Jahon | 13:44 / 11.01.2024
6584
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azo sektoridagi genotsid bo‘yicha ayblovlarni rad etib chiqdi

G‘azo sektorida hamaschilarga qarshi operatsiya davomida Isroil tinch aholini himoyalash uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda, dedi Netanyahu BMT sudida JARning da’vosi bo‘yicha eshituvlar boshlanishidan oldin.

Foto: EPA-EFE/ABIR SULTAN

Isroil G‘azo sektorini uzoq vaqt davomida egallab olib, u yerdan tinch aholini quvib chiqarmoqchi emas, dedi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Haagadagi BMT Xalqaro sudida 11 yanvar, payshanba kuni ochiladigan sud jarayonidan oldin. «Isroil Falastin aholisiga qarshi emas, hamaschilarga qarshi kurashmoqda va biz buni xalqaro qonunlarga to‘liq rioya etgan holda qilyapmiz», dedi Netanyahu kecha tunda. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) G‘azo sektori tinch aholisiga yetkaziladigan zararni minimallashtirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda, HAMAS esa tinch aholidan tirik qalqon sifatida foydalanayotgani iddao qilindi. Xususan, Isroil harbiylari tinch aholini jangovar hududlarni tark etish zarurligi haqida doimo ogohlantirib kelgani aytiladi. 

«Bizning maqsadimiz - G‘azo sektorida hamaschilarni yo‘q qilish va garovdagilarni ozod etish. Bunga erishilgach, G‘azo sektori qurolsizlantiriladi va radikallardan ozod qilinadi», - deya qo‘shimcha qildi Isroil bosh vaziri. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu isroilliklar va falastinliklar uchun yaxshi kelajak degani. 

JAR BMT sudiga da’vo bilan chiqdi

JAR hukumati 2023 yil oxirida Xalqaro sudga Isroilga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qilib, G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga majburlovchi vaqtinchalik buyruq qabul qilishni talab etdi. Shu bilan birga, JAR Isroil tomoni Genotsid jinoyatining oldini olish va uning uchun jazolash to‘g‘risidagi konvensiyani buzgan bo‘lishi mumkinligiga ishora qildi. JAR prezidenti Siril Ramaposa BMT sudiga murojaat qilish mamlakatining prinsipial pozitsiyasi ekanini ta’kidladi.

Noyabr oyida JAR Turkiya va Lotin Amerikasi davlatlaridan keyin Isroildan diplomatlarini chaqirib oldi. «Biz Falastin hududlarida bolalar va begunoh tinch aholining o‘ldirilishi davom etayotganidan nihoyatda xavotirdamiz va Isroilning reaksiyasi jamoaviy jazo ekaniga ishonchimiz komil», dedi JAR tashqi ishlar vaziri Naledi Pandor. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 23 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid