Jahon | 10:39 / 15.01.2024
12788
4 daqiqa o‘qiladi

Namibiya Isroilni qo‘llab-quvvatlagan Germaniyani keskin tanqid qildi

Namibiya Berlinning Haagada Isroilni qo‘llab-quvvatlash niyatini «hayratlanarli» deb baholadi. U Germaniyani «o‘zining dahshatli tarixidan saboq chiqarmaganlikda» aybladi.

Foto: AFP/R. Bosch

Namibiya Germaniya hukumatining Haagadagi BMT Xalqaro sudida Isroilni himoya qilish uchun nutq so‘zlash niyati haqidagi bayonotini tanqid qildi. 13 yanvar kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi postda Germaniya «o‘zining dahshatli tarixidan saboq olmaganlikda» ayblangan. Afrika davlati prezidenti Xage Geyngob Berlinning Isroilni qo‘llab-quvvatlash haqidagi «hayratlanarli» qaroridan chuqur xavotir bildirdi. 

Isroilning HAMAS tashkilotiga qarshi harbiy operatsiyasi matbuot uchun bayonotda «irqchi Isroil davlati tomonidan G‘azodagi begunoh tinch aholiga qarshi genotsidga urinish» deb atalgan. 

Namibiya Berlinga 20-asrdagi birinchi genotsidda aybdorligini eslatdi 

Vindxukdagi prezident kanselyariyasi Germaniya hukmronligi ostida Namibiyada sodir etilgan mustamlakachilik jinoyatlari va Berlin XX asrda o‘sha paytdagi nemis koloniyasi hisoblangan Janubi-G‘arbiy Afrikada o‘n minglab namibiyaliklar o‘ldirilgan g‘ayriinsoniy va shafqatsizlarcha sodir etilgan birinchi genotsid uchun javobgar ekanini eslatib o‘tdi. Germaniya G‘azo sektoridagi «Xolokost va genotsidga tenglashtirilgan harakatlar»ni qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlangan hisobotda buning uchun hali ham tovon puli to‘liq to‘lanmagani aytiladi.

Prezident Geyngob Berlinni Isroilni qo‘llab-quvvatlash niyatidan voz kechishga chaqirdi. 

2023 yil oxirida Namibiyaga qo‘shni bo‘lgan Janubiy Afrika Respublikasi hukumati tomonidan BMT Xalqaro sudiga Isroilga qarshi da’vo arizasi kiritildi. Unda ular Isroil hukumatini G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga majburlovchi vaqtinchalik rezolyutsiya qabul qilinishini talab etgan. Shu bilan birga, JAR Isroil Genotsid jinoyatining oldini olish va uning uchun jazolash to‘g‘risidagi konvensiyani buzayotganiga ishora qildi. JAR prezidenti Siril Ramaposa BMT sudiga murojaat qilish uning mamlakatining prinsipial pozitsiyasi ekanini ta’kidladi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 23 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid