Isroil armiyasining G‘arbiy sohildagi reydida falastinlik o‘smir o‘ldirilgani aks etgan video e’lon qilindi
TsAHALdagilar u «Molotov kokteyli» uloqtirishga uringani haqida aytishgan, lekin kadrlarda bu ko‘rinmaydi.
Associated Press (AP) agentligi G‘arbiy sohildagi Bayt-Rima qishlog‘ida kuzatuv kamerasida olingan videoni e’lon qildi, unda 17 yoshli falastinlik o‘smir otib tashlangani aks etgan. Keyinchalik u olgan jarohatlari tufayli shifoxonada vafot etgan.
5 yanvar kuni Falastinning Wafa nashri Isroil mudofaa kuchlari askarlari Bayt-Rimadagi reyd chog‘ida 17 yoshli Assaid Rimaviyni otib o‘ldirgani, yana yetti nafarini yaralagani haqida xabar berdi. O‘smir ko‘krak qafasidagi o‘qdan olgan jarohatidan vafot etdi, deb yozadi nashr tibbiyot doiralaridagi manbalarga tayanib. Wafa nashriga ko‘ra, falastinliklar Isroil harbiylari tomonidan pistirmaga uchragan.
AP kuzatuv kameralaridagi tasvirlarini ko‘rib chiqish va ikki nafar jabrlangan shaxs bilan suhbatga asoslanib, Isroil qo‘shinlari hech qanday xavf tug‘dirmasa ham, falastinliklarga qarata o‘t ochganini bayon qildi.
TsAHAL vakilining aytishicha, isroillik harbiylar 5 yanvarga o‘tar kechasi «aksilterror operatsiyasi» doirasida Bayt-Rimaga kirgan. Isroil armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, askarlar o‘zlariga qarata bomba otgan gumonlanuvchilarga o‘t ochgan.
AP tomonidan qo‘lga kiritilgan videotasvirlarda odamlar ko‘chada portlovchi moslamalarni uloqtirgani ko‘rinmaydi. Isroil harbiylari vakili videolarni ko‘rganidan keyin, tiz cho‘kib qolgan falastinlik o‘q uzilgan paytda «Molotov kokteyli»ni yoqayotganini aytdi. Biroq, AP birinchi o‘q nimanidir yoqmoqchi bo‘lgan Assaid Rimaviyga emas, balki yana bir falastinlik, 29 yoshli Nodir Rimaviyga tekkanini qayd etgan. Nodirga ukasi, 25 yoshli Muhammad va Assaid yaqinlashib, yordam berishga harakat qilishgan. Shu payt ularga qarata o‘q uzilgan, ular esa yerga yiqilgan. Assaid keyinroq shifoxonada vafot etgan.
«Biz o‘q otishni boshlagan merganni ko‘rdik. U [ukamni] otdi. Men unga yordam berish uchun bordim. Keyin u menga qarata o‘q uzdi», dedi Muhammad jurnalistlarga.
Nodirning so‘zlariga ko‘ra, Assaid ko‘chada yig‘ilganlar isinishi uchun bir dasta quti va qog‘oz yoqishni rejalashtirgan. AP ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan boshqa videolar asosida Nodirning qutilar to‘plami haqidagi so‘zlari haq ekanini aniqlagan. Jurnalistlar tomonidan ko‘rilgan videolardan birida qutilar yaradorlarni olib ketayotgan mashina tomonidan ag‘darilib ketgani ko‘rsatilgan.
Otishma sodir bo‘lganidan taxminan ikki daqiqa o‘tgach, Isroil harbiylari voqea joyiga yetib borgan. Ular yarador Muhammadning atrofiga to‘planishgan. To‘rt daqiqadan so‘ng, AP xabariga ko‘ra, ular yarador falastinliklarni qoldirib ketib qolishgan.
TsAHAL vakilining aytishicha, 5 yanvarga o‘tar kechasi falastinliklar Bayt-Rimadagi qo‘shinlarga «Molotov kokteyli»ni uloqtirgani bilan bog‘liq bir necha hodisalar bo‘lgan, biroq u aniq misollar keltirmadi. Mahalliy aholi jurnalistlar bilan suhbatda Isroil askarlariga qarshi hech qanday provokatsiya bo‘lmaganini aytishdi.
AP agentligi qo‘shimcha qilishicha, yarim soatlik videoda falastinliklarga kim o‘q uzgani ko‘rinmaydi.
Muhammad va Nodir yaqin atrofdagi Falastin qishlog‘idagi fabrikada ishlaydi, u yerda tayyor salatlarni qadoqlashadi, deb yozdi nashr. Hozir ular jarohatlarini davolashda davom etmoqda.
Inson huquqlari tashkilotlari avvalroq isroillik askarlarning hayoti xavf ostida bo‘lmaganida ham o‘t ochish holatlari haqida xabar bergan edi. Aksariyat hollarda AP qurbonlar falastinliklar bo‘lganini aytadi, ammo agentlik dekabr oyida TsAHAL G‘azo sektorida asirlikdan qochishga uringan uch nafar isroillikni otib o‘ldirganini ham eslatadi. O‘shanda uch kishi oq bayroqlar bilan harbiylarga yaqinlashgan, biroq askarlar ularni terrorchi deb o‘ylab, otib o‘ldirgandi.
Isroilning «Betselem» inson huquqlari tashkiloti vakili Dror Sadotning so‘zlariga ko‘ra, bunday otishmalar kameraga tushib, harbiylar tomonidan tekshirilsa-da, kamdan kam hollarda askarlarga haqiqiy ayblov qo‘yiladi va tergov yillar davom etadi. Isroil armiyasi vakili bunga javoban har bir ish o‘z sharoitiga qarab baholanishini bildirdi.
Mavzuga oid
09:17 / 24.11.2024
Isroil Bayrutga zarba berdi. Kamida 20 kishi halok bo‘lgan
17:39 / 23.11.2024
2024 yilda gumanitar yordam xodimlari o‘limi bo‘yicha rekord o‘rnatildi – BMT
10:30 / 23.11.2024
Xalqaro sud qarori: Netanyahu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?
22:51 / 22.11.2024