Jahon | 13:05 / 22.01.2024
4582
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: 500 ming kishini safarbar etish zaruratini ko‘rmayapman

Ukraina prezidentining ta’kidlashicha, u yarim million kishini safarbar qilish zarurligini bildiradigan «yetarlicha aniq tafsilotlarni» ko‘rmayapti.

Foto: Videodan kadr

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy urushga 500 ming kishini jalb qilish zaruratini hali ko‘rmayotganini aytdi. Bu haqda u 21 yanvar, yakshanba kuni Channel 4 News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Men hali yarim million kishini safarbar etish kerakligini aytish uchun yetarlicha aniq tafsilotlarni ko‘rmadim», dedi Zelenskiy. Prezident, shuningdek, safarbarlik masalasi, uning fikricha, birinchi navbatda, «adolat masalasi» ekanini ta’kidladi. «Chunki birinchi kundanoq urushda bo‘lganlar bor. Ularning shikoyat qilmayotgani odamlarning o‘rnini bosishi, dam olishi uchun imkoniyat bo‘lmasligi kerak, degani emas», - deya tushuntirdi davlat rahbari. 

«Ular adolatga loyiqdir, ularning o‘rnini boshqalar egallaydi. Va agar o‘qitilgan, professional odamlar yetarli bo‘lmasa, harbiylarga safarbarlik vositasi berilishi kerak, shunda ular jamiyatning bir qismini safarbar qilib, keyin tayyorlay oladi - bu juda muhim», - deya davom etdi Zelenskiy. U safarbarlik to‘g‘risidagi qonunni «aqlli va adolatli» deb atadi. 

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, safarbarlik holatida odamlar tegishli tayyorgarlikdan o‘tishini va barcha zarur jihozlarni olishini bilishi muhim. «U to‘g‘ridan to‘g‘ri zulmatga kira olmaydi. Ya’ni, savollar ko‘p. Safarbarlik haqidagi masala - avvalambor, adolatga taalluqli», - deya xulosa qildi prezident.

Ukrainada safarbarlik to‘g‘risidagi qonun 

2023 yil dekabr oyi oxirida Ukraina hukumati oliy radaga safarbarlik to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etdi, biroq 11 yanvarda u qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarildi. Qonun loyihasining birinchi tahririda hukumat, jumladan, safarbarlik uchun chaqiruv yoshini 27 yoshdan 25 yoshga qisqartirishni, fuqarolarni ikki - harbiy xizmatga «loyiq» va «noloyiq» toifaga bo‘lish, oraliq toifani istisno qilishni taklif etdi. Shuningdek, muddatli harbiy xizmatga chaqirishni kechiktirish va ozod qilish huquqiga ega bo‘lganlar ro‘yxatini belgilash ham ko‘zda tutilgan. 

Bundan tashqari, chaqiruv qog‘ozlarini topshirish tartibini soddalashtirish taklif etilyapti. Qonun loyihasiga ko‘ra, u shaxsan yoki elektron kabinet va elektron pochta orqali yetkazib berilishi mumkin. Xizmatdan bosh tortganlar uchun bir qator cheklovlar o‘rnatish taklif qilinmoqda. Ularga xorijga chiqish, ko‘chmas mulk bilan bitimlar tuzish, avtomobil haydash va kredit olish taqiqlanishi mumkin. 

«GUR» rahbari Kirill Budanov: Ukrainaga safarbarlik kerak

Ukraina mudofaa vazirligining bosh razvedka boshqarmasi («GUR») rahbari Kirill Budanov avvalroq frontda odam yetishmasligi sababli mamlakatda safarbarlik zarurligini bildirgan edi. «Biz safarbarliksiz eplay olishimizni tasavvur qilishning iloji yo‘q», dedi u Financial Times nashriga. 

Budanovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari (UQK)da sezilarli darajada kadrlar tanqisligi kuzatilmoqda, biroq Rossiyada ham bu borada muammolar mavjud. 

Mavzuga oid