Jahon | 15:11 / 11.01.2024
5538
4 daqiqa o‘qiladi

Oq uy Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi

AQSh Kongressi Ukrainaga yangi yordam bo‘yicha kelishib olishdan bosh tortgach, Bayden ma’muriyati Rossiya Federatsiyasining muzlatilgan aktivlari bir qismini Ukraina foydasiga musodara qilishga ruxsat beruvchi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi, deb yozadi Bloomberg.

Foto: DELFI

AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini Ukraina foydasiga qisman musodara qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda 10 yanvar, chorshanba kuni Bloomberg agentligi xabar berdi. AQSh Milliy Xavfsizlik kengashining Bloomberg tomonidan keltirilgan va Senat Tashqi aloqalar qo‘mitasiga yuborilgan noyabr oyidagi hisobotida ko‘rsatilishicha, Rossiya hujumidan keyin muzlatib qo‘yilgan taxminan 300 milliard dollarlik mablag‘dan bir qismi Ukrainaning tiklanishini qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatilishi mumkin. 

Ushbu qonunchilik normasi «ijro etuvchi hokimiyatga Rossiya suveren aktivlarini Ukraina foydasiga musodara qilish uchun zarur bo‘lgan vakolatlarni beradi», deyiladi agentlik jurnalistlari tomonidan ko‘rib chiqilgan hujjatda. 

Bayden Kongressda Ukrainaga yordam bloklanganidan so‘ng RF aktivlarini musodara qilishni qo‘llab-quvvatladi 

Keyinchalik ta’kidlanishicha, Bayden Kongressdagi respublikachilar Ukraina qarshi hujumi bilan bog‘liq muammolar fonida Qo‘shma Shtatlarga juda katta moliyaviy yuk bo‘lishidan xavotirlanib, Kiyevga keyingi yordam uchun 60 milliard dollar miqdorida mablag‘ ajratilishini to‘sib qo‘ygach, Rossiya aktivlari musodara qilinishini qo‘llab-quvvatladi. 

Agentlikka ko‘ra, Oq uy bu shubhalarni boshqa xavotirlar bilan muvozanatlashga harakat qilmoqda - Rossiya aktivlari musodara qilinishi AQSh moliya tizimi obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va dollardan qochishga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Vashington bu qadamni G7 bo‘yicha ittifoqchilar bilan, xususan, yevropaliklar bilan muvofiqlashtirish niyatida, chunki Rossiya Federatsiyasi muzlatilgan aktivlari umumiy miqdorining taxminan 200 milliard dollari YeI mamlakatlarida joylashgan. 

G‘arb Rossiya muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga o‘tkazish yo‘llarini qidirmoqda

Yevropa va Amerika Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi hamda g‘arbdagi Rossiya aktivlari muzlatib qo‘yilganidan so‘ng bu mablag‘larni Ukraina foydasiga musodara qilish yo‘llarini qidirmoqda, ushbu holat xalqaro huquqqa zid kelmaydi. 2023 yil yozida Yevropa Ittifoqi ishchi guruhi Rossiya aktivlarini musodara qilishning qonuniy yo‘li yo‘q, degan xulosaga keldi. Shundan so‘ng, YeI olingan foydani Ukrainani qayta tiklashga o‘tkazish uchun muzlatilgan mablag‘larni qayta investitsiya qilish imkoniyatlarini o‘rganishga e’tibor qaratdi.

G‘arb mamlakatlarida Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan so‘ng, Rossiya Bankining 300 milliard dollarga yaqin zaxiralari muzlatildi, shundan 200 milliarddan ortig‘i Yevropa Ittifoqi hududiga to‘g‘ri keladi. Yevropa komissiyasi markaziy depozitariylarni buxgalteriya hisobi tizimida aniq belgilanishi uchun Rossiya aktivlaridan olinadigan daromadlarni alohida qayd etishga majburlashni taklif qildi. 12 dekabrdan boshlab ushbu foydani aksiyadorlar va boshqa manfaatdor shaxslar o‘rtasida taqsimlash taqiqlangan. Yevropa komissiyasi barcha summani butunlay markaziy depozitariyda qoldirishni buyurdi.

Haqiqiy raqamlar va jarayonlarning tafsilotlari ochiqlanmagan. Yevrokomissiya ularni Yevropa Ittifoqi kengashiga taqdim etdi, u keyingi harakatlar to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Aniq sanalar hozircha noma’lum. 20 dekabr kuni Germaniya Federal prokuraturasi Frankfurt-Mayndagi Oliy mintaqaviy sudga Rossiya Milliy hisob-kitob depozitariysi - Moskva birjasi bo‘linmasi hisobvaraqlarida saqlanayotgan 720 million yevrodan ortiq mablag‘ni musodara qilish talabi bilan murojaat etgani ma’lum bo‘ldi.

Mavzuga oid