Jahon | 11:11 / 24.01.2024
3157
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya birinchi marta Ukrainaga harbiy vertolyotlar yetkazib beradi

Ukraina qurolli kuchlari oltita ko‘p maqsadli Sea King Mk41 vertolyotlarini, ular uchun zarur jihozlar va ehtiyot qismlarni oladi, deb xabar berdi Germaniya mudofaa vazirligi.

Foto: Wolfgang Minich/picture alliance

Germaniya hukumati birinchi marta Ukrainaga harbiy vertolyotlar yetkazib berishga qaror qildi. Ukraina qurolli kuchlari (UQK) oltita ko‘p maqsadli Sea King Mk41 vertolyotlari, zarur jihozlar va ular uchun ehtiyot qismlar to‘plamini oladi, deb xabar berdi Germaniya mudofaa vazirligi 23 yanvar, seshanba kuni navbatdagi «Ramshtayn» formatida yig‘ilish yakunlanganidan ko‘p o‘tmay. 

Bundan tashqari, ukrainalik harbiylar parvoz texnikasini boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha zaruriy tayyorgarlikdan o‘tadi. Germaniya mudofaa vazirligi rahbari Boris Pistoriusning so‘zlariga ko‘ra, dengiz Sea King Mk41 - «ukrainaliklarga ko‘plab sohalarda yordam beradigan tasdiqlangan va ishonchli vertolyot: u Qora dengiz uzra razvedkadan tortib askarlarni tashishgacha qo‘llanishi mumkin». «Bu Germaniyadan birinchi shunday yetkazib berish», - dedi Pistorius. 

Germaniya mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan keyin Germaniya Ukrainaga umumiy qiymati qariyb olti milliard yevroga teng harbiy yordam yetkazib bergan. Avvalroq, 2023 yil boshida Britaniya tomonidan ushbu rusumdagi ikkita vertolyot Ukrainaga topshirilgan edi. 

Amerikada ishlab chiqarilgan vertolyotlar 

Bundesver veb-saytida ta’kidlanganidek, ushbu rusumdagi vertolyotlar nemis harbiylari tomonidan 1970-yillarning o‘rtalaridan beri foydalaniladi. Germaniyada ularning asosiy maqsadi - qidiruv-qutqaruv xizmati. Bu vertolyot «katta harakat radiusiga ega - 1500 kmdan ortiq, radar va infraqizil kamera bilan jihozlangan, eng yomon ob-havo sharoitida ham ucha oladi». Yana bir afzallik - «amfibiya-vertolyotning maxsus dizayni», u, agar kerak bo‘lsa, suvga favqulodda qo‘nishga imkon beradi. 

Sea King Mk41 vertolyotlari 1959 yildan beri AQShda ishlab chiqariladi va Sikorsky Aircraft Corporation tomonidan ishlab chiqilgan. Amerika armiyasi ulardan 1961 yilda foydalanishni boshlagan. 

«Ramshtayn» formatidagi uchrashuv natijalari 

Shu kuni ertalab AQSh shafeligida tashkil etilgan Ukraina mudofaasi bo‘yicha («Ramshtayn» formati) aloqa guruhining 18-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ukraina ittifoqchilari mamlakat hukumatini keyingi harbiy yordamga, jumladan uzoq masofaga uchuvchi qurollar yetkazib berishga ishontirdi, dedi Ukraina mudofaa vazirligi vakili Illarion Pavlyuk. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, va’da qilingan qurol dushmanga ham front chizig‘ida, ham orqadan samarali zarba bera oladi, shuningdek, uning logistika markazlarini yo‘q qilish uchun foydali bo‘ladi. Uchrashuv onlayn tarzda o‘tkazildi. U yerda Ukraina delegatsiyasiga mudofaa vaziri Rustem Umerov boshchilik qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid