Jahon | 10:05 / 14.01.2024
15382
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya uchinchi davlat fuqarolari va yuk mashinalarining Belarus chegarasidan o‘tib-qaytishiga taqiq qo‘ydi

Natijada Rossiya-Belarus chegarasining har ikki tomonida Qozog‘iston, Qirg‘iziston haydovchilari bilan birga o‘zbekistonlik haydovchilar boshqaruvidagi yuk mashinalari to‘planib qolgan.

Foto: Transport vazirligi

2024 yil yanvar oyidan boshlab, Belarus-Rossiya chegarasidagi “Krasnaya gorka”, “Rudnya”, “Krasnyy kamen” nazorat punktlaridan uchinchi davlat fuqarolarining o‘tishi cheklangan. Bu haqda O‘zbekiston transport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yangi tartibga muvofiq ikki davlat chegarasidan faqat Rossiya va Belarus fuqarolari erkin o‘tishi (kirish va chiqish) mumkin.

Ushbu tartib avtotransportda xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirayotgan haydovchilarga ham tegishli.

Uchinchi davlat (shu jumladan YeOIIga a’zo davlatlar) fuqarolari bo‘lgan xalqaro yuk tashuvlari faoliyati bilan shug‘ullanuvchi haydovchilar Rossiyaga kirishi va mamlakatni faqat xalqaro chegara-nazorat punktlari orqali tark etishi mumkin.

Yangi tartibning joriy etilishi ortidan uchinchi davlat, xususan, O‘zbekiston fuqarolari boshqaruvida bo‘lgan yuk mashinalarining Rossiya-Belarus chegarasida to‘planib qolish holati kuzatilgan.

Qayd etilishicha, yuzaga kelgan mazkur holat O‘zbekiston va Belarus hamda Rossiya transport vazirliklari rahbariyati darajasida muhokama etilgan.

“O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi rahbariyati tomonidan ushbu holatda milliy tashuvchilarimiz manfaatlarini inobatga olgan holda Hukumat darajasida yechim topish yuzasidan diplomatik kanallar orqali muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid