Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropada kuchli qor yog‘ishi yo‘llarda muammolarga olib keldi
Germaniya va Yevropaning bir qator boshqa mamlakatlarida kuchli qor yog‘ishi va muzlama kilometrlarga cho‘zilgan tirbandliklar, poyezdlar va yuzlab reyslarning bekor qilinishiga olib keldi.
17 va 18 yanvar kunlari Germaniyaning g‘arbiy hududlarida «Gertrude» sikloni sabab bo‘lgan kuchli qor va muzlamalar tezyurar yo‘llarda muammolarni keltirib chiqardi. Shu tariqa, 18 yanvar, payshanba kuni Reynland-Pfalsning Koblens tumanidagi A61 avtobanida 50 kilometr uzunlikdagi tirbandlik yuzaga keldi, deb xabar berdi mahalliy politsiya. Uning so‘zlariga ko‘ra, payshanbaga o‘tar kechasi yo‘llarda «to‘liq tartibsizlik» hukm surgan va kun davomida mintaqada kamida 80 ta YTH sodir bo‘lgan. Payshanba kuni tushdan keyin tirbandlik asta-sekin bartaraf etildi.
17 yanvar kuni kechqurun xuddi shu federal yerda hamda Bad-Xonnef va Noyshtadt shaharlari o‘rtasidagi A3 avtobanida ko‘p sonli yuk mashinalarining to‘xtab qolgani yoki yo‘lni to‘sib qo‘ygani sababli uzunligi 20 kilometrdan ortiq tirbandlik yuzaga kelgan. Shimoliy Reyn-Vestfaliyadagi Dyuren va Belgiya chegarasi o‘rtasidagi A4 avtobanida ikki yo‘nalishda uzunligi 20 kilometrdan ortiq bo‘lgan yana bir tirbandlik yuzaga keldi.
Gessenda payshanbaga o‘tar kechasi Bad-Xersfeld shahri yaqinida, A7 avtobanida, shuningdek, muz ustida ko‘p kilometrlik ko‘tarilishdan o‘ta olmagan yuk mashinalari tufayli 30 kilometrlik tirbandlik yuzaga keldi. Fulda politsiyasi ma’lum qilishicha, yong‘in xavfsizligi xizmati (Germaniyada u favqulodda vaziyatlar vazirligi vazifasini bajaradi) va Qizil Xochning «asosan piyoda yurgan» xodimlari tun bo‘yi yo‘lda qolgan haydovchilarga yordam bergan.
Reynland-Pfals politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, texnik xizmatlar ishi va ob-havoning «sezilarli» yaxshilanishi tufayli payshanba kuni tushdan keyin transport harakati asosan tiklangan.
Frankfurtda 300 dan ortiq reys bekor qilindi
Chorshanba va payshanba kunlari Germaniyaning bir qator aeroportlarida vaziyat izdan chiqdi. Germaniyaning Frankfurt-Mayndagi eng yirik aeroporti chorshanba kuni barcha faoliyatini to‘xtatib, payshanba kuni ish boshladi. Biroq payshanba kuniga belgilangan mingga yaqin reysdan 300 dan ortig‘i noqulay ob-havo sharoiti tufayli bekor qilindi. Payshanba kuni Myunxen aeroporti normal ishladi, ammo g‘arbdagi Saarbryuken shahridagi aeroport butunlay yopildi.
Noqulay ob-havo tufayli Shtutgart va Parij o‘rtasida tezyurar poyezd qatnovi to‘xtatildi.
Fransiyada tirbandlik, Lyuksemburgda jamoat transporti ishi to‘xtadi
Fransiya shimolida chorshanbadan payshanbaga o‘tar kechasi yog‘gan qor yuzlab kilometrlik tirbandliklarning paydo bo‘lishiga, yo‘l harakati muammolariga va ko‘plab turdagi jamoat transporti harakati to‘xtatilishiga olib keldi, deb xabar berdi EFE. Parij atrofidagi mintaqada qor yog‘ishi payshanba kuni ertalab avtobus yo‘nalishlari to‘xtatilishiga olib keldi. Fransiya shimolidagi ko‘plab departamentlarda yuk mashinalari harakati ham cheklandi.
Norvegiyada Oslo aeroporti payshanba kuni o‘z faoliyatini qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldi, biroq u yerda ham havo qatnovida qiyinchiliklar yuzaga keldi. Qor shunchalik ko‘pki, uchuvchilar yerdagi chiroqlarni ko‘ra olmayapti, shuning uchun barcha reyslar vaqtincha qoldirildi, dedi Norvegiya milliy aeroporti operatori Avinor vakili. Bundan tashqari, Norvegiya sharqidagi ayrim hududlarda poyezdlar qatnovi to‘xtatilgan.
Belgiya va Lyuksemburgda noqulay ob-havo tufayli sariq ogohlantirish darajasi kuchda qolmoqda. Lyuksemburgda kuchli qor yog‘ishi jamoat transporti ishini to‘xtatib qo‘ydi: poytaxtda tramvay va avtobuslar, shuningdek, ayrim poyezdlar harakati bekor qilindi.
Mavzuga oid
08:17 / 18.06.2026
Yevropada so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik infratuzilma loyihalaridan biri boshlandi
09:15 / 15.06.2026
Yevropa yetakchilari AQSh–Eron kelishuvini olqishladi
08:18 / 15.06.2026
Yevropa aholisi qaysi mamlakatlarda o‘zini xavfsiz his qiladi?
10:15 / 13.06.2026