O‘zbekiston | 18:01 / 24.01.2024
6633
3 daqiqa o‘qiladi

DXX uch hududda firibgarlik bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘ydi

Toshkentda 4,3 mlrd so‘m evaziga 72,5 mlrd so‘mlik suvi tarmog‘ini tortish loyihasini olib bermoqchi bo‘lgan mahkum va uning sheriklari, Farg‘onada yer sotmoqchi bo‘lgan uyushma raisi hamda Qarshida soxta hujjatlar tayyorlab, o‘qishni ko‘chirib bermoqchi bo‘lgan universitet yuristi qo‘lga olindi.

Foto: Videodan kadr

Respublikaning uch hududida bir necha shaxslar firibgarlik bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha ushlangan.

Jumladan, Toshkent shahrida yashovchi, 1970 yilda tug‘ilgan va Jizzax shahrida yashovchi, 1971 yilda tug‘ilgan 2 nafar shaxs o‘zaro kelishgan holda, qurilish firmasi rahbariga o‘zlarining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanidagi 72,5 mlrd so‘mlik ichimlik suvi tarmog‘ini tortish loyihasini tender savdolarisiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri olib berishni va’da qilib, evaziga obekt qiymatining 6 foizini, ya’ni 4 mlrd 350 mln so‘m talab qilishgan.

DXX xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ular so‘ralgan pul mablag‘idan 29 ming AQSh dollarini olgan vaqtlarida ushlangan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur noqonuniy ishga Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida joylashgan, IIV huzuridagi 44-sonli manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumning aloqadorligi aniqlangan: yuqoridagi pul mablag‘idan 28500 AQSh dollarini olgan vaqtida u ham qo‘lga olingan.

Shuningdek, Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanidagi bog‘dorchilik va polizchilikka ixtisoslashgan uyushma raisi hamda Davlat kadastrlar palatasi Uchko‘prik tuman filialining sobiq mutaxassisi hisoblangan, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlari uchun bir necha marotaba sudlangan shaxs o‘zaro kelishgan holda mazkur uyushma balansidagi 10 sotix yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib, kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 12600 AQSh dollari talab qilishgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda, ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qarshi davlat universitetining yuriskonsulti esa Koson tumanida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan fuqaroning Qozog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalaridan birida o‘qiyotgani to‘g‘risida soxta hujjatlar tayyorlab, o‘qishini Qarshi davlat universitetining tibbiyot fakultetiga ko‘chirib berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qilgan.

DXX xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda Qarshi shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pul mablag‘idan 8 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid