Jahon | 18:31 / 19.01.2024
5785
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda 1 martdan yagona vaqt mintaqasiga o‘tiladi

Mamlakatda xuddi O‘zbekistondagi kabi UTC+5 vaqt mintaqasi joriy qilinadi. 

Foto: zhaikpress.kz

2024 yil 1 martdan boshlab butun Qozog‘iston bo‘ylab yagona soat mintaqasi (UTC+5) amal qiladi. Tegishli o‘zgartirishlar «Qozog‘iston Respublikasi hududida vaqtni hisoblash tartibi to‘g‘risida»gi hukumat qaroriga kiritildi. 

Ostona, Olmaota, Chimkent, Aqmo‘la, Jambil, Qarag‘anda, Qo‘stanoy, Pavlodar, Shimoliy Qozog‘iston, Turkiston, Sharqiy Qozog‘iston, Abay, Jyetisu, Ulitov viloyatlarida 29 fevraldan 1 martga o‘tar kechasi mahalliy vaqt bilan 00:00 da soat millari 1 soat orqaga suriladi. 

Hozir Qozog‘istonda ikkita vaqt zonasi qo‘llanilmoqda: UTC+5 va UTC+6. Mamlakat hududining katta qismi (g‘arbiy viloyatlar bundan mustasno) UTC+6 zonasida joylashgan. 

Qozog‘istonlik olimlar va ekspertlar tabiiy vaqtga yaqinroq bo‘lish uchun yagona vaqt mintaqasini tashkil etishni taklif qilishdi. Mutaxassislarning fikricha, bu turli hududlar aholisi o‘rtasidagi vaqtinchalik to‘siqlarni bartaraf etish, transport va boshqa kommunikatsiyalar faoliyatini muvofiqlashtirishni yaxshilash, biznes yuritish hamda davlat organlari va favqulodda vaziyatlar xizmatlarining o‘zaro hamkorligiga foydali ta’sir ko‘rsatadi. 

Ma’lumot o‘rnida, ikkita vaqt mintaqasi O‘zbekistonda ham amalda bo‘lgan va 1991 yil sentabr oyida UTC+5 yagona vaqt mintaqasiga birlashtirilgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid