Xarkivga raketa zarbasi va Chechenistondan urushga yo‘l olgan ko‘ngillilar. Urush suratlari
Ukrainada urushning 693-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Emmanuel Makron fevral oyida xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi kelishuvni imzolash uchun Ukrainaga tashrif buyurishini ma’lum qildi.
- Germaniya hukumati 2024 yilda Ukrainaga harbiy yordam sifatida yetti milliard yevrodan ortiq mablag‘ ajratishini ma’lum qildi.
- Xitoy bosh vaziri Li Syan ukrain tomoni iltimos qilganiga qaramay, Davosda Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuv o‘tkazishdan bosh tortdi, deb xabar qilgan Politico. Ukraina prezidenti esa Li Syan bilan uchrashuv rejalashtirmagani, uning maqomi bunga to‘g‘ri kelmasligini aytgan.
- Rossiya qo‘shini Xarkiv bo‘ylab raketa zarbasi yo‘lladi. 17 kishi jarohatlanib, halok bo‘lgan. RF mudofaa vazirligi zarba «xorijlik jangarilarning vaqtincha dislokatsiya punkti»ga yo‘llanganini bildirgan.
- Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen mamlakatning YeIga kirishi doirasida ukrain qonunchiligining Yevropa qonunchiligiga mosligini tekshirish boshlangani haqida ma’lum qildi.
- Bryansk oblastida Mi-8 vertolyoti federal avtotrassaga avariyaviy qo‘nishni amalga oshirdi.
Chechenistondagi mashg‘ulotlardan keyin frontga yo‘l olgan «Axmat» jangchilari
Xarkiv va Odessa bo‘ylab zarbalar oqibatlari
16 yanvar kuni kechqurun rossiyalik harbiylar raketalar bilan Xarkiv markazini o‘qqa tutdi (taxminlarga ko‘ra, Belgorod oblasti tomondan S-300 zenit-raketa kompleksidan uchirilgan ikkita raketa kelgan, deydi oblast ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov). Bir kishi halok bo‘lgan, 17 kishi yaralangan (shundan 16 nafari — 38 yoshdan 90 yoshgacha bo‘lgan ayollar). Kamida o‘nta turar joy binosi shikastlangan. RF mudofaa vazirligi versiyasiga ko‘ra, zarba «asosan fransuz yollanma jangchilaridan iborat bo‘lgan xorijlik jangarilarning vaqtincha joylashuv manzili» bo‘ylab berilgan.
Bir necha soat o‘tib Rossiya qo‘shini dronlar bilan Odessaga hujum qildi. Ukraina QK havo kuchlari qo‘mondonligiga ko‘ra, hujumda 20 ta dron qo‘llangan, shundan 19 tasi ukrain harbiylari tomonidan urib tushirilgan. Odessa oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Kiper uch kishi jarohatlangani haqida xabar bergan. Shuningdek turar joy binosi shikastlangan, u yerda yashovchi 130 kishini evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan.
Frontda halok bo‘lgan askarlar uchun Kiyevda o‘rnatilgan yodgorlik