Jahon | 13:28 / 25.01.2024
9920
6 daqiqa o‘qiladi

AQSh senati Rossiya aktivlarini musodara qilish to‘g‘risidagi qonunni qo‘llab-quvvatladi

REPO qonuni Qo‘shma Shtatlarga Rossiya Markaziy banki - AQSh bilan urush holatida bo‘lmagan davlatning aktivlarini musodara qilish imkonini beradi. Senat bunday chora misli ko‘rilmagan holat ekanini ta’kidladi.

Foto: Kun.uz

24 yanvar, chorshanba kuni AQSh senatining tashqi aloqalar qo‘mitasi «Ukrainaliklar uchun iqtisodiy farovonlik va imkoniyatlarni tiklash» (REPO) qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi, unga ko‘ra Rossiyaning AQShda muzlatib qo‘yilgan aktivlari musodara qilinadi va qayta tiklash uchun Ukrainaga beriladi. Ovoz berishda 20 deputat «ma’qul» va 1 nafar deputat «qarshi» ovoz berdi (respublikachi senator Rend Pol ovozi). 

Tegishli senat qo‘mitasi veb-saytida ta’kidlanganidek, hujjatning yakuniy matni qonun loyihasiga bir qator ikki partiyaviy tuzatishlar va takomillashtirishni o‘z ichiga olgan, jumladan «prezidentning Qo‘shma Shtatlar G7 bilan aktivlarni musodara qilish bo‘yicha ko‘p tomonlama harakatlarni muvofiqlashtirayotgani haqidagi kafolatlari, tezlashtirilgan sud tekshiruvi tartib-qoidalari, «Genotsid va vahshiyliklarning oldini olish to‘g‘risida Eli Vizel qonuni» hamda davlat departamentining 2024 yilda tugashi rejalashtirilgan global hamkorlik markazi vakolatlari amal qilish muddatini uzaytirish» nazarda tutilgan.

2018 yilda AQShda qabul qilingan «Genotsid va vahshiyliklarning oldini olish to‘g‘risida Eli Vizel qonuni»da AQSh hukumati ushbu jinoyatlarning oldini olishga va tegishli choralar ko‘rishga qaratilgan strategiya ishlab chiqayotgani haqidagi qoida mavjud. 

AQSh davlat departamenti qoshidagi global hamkorlik markazi (GHM) xorijiy dezinformatsiya va tashviqotga qarshi kurashish uchun maxsus yaratilgan. Davlat departamenti veb-saytida ta’kidlanganidek, uning vazifasi bu usullardan foydalangan holda dushman tahdidlarini fosh qilish va ularga qarshi turishdir» hamda «Rossiya bu sohada katta xavf tug‘dirishda davom etmoqda».

Musodara to‘g‘risidagi qonunning AQSh uchun oqibatlari 

«2022 yilda Ukrainaga noqonuniy hujum va davom etayotgan urush oqibatida yuzaga kelgan vayronagarchiliklarni hisobga olsak, Rossiya Ukrainani qayta qurish uchun ma’naviy va huquqiy javobgarlikka ega ekanligiga shubha yo‘q, dedi senatning tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Ben Kardin - Biroq, REPO qonuni harbiy kuch ishlatish uchun ruxsatnomadan tashqari, bu qo‘mitada biz ovoz beradigan har qanday narsadan ham muhimroq oqibatlarga olib keladi. Biz bilan urush holatida bo‘lmagan xorijiy davlatning Markaziy banki aktivlarini musodara qilish Qo‘shma Shtatlar uchun birinchi holatga aylanadi. Shuni yodda tutgan holda, pretsedent manfaatlarimiz va qadriyatlarimizni aks ettirishiga ishonch hosil qilishimiz kerak».

Kardinning aniqlik kiritishicha, mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, AQShda Rossiyaning 5 milliard dollarlik aktivlari muzlatilgan. Dunyo bo‘ylab bu aktivlar taxminan 300 milliard dollarni tashkil qiladi. «REPO to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi umid qilamanki, boshqa davlatlarni, shu jumladan, Rossiya suveren aktivlari katta qismiga ega bo‘lgan Yevropadagi hamkorlarimiz va ittifoqchilarimizni ushbu aktivlarni Ukraina foydasiga musodara qilishga va qayta foydalanishga undaydi», - deya qo‘shimcha qildi u. 

2023 yilning yozida Yevropa Ittifoqi ishchi guruhi Rossiya aktivlarini musodara qilishning qonuniy yo‘li yo‘q degan xulosaga keldi. Shundan so‘ng, YeI shu tariqa olingan foydani Ukrainani qayta tiklashga o‘tkazish uchun muzlatilgan mablag‘larni qayta investitsiya qilish imkoniyatlarini o‘rganishga e’tibor qaratdi. 

AQShdan Ukrainaga qo‘shimcha yordam 

Senat tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Ben Kardinning so‘zlariga ko‘ra, REPO to‘g‘risidagi qonun prezident Bayden bir necha oy oldin taqdim etgan qo‘shimcha yordam qonun loyihasiga muqobil yoki o‘rnini bosuvchi vosita emas, u «Ukraina uchun zudlik bilan zarur bo‘lgan 60 milliard dollar mablag‘ni, shu jumladan uning shoshilinch ehtiyojlari, Rossiyaga qarshi mudofaani davom ettirish, shuningdek, Isroil va Tayvan uchun muhim moliyalashtirishni ham ta’minlaydi». «Qo‘shimcha qonun loyihasi kongressning tashqi siyosatdagi eng dolzarb ustuvor vazifasi bo‘lib qolmoqda - biz uni qabul qilishimiz kerak, chunki buni qilmaslik oqibatlari falokatli bo‘ladi», dedi Kardin.

«Qo‘mitaning REPO to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishi anchadan beri dolzarb edi, - dedi qonun loyihasi muallifi, senatning tashqi aloqalar qo‘mitasi a’zosi, respublikachi Jim Rish. - Deyarli ikki yil davomida Rossiya Ukrainaga noqonuniy, asossiz hujumi natijasida aqlbovar qilmaydigan jinoyatlar sodir etdi. Ukrainani qayta tiklash uchun pul to‘lash kerak va bu harakatni rag‘batlantirish uchun AQSh yetakchiligi zarur».

Avvalroq Moskva Rossiyaning xorijdagi aktivlari muzlatish yoki musodara qilinishiga javoban Rossiya Federatsiyasidagi «do‘st bo‘lmagan mamlakatlar» aktivlariga nisbatan ham xuddi shunday choralar ko‘rishi mumkinligini bildirgan edi. Bunday aktivlar miqdori 288 milliard dollarga baholanmoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid