O‘zbekiston | 19:28 / 11.01.2024
17701
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev mudofaa sanoati majmualari bilan tanishdi

Mudofaa vazirligining bir nechta texnik bo‘linmalari negizida keng ko‘lamli qurilish ishlari bajarilgan, mavjud obektlar mukammal ta’mirlangan va rekonstruksiya qilingan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti, Qurolli kuchlar oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 11 yanvar kuni Mudofaa sanoati agentligining Toshkent viloyatida joylashgan ishlab chiqarish klasteriga tashrif buyurdi.

«Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Qurolli kuchlarimizni isloh qilish va har tomonlama modernizatsiya qilish, ularni zamonaviy talablarga to‘liq javob beradigan, Yangi O‘zbekistonning mustaqilligi va suvereniteti, xalqimiz xavfsizligi va farovonligini kafolatli ta’minlashga qodir yangi armiyaga aylantirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Xususan, keyingi yillarda qo‘shinlarning tezkor va jangovar tayyorgarligi samarasi va sifatini oshirish, harbiy xizmatchilarning malaka va ko‘nikmalarini yuksaltirish uchun zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida zarur infratuzilmaga ega bir qator o‘quv poligonlari barpo etildi va bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Shu bilan birga, bugungi kunda yangi bosqichga ko‘tarilayotgan mudofaa sanoatini modernizatsiya qilish va salohiyatini oshirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Aynan shu maqsadda o‘tgan yilning yanvar oyida Prezident Mudofaa sanoati agentligini Mudofaa vazirligi tizimiga o‘tkazish va uning faoliyatini yanada rivojlantirish yuzasidan topshiriq bergan edi.

Agentlik tomonidan zarur harbiy-texnik mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, zamonaviy harbiy texnikalarni xarid qilish va qo‘shinlarga yetkazish hamda mavjud qurol-aslaha namunalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Bugungi tashrif davomida prezidentga Mudofaa sanoati agentligining ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar va kelgusi rejalar to‘g‘risida batafsil axborot berildi.

Davlat rahbarining topshirig‘iga muvofiq qisqa muddatda Mudofaa vazirligining bir nechta texnik bo‘linmalari negizida keng ko‘lamli qurilish ishlari bajarildi, mavjud obektlar mukammal ta’mirlandi va rekonstruksiya qilindi. Klaster hududiga Mudofaa vazirligining texnikani ta’mirlash zavodi va Markaziy avtomobil texnikasini saqlash bazasi ko‘chirildi.

Yangi klaster hududida joylashgan korxonalar o‘zaro integratsiya qilinib, ularning yagona ta’mirlash sexlari tashkil qilindi. Mazkur korxonalarda qurol-yarog‘ va harbiy texnika, radiolokatsiya qurilmalari, optik va elektron-optik asboblar, o‘qotar va artilleriya qurollari modernizatsiya qilinmoqda hamda metallarga yuqori aniqlikda ishlov berilmoqda.

Davlat rahbari ushbu quvvatlar faoliyati bilan tanishib, sohaga ilg‘or texnologiyalarni keng jalb qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish zarurligini qayd etdi, korxonalar faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Sanoat tarmoqlariga, shu jumladan mudofaa sanoatiga «yashil» texnologiyalarni keng joriy qilish bo‘yicha belgilangan vazifalarga muvofiq hamda elektr energiyasini iqtisod qilish maqsadida klaster hududida quyosh panellari o‘rnatilgan. Bu ishlab chiqarish jarayonlarining elektrga bo‘lgan ehtiyojining katta qismini muqobil manbalar hisobidan ta’minlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, davlatimiz rahbariga Mudofaa sanoati agentligining yangi klasteridagi ishlab chiqarish quvvatlari tomonidan ta’mirlangan va modernizatsiya qilingan harbiy texnika va qurol-yarog‘ namunalari namoyish etildi.

Tashrif chog‘ida Oliy Bosh Qo‘mondon yangi turdagi harbiy mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha korxona faoliyatiga start berdi. Mahsulotlarning yuqori sifatini ta’minlash, muhandis va mutaxassislar malakasini oshirish zarurligini ta’kidladi.

Yakunda prezident mutasaddilarga mudofaa sanoati korxonalarining ishlab chiqarish imkoniyatlarini yanada kengaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.

Mavzuga oid