Uyqusizlik, holsizlik, burun bitishi yoki kislorod yetishmasligi Toshkent shahri aholisi o‘rtasida oxirgi kunlarda ko‘paydi. Chunki poytaxt havosi bir necha kundirki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti belgilagan me’yordan o‘nlab barobar ko‘proq ifloslanlanyapti. Mas’ullar bu masalaga qachon e’tibor qaratishi hozircha noma’lum. Xo‘sh, oddiy aholi qanday qilib iflos havodan o‘zini himoyalay oladi, tanadagi kislorodni yaxshilash uchun nimalar iste’mol qilish kerak? Bu haqda Xalq tabobati assotsiatsiyasi raisi Ro‘zimuhammad Xonnazarov o‘z tavsiyalarini berdi.
Qonning sifati havoga bog‘liq
Tabiblar sultoni Ibn Sino inson tanasidagi qonning sifati u olayotgan havoga bog‘liqligini aytadi. Inson tabiatning bir bo‘lagi, o‘sha 4 unsur, yer, suv, havo va olov inson tanasida ham bor: qon, balg‘am, safro, savdo.
Qonimizning sifati nega biz olayotgan havoga bog‘liq? Chunki biz ovqatdan ozuqa olishdan tashqari, asosiy ozuqani havodan olamiz. Bu qonimiz kislorodga to‘yinishi uchun havo tarkibida kislorod yetarli bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, bu havoda zaharli moddalar ko‘payib ketgan. Bolalar, qariyalar shu havodan nafas olyapti. Hozir hatto o‘rta yoshdagilar ham bu havoda holsizlanib qolyapti. Chunki qoni quyuqlashgan, ya’ni havoning sifati buzilgani sari inson tanasidagi qon quyuqlashadi. Qon quyuqlashganidan keyin infarkt, insult, stenokardiya kasalliklari kuzatiladi. Hozir xohlagan insonning qonini tekshirsa, quyuq chiqadi. Bu inson tanasidagi a’zolarning ishdan chiqishiga olib keladi. Nafaqat yurak, balki buyrak, o‘pka ham ishdan chiqadi.
Sayohatga chiqish
Toshkentda muqim yashagan, oylab-yillab shu muhitdan boshqa bir muhitga chiqmagan odam, albatta, xafaqon kasalligiga duchor bo‘ladi. Xafaqon bu – qonning quyuqlashishi. Ekologiya zaharlangan hududda yashaydigan inson tez-tez sayohat qilib, havo almashtirib turishi kerak. Hech bo‘lmasa, Toshkent atrofidagi tog‘oldi, tog‘ga yaqinroq hududlarga chiqib kelishi kerak. Haftada bir marta boshqa hududga chiqib kelgan odamning qoni tekshirilsa, suyulgan bo‘ladi.
Tirik suv yoki o‘rnini bosuvchi mahsulotlar
Bundan tashqari, qonning sifatini yaxshilash uchun tirik suv ichish tavsiya qilinadi. Tirik suv bu – oqayotgan daryo suvi. Ko‘pqavatli uylarda yashaydiganlar uchun tirik suvni topish qiyin. Uning o‘rnini qanday to‘ldirsa bo‘ladi? Tirik suv tabiiy o‘simliklar tarkibida, poliz ekinlari, mevalarda bo‘ladi. Inson bir kunlik kislorodga bo‘lgan talabini qondirmoqchi bo‘lsa, kuniga 200 gramm poliz ekinlari yoki mevalardan olinadigan sharbatni ichishi kerak. Masalan, qizil lavlagi, sabzi va olmadan olinadigan sharbatni ertalab ichgan odam kun davomidagi kislorod tanqisligidan omon qoladi. Bunga qo‘shimcha, sifatida asalni ham aytishim mumkin.70 gramm ertalab yeyilgan asal yoki kechqurun uxlashdan oldin shuncha miqdorda asal yeyilsa yoki suvga qo‘shib ichilsa, uy sifati yaxshilanadi. Bu ham kislorodning yaxshi aylanishiga yordam beradi.








