Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bolalarga qanday hollarda ingalyatsiya mumkin emas? – mutaxassis javob berdi
Kuz kelishi bilan bolalar orasida nafas yo‘llari infeksiyalari keskin ko‘payadi. Bunday paytda ko‘plab ota-onalar farzandlarini uy sharoitida ingalyatsiya orqali davolashni afzal ko‘radi. Xo‘sh, bu usul qanchalik to‘g‘ri? Ingalyatsiyaning foydasi qanday va uni qo‘llashda nimalarga e’tibor berish kerak? Qaysi hollarda ushbu muolaja tavsiya etilmaydi? Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassisi mazkur savollarga javob berdi.
Kuz kirib, havo harorati pasaygan sari inson organizmi sovuq mavsumga moslasha boshlaydi. Ushbu davrda turli virus va bakteriyalar faollashib, gripp hamda O‘RVI kabi kasalliklar ko‘payadi. Ayniqsa, bolalarda nafas yo‘llari infeksiyalari yilning boshqa fasllariga nisbatan ko‘proq uchraydi. Bunday paytda aksar ota-onalar farzandlarini uy sharoitida ingalyatsiyadan foydalanib davolashga urinishadi.
Oliy toifali shifokor Ravshanbek Umarovning aytishicha, ingalyatsiya – nafas yo‘llariga dorilarni to‘g‘ridan to‘g‘ri yuborish usuli bo‘lib, bolalar uchun foydali hisoblanadi. Uni asosan, nafas yo‘llari kasalliklari, bronxit, astma, tonzillit va o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI) davrida qo‘llash mumkin.
Mazkur davolash usulining afzalligi shundaki, ingalyatsiya yo‘li bilan qilinadigan malham bemorga tez ta’sir ko‘rsatadi. Sababi u orqali dori moddalari bevosita hujayralarga yetib borib, xastalik alomatlari yengillashadi.
Ingalyatsiyaning turlari har xil. Ulardan ba’zilari shifokor tavsiyasi bilan amalga oshirilsa, boshqalari uy sharoitida qo‘llanishi mumkin. Xususan, nebulayzer zamonaviy qurilma bo‘lib, dorini aerozol (havoga purkaladigan, mayda zarrachalardan iborat tuman shaklidagi aralashma) ko‘rinishiga keltiradi. U bolalar uchun eng maqbul vosita hisoblanadi. Foydasi shundaki, dorilar to‘g‘ridan to‘g‘ri nafas yo‘llariga tushib, tez ta’sir ko‘rsatadi. Nebulayzerga shifokor tavsiyasi asosida berilgan maxsus dori vositalarini qo‘shish mumkin.
Bug‘li ingalyatsiya esa odatda sho‘r va dorivor moddalar qo‘shilgan suv yordamida ishlatiladi. U o‘smir bolalar uchun samarali hisoblansa-da, kichik yoshdagi bolalarga ehtiyotkorlik bilan qo‘llash lozim.
Aerozolli ingalyatsiya maxsus flakonlarda tarqatiluvchi dorilar bilan amalga oshirilib, astma va allergik reaksiyalar uchun ishlatiladi.
Ba’zi bemorlarga ingalyatsiya qilish tavsiya etilmaydi. Jumladan, tana harorati 38°S va undan yuqori bo‘lganda, o‘pka yoki yurak faoliyatining og‘ir buzilishlarida foydalanish mumkin emas.
Ingalyatsiya uchun dorilar aniqlangan kasalliklarga muvofiq shifokor tomonidan tanlanishi zarur. Muolajani o‘tkazishda quyidagi qoidalarga amal qilish kerak:
- bola tinch holatda bo‘lishi va to‘g‘ri nafas olishi;
- ingalyatsiyani taomlanishdan kamida 1 soat oldin yoki keyin o‘tkazish;
- muolaja vaqti 5-10 daqiqadan oshmasligi;
- nebulayzer tozaligiga e’tibor berish va uni har bir qo‘llashdan so‘ng yuvish zarur.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, ingalyatsiyadan o‘zboshimchalik bilan foydalanish ko‘ngilsiz holatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois uni qo‘llashdan avval, albatta, shifokor bilan maslahatlashish lozim.
Mavzuga oid
18:56 / 10.11.2025
Bolalarni ekrandan uzoqlashtirish uchun ijtimoiy tarmoqlarga taqiq: bu qanchalik samara beryapti?
11:08 / 13.09.2025
Bolalar uchun hajviy kinojurnallar yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qilindi
17:34 / 22.07.2025
Bolaning yoshiga qarab ehtiyojlar ham o‘zgaradi: onalar nimaga e’tibor berishi kerak?
16:22 / 24.05.2025