O‘zbekiston | 09:00 / 20.01.2024
8484
6 daqiqa o‘qiladi

Bolaga berayotgan ovqatimizdan ham muhimroq narsa uning ongiga ta’sir qiluvchi kontentlardir - Sherzodxon Qudratxo‘ja

Global tarmoq g‘oyaviy qurolga aylangan zamonda yashayapmiz. Bu davrda urushlar jang maydonlaridan ko‘ra ko‘proq raqamli dunyoda yuz beryapti. Endigina hayotni taniyotgan bolalarimiz virtual olamga bog‘lanib qolgan bir davrda atrofda aylanayotgan zamonaviy da’vat va tahdidlarga nisbatan immunitetni shakllantirish uchun nima qilish kerak? Axborotlashgan jamiyatda o‘smirlarga mo‘ljallangan milliy kontent yaratish jarayonida qaysi jihatlarga ko‘proq urg‘u berish lozim?

Mavzu yuzasidan O‘zbekiston Milliy media birlashmasi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.

- Bir narsaga e’tiborni kuchliroq qaratishni istar edim. Bu – bugungi kunda shaxsni bolalikdan shakllantiruvchi omillar. Yoshligimizda universitetimizda o‘smirlar uchun kinostudiya, kino va multfilmlar bo‘lar edi. Mustaqillik farzandlari qariyb 33 yoshga to‘lyapti, lekin hali, afsuski, bizda bolalar uchun mo‘ljallangan multfilmlar mavjud emas. Xohlaysizmi-yo‘qmi, bolaning qo‘liga ota-onasi telefon, kompyuter, planshet beradi yoki bolalar kuni bo‘yi multfilm ko‘radi, lekin hech qaysi ota-ona “bolam qanday multfilm tomosha qilyapti ekan?” deb o‘ziga savol bermaydi.

Multfilmni ko‘rgan bola, albatta, unga taqlid qiladi. Masalan, “Masha va medved”. Bu multfilm ba’zi mamlakatlarda taqiqlangan ekan. Buning sababini olimlar bilan tahlil qildik. Multfilmdagi katta ayiqni boshqaradigan, uni manipulatsiya qiladigan qizchada injiqlik, ayyorlik, takabburlik va o‘z aytganini qildirish degan tushunchalar mavjud. Qiz yig‘laydi, to‘polon qiladi va katta ayiq faqat shu qizchani ovutadi. Buni ko‘rgan farzandlarimiz Mashaga taqlid qiladi va ota-onasiga o‘zining “kaprizi” – injiqligini ko‘rsatadi. Bu bolaning nihoyatda xudbin bo‘lib ulg‘ayishiga ta’sir qiladi.

Ikkinchisi “Peppi cho‘chqachasi”. Mazkur multfilm uni tomosha qilgan odamga yaxshidek tuyuladi. Lekin e’tibor bering, cho‘chqa – tabiatan nopok hayvon. Shuningdek, ovqatlanishi estetika qoidalarga to‘g‘ri kelmaydi. Ushbu multfilm ham bolalarda o‘zini tutish bo‘yicha salbiy fazilatlarni uyg‘otish kuchiga ega.

Hozirgi zamon bolalari ota-ona bilan gaplashmaydi. Uning qo‘lida hamisha planshet, telefon turadi. Nima bo‘lganda ham bola yig‘lamasa bo‘ldi, kattalar shu orqali “oson ovutish yo‘li”ga o‘tib olishgan. O‘smirlar kunining katta qismini virtual dunyoda o‘tkazadi.

Milliy kontent deganda “Zumrad va Qimmat”, Sariq devni minib”, “Hoshimjonning sarguzashtlari” singari mediamahsulotlarni yaratishni ham tushunishimiz lozim. Bolalarning o‘zi tanigan va sevgan milliy yozuvchilari, milliy shoirlari bo‘lishi shart. Farzandlarimizga biror yegulik berayotganda shifokordan o‘n martalab, “bolamga qanday mahsulot bersam bo‘ladi?”, “uning tarkibi nimalardan iborat?”, “qanday vitaminlari bor, kalsiysi ko‘pmi, temir moddasimi?” deb so‘raymiz. Bolamizning o‘sishi, sog‘lom rivojlanishini istaymiz shu tarzda. Lekin bugun hech kim o‘ziga savol bermayapti: “bolam nimani tomosha qilyapti, farzandim ongi qanday shakllanyapti?” deb. O‘ylaymanki, bugungi kunda bolaga berayotgan ovqatimizdan ham muhimroq narsa uning ong osti, dunyoqarashiga ta’sir qiluvchi kontentlardir. Va bu masala bizning milliy xavfsizligimiz uchun eng muhim masala sanaladi.

XXI asr o‘zbek milliy multfilmlari, o‘smirlar va bolalar kinoindustriyasini yaratish vaqti keldi

Xorijiy seriallarni praym-taym vaqtida namoyish etishimiz aslida noto‘g‘ri. Hech qaysi davlat bunday qilmaydi.

Qani O‘zbekiston rejissyorlari, qani O‘zbekiston kinochilari? Nimaga yaxshi filmlar, multfilmlar yaratmaysizlar? Biz 40 millionga yaqinlashayotgan mamlakatmiz. Dunyoda 50-60 million o‘zbek bor. O‘zimizning XXI asr milliy multfilmlarimiz, o‘smirlar va bolalar kinoindustriyasini yaratishimiz kerak, axir.

Amerika kinolarini ko‘p tomosha qilgan odam sifatida shuni aytamanki, u mamlakat kinolarida doim 25-kadrda Amerika bayrog‘i, Amerika prezidenti, Amerika davlati bo‘ladi. Masalan, «Blue Ray” degan filmdagi bir askarni qutqarish bo‘yicha operatsiyani misol sifatida olaylik. Bir dona askarni qutqarish uchun butun boshli Amerika Qo‘shma Shtatlari armiyasi kurashadi. Bu kabi kontent orqali Amerika fuqarolari o‘zining bayrog‘i, o‘zining davlatidan g‘urur hissini orttiradi.

O‘ylaymanki, milliy kontentimizda shonli tariximiz, bizning bugungi kunimiz to‘liq aks etishi kerak.

Mavzuga oid