Jahon | 11:00 / 18.01.2024
2662
3 daqiqa o‘qiladi

Polshada viza mojarosi: tashqi ishlar vaziri sobiq o‘rinbosari qo‘lga olindi

Pyotr Vavjik Polsha konsulliklarida vositachi kompaniyalar orqali muhojirlarga vizada yordam berish uchun pora olganlikda gumonlanmoqda.

Foto: Agnieszka Sadowska/AP/picture alliance

Polshada korrupsiyada gumonlanayotgan Polsha tashqi ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Pyotr Vavjik qo‘lga olindi. 17 yanvar, chorshanba kuni Polshaning Korrupsiyaga qarshi kurashish markaziy byurosi aniqlik kiritishicha, «Qonun va adolat» partiyasi a’zosi bo‘lgan diplomat «vizalar berish masalasi tez ko‘rib chiqilgani uchun pul mukofoti olgani» bo‘yicha tergov qilinmoqda. 

2019 yildan Pyotr Vavjik Polsha tashqi ishlar vazirligida konsullik masalalari uchun mas’ul bo‘lib kelgan. 2023 yil avgust oyida u to‘satdan bu lavozimdan chetlatildi. Shu bilan birga, Korrupsiyaga qarshi byuro u rahbarlik qilgan bo‘limda tintuv o‘tkazdi.

Osiyo va Afrikadan kelgan muhojirlarga Polsha vizalari noqonuniy berilishi

Polsha ommaviy axborot vositalari yozishicha, Vavjik vositachi kompaniyalar Polshaga rasmiy tartibni chetlab o‘tib, katta miqdordagi pul evaziga viza olishni xohlovchilarga taklif qilgan sxemada ishtirok etgan. Natijada Osiyo va Afrika davlatlaridan kelgan muhojirlar Shengen kelishuvida ishtirok etuvchi davlatlar, jumladan, Germaniya hududiga noqonuniy ravishda kirishga muvaffaq bo‘ldi. Ta’kidlanishicha, bunday mijozlar orasida ko‘p martalik vizalar ayniqsa talabga ega. 

Polsha prokuraturasi avvalroq xabar berganidek, ushbu ish yuzasidan yetti nafar shaxsga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, Polshaning qator arab davlatlari, shuningdek, Filippin, Singapur, Hongkong va Tayvandagi konsulliklarida bir necha yuzlab mehnat vizalari berilishi bilan bog‘liq holatlar o‘rganilmoqda. Ayni paytda, Yevropa kengashi sobiq rahbari Donald Tuskning «Fuqarolik platformasi» partiyasi vizalarni suiiste’mol qilish ko‘lami aslida ancha katta ekanligini da’vo qilmoqda.

Polshadagi viza mojarosida Pyotr Vavjikning roli 

Ukrainaning «Yevropa haqiqati» onlayn-nashriga ko‘ra, Pyotr Vavjik shaxsan konsullarga ma’lum bir guruh odamlarga viza berishni buyurgan, bu esa qoidabuzarlikdir. Agar Pokiston yoki Bangladesh kabi davlatlardan kelganlar haqida gapirilsa, bunday xizmat uchun migrantlar taxminan 4000-5000 AQSh dollari va undan ko‘p pul to‘lashi kerak bo‘lgan.

Polshadagi viza mojarosi 2023 yil sentabrida ma’lum bo‘lgan edi. 15 sentabr kuni Polsha tashqi ishlar vazirligi vizalar olishda vositachi kompaniyalar bilan tuzilgan barcha shartnomalarni to‘xtatayotganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, mamlakatdagi barcha konsullik muassasalarida tekshiruvlar e’lon qilindi. 

Polsha tashqi ishlar vazirligidagi huquqbuzarliklar haqidagi xabarlar ayniqsa kuchli rezonansga ega bo‘ldi, chunki Vavjikning harakatlari Polshada migratsiya siyosatini kuchaytirishni talab qilayotgan partiyasi rasmiy pozitsiyasiga zid. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid