Jahon | 14:31 / 24.01.2024
1888
3 daqiqa o‘qiladi

YeI Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olinadigan daromadga soliq solishni rejalashtirmoqda

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari, Bloomberg agentligiga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining muzlatilgan aktivlaridan olinadigan daromadga soliq joriy etishni ma’qulladi. Bunday aktivlarni musodara qilish ma’qullanishi dargumon, garchi bu mavzu fevral oyida Yevropa Ittifoqi sammitida muhokama qilinadi, deb xabar bermoqda Reuters.

Foto: Getty images

Yevropa Ittifoqi Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivlari hisobidan olinadigan foydaga soliq joriy etish rejalarini amalga oshirish yo‘lida qadam tashladi, deb xabar berdi Bloomberg 23 yanvar, seshanba kuni xabardor manbalarga tayanib. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bu variant YeIga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishidagi muhokamadan so‘ng ma’qullangan. 

Nashr qilingan materialda ta’kidlanganidek, ushbu variantni Rossiya aktivlarini musodara qilmasdan qo‘llash mumkin va soliqqa tortish uchun daromad solig‘idan foydalaniladi. Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Rossiya Federatsiyasining muzlatilgan aktivlaridan olinadigan soliq daromadlariga «siyosiy rozilik» berdi, hafta oxiriga qadar bu masalani Yevropa Ittifoqi davlatlarining Bryusseldagi doimiy vakillari ko‘rib chiqishi kerak, deb yozadi Bloomberg. 

YeI hali Rossiya aktivlarini musodara qilishni istamayapti 

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankining muzlatilgan aktivlarini musodara qilishni ma’qullashi dargumon, garchi bunday qadamning qonuniyligi fevral oyida bo‘lib o‘tadigan G7 sammitida muhokama qilinishi rejalashtirilgan, deb xabar bermoqda Reuters Yevropa Ittifoqining ismi oshkor etilmagan yuqori martabali rasmiylariga tayanib. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, bunday musodara qilishning huquqiy jihatlari, shuningdek, yevro uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar Yevropa Ittifoqida xavotir uyg‘otmoqda.

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan so‘ng, Yevropa Ittifoqi, AQSh, Yaponiya va Kanada Rossiya Markaziy bankining taxminan 300 milliard dollarlik aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropada joylashgan aktivlarning umumiy qiymati 200 milliard yevrodan oshadi. 2023 yilda bu aktivlar uch milliard yevro atrofida daromad keltirishi mumkin. Yevropa Ittifoqi Ukrainaga olingan mablag‘larni o‘tkazish mexanizmini yaratish masalasini ham muhokama qilmoqda.

AQSh Rossiya aktivlarini musodara qilishni yoqlayapti

10 yanvar kuni Bloomberg agentligi AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Rossiya Federatsiyasining muzlatilgan aktivlari bir qismini Ukraina foydasiga musodara qilishga ruxsat beruvchi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagani haqida xabar berdi. Vashington bu qadamni G7 ittifoqchilari, xususan yevropaliklar bilan muvofiqlashtirish niyatida, chunki muzlatilgan Rossiya aktivlarining aksariyati YeI mamlakatlarida joylashgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid