Jahon | 13:23 / 24.01.2024
1667
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaga yordam Italiyaning G7’dagi raisligi ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi

2024 yilda G7’ga raislik qiluvchi Italiya Ukrainaga yordam berishni kun tartibining asosiy mavzusiga aylantirishga qaror qildi.

Foto: AP

Italiya Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va sun’iy intellektni tartibga solishni 2024 yilda «Katta yettilik»da raisligining ustuvor yo‘nalishlariga aylantirmoqchi, deb xabar berdi Reuters 23 yanvar, seshanba kuni Rimdagi hukumat manbasiga tayanib

Ukrainadagi urush kontekstida G7’ning maqsadi Kiyevni har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishiga ishontirish va Rossiyaga hech qanday zaiflik belgilarini ko‘rsatmaslik bo‘ladi, deb yozadi agentlik. Bu yilgi G7 sammitidagi boshqa mavzular orasida - Yaqin Sharqdagi mojaro, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi, Afrika rivojlanishi va Xitoy bilan aloqalar bor, deb yozadi Reuters. 

G7 yetakchilari sammiti iyun oyi o‘rtalarida Italiyaning Apuliyasida bo‘lib o‘tadi. Joriy yilda vazirlar darajasida G7’ning jami 20 ta uchrashuvi tashkillashtiriladi. Mart oyi o‘rtalarida sanoat, texnologiya va raqamlashtirish haqida muhokamalar o‘tkaziladi. Keyinchalik sun’iy intellekt masalasi ko‘tarilishi mumkin. Reuters manbasiga ko‘ra, vazirlar texnologiyaning ish o‘rinlariga ta’siri, shuningdek, sun’iy intellektning axloqiy jihatlarini muhokama qiladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid