmlari joriy etilmoqda.

Foto: Getty images

Qarorga muvofiq, davlat xaridi elektron tizimi operatorining elektron tizimida Farma.xarid.uz moduli yaratiladi. Davlat buyurtmachilari tomonidan dori vositalari va tibbiy jihozlar bo‘yicha davlat xaridlarini majburiy ravishda aynan shu modul orqali amalga oshirish tartibi joriy etiladi.

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan boshlab davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan farmatsevtika mahsulotlari bilan bog‘liq davlat xaridlarida quyidagi toifadagi ishtirokchilarga ruxsat beriladi:

dori vositalari bo‘yicha “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)” sertifikatiga ega ishlab chiqaruvchilar;
tibbiy jihozlar bo‘yicha ISO:13485 sertifikatiga ega ishlab chiqaruvchilar;
“Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” sertifikatiga ega dori vositalarini ulgurji sotuvchi distribyutorlar.

Shuningdek, 2026 yil 1 martdan Andijon va Namangan viloyatlarida ro‘yxatdan o‘tgan davlat buyurtmachilari, 2026 yil 1 iyuldan esa barcha davlat buyurtmachilari farmatsevtika mahsulotlari bo‘yicha davlat xaridlarini Farma.xarid.uz moduli orqali amalga oshirishi shart bo‘ladi.

Qarorga binoan, 2026 yil 1 yanvardan Pharma.gov.uz portalining maxsus bo‘limida davlat xaridlari sohasida foydalaniladigan tovarlarning milliy klassifikatori asosida, xarid hajmlari ko‘rsatilgan holda barcha farmatsevtika mahsulotlarining reyestri e’lon qilib boriladi.

Mazkur chora-tadbirlar farmatsevtika mahsulotlari bo‘yicha davlat xaridlarida shaffoflikni oshirish, mahsulotlar sifati va xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, xalqaro standartlarga mos raqobatbardosh muhitni shakllantirishga qaratilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid