21:16 / 25.01.2024
17462

Il-76 halokati. Javobsiz qolayotgan asosiy savollar

Samolyot kimlarni yoki nima olib ketayotgandi? Va uning qulashi uchun kim javobgar? «Meduza» mavjud ma’lumotlar asosida Ukraina va Rossiyaning versiyalarini tahlil qildi.

Foto: TASS

Belgorod oblastida Rossiyaning Il-76 harbiy-transport samolyoti qulashi qanday ro‘y bergani va uning oqibatlari haligacha aniq emas. Halokat 24 yanvar kuni ertalab ro‘y berdi va kun oxiriga kelib ikki xil izoh berildi — urushning har bir tomonidan bittadan.

  • Rossiya qo‘mondonligi ta’kidlashicha, samolyot 60 nafardan ortiq ukrain harbiy asirlarini olib ketayotgan bo‘lgan — go‘yoki ularni Xarkiv oblasti bilan chegarada almashtirish rejalashtirilgandi. Rossiyalik mulozimlar va harbiylarning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina samolyotning yo‘nalishi va borish manzili haqida oldindan xabardor qilingan.
  • Ukraina QK rahbariyati va ukrain razvedkasi samolyot qulashiga mamlakat qurolli kuchlari aloqador bo‘lishi mumkinligini bilvosita va juda noaniq tarzda tan olgan. Shu bilan birga, Kiyevdagilar Il-76 parvozi missiyasi haqida ogohlantirilmaganni aytmoqda va u o‘q-dorilarni tashigan deb hisoblamoqda. Va agar bu halokatda ukrain harbiy asirlari o‘lim topgan bo‘lsa, buning uchun ayb ularni havo orqali chegaraga yuborgan Rossiya qo‘mondonligi zimmasida ekanini aytmoqda. «Kelishuvga ko‘ra, bizning himoyachilarimizning xavfsizligini Rossiya tomoni ta’minlashi kerak edi. Gap RFning Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirish va davlatimizni xalqaro qo‘llab-quvvatlashni zaiflashtirish maqsadidagi rejalashtirilgan va qasddan qilingan harakatlari haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin», — deyiladi Razvedka bosh boshqarmasi xabarida.

24 yanvar kuni kechqurunga kelib mavjud bo‘lgan faktlar bu versiyalardan qaysi biri haqiqat ekanini aniqlashga imkon bermaydi. Rossiya tomonining versiyasida ayrim nomuvofiqliklar mavjud. Bundan tashqari, hozircha asosiy savolga aniq javob beradigan hech qanday ma’lumot yo‘q: Ukraina QK qo‘mondonligi asirlar havo orqali tashilgani haqida bilganmi?

Hozirgacha nimalar aniq?

  • Yuklarni ham, odamlarni ham tashishga mo‘ljallangan Il-76 samolyoti Belgorod xalqaro aeroportidan taxminan 65 kilometr masofadagi Yablonovo qishlog‘i atrofidagi dalaga tikkasiga sho‘ng‘igan. Qulash joyidan taxminan uch yarim kilometr janubda mahalliy aholi vakili tomonidan olingan yagona videoda samolyot yongani va havodayoq parchalanganini ko‘rish mumkin.
  • Halokat joyida topilgan fyuzelyaj elementlari yoki aerodinamik sirtlarda yirik zarba beruvchi vosita qoldirgan izlar bor. Samolyot yirik havo hujumidan mudofaa tizimidan uchirilgan raketa bilan urib tushirilganiga shubha yo‘q.
  • Samolyot Belgorod aeroportiga yaqinlashish sxemalarida ko‘rsatilgan yo‘nalish yaqinida qulagan. Halokat joyi ABDON va ABALU navigatsiya nuqtalari orasida joylashgan. Bularning ikkinchisi — aerodrom «aylanasi»ga kirish nuqtasidir. Yablonovo qishlog‘i ham taxminan navigatsiya nuqtalari oralig‘ida joylashgan. Nuqtalar orasidagi parvoz chog‘ida samolyotlar 2,5 ming metrdan «850 metrga yoki ABALU nuqtasidan yuqoriroqqacha» pasayishi kerak.
  • Ukraina tomoni Rossiya mudofaa vazirligining 24 yanvar kuni keng ko‘lamli asirlar almashinuvi rejalashtirilgan bo‘lgani haqidagi ma’lumotini tasdiqlagan.
  • Oldinroq asirlikdan qaytarilgan ukrain harbiylarining tasdiqlashicha, asirlarni Rossiya ichkarisidagi koloniyalardan chegaradagi almashuv joyi yaqiniga olib kelishda samolyotlardan foydalanish — standart amaliyot ekanini aytishgan. 3 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan oxirgi almashuvda ham asirlar aynan samolyotlarda — va aynan Belgorod aeroportiga yetkazilgan. O‘shanda ham, Ukraina bosh razvedka boshqarmasi e’lon qilgan videoga qaralsa, asirlar almashinuvi Kolotilovka nazorat-o‘tkazish punktida amalga oshirilgan, RF mudofaa vazirligiga ko‘ra, 24 yanvar kungi almashuv ham shu yerga belgilangandi.
  • Rossiyalik propagandachi Margarita Simonyan samolyot halokatidan keyin go‘yoki Il-76 bortida bo‘lgan 65 nafar asir ro‘yxatini e’lon qildi. Bu ro‘yxat haqiqiyligi boshqa manbalar orqali tasdiqlanmagan.
  • «Meduza» Rossiya asirligidagi ukrainaliklarning ma’lumotlarini e’lon qilib boruvchi wartears.org saytida ismi-sharifi va tug‘ilgan sanalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar shu ro‘yxatdagilarga mos keluvchi 52 kishini aniqlagan. Yana bir harbiy asirning ismi-sharifi saytdagiga to‘liq mos keladi, ammo tug‘ilgan sanasi ko‘rsatilmagan.
  • «Simonyan ro‘yxati»dagi harbiy asir Maksim Anatolevich Konovalenko, wartears.org saytining 24 yanvar tongidagi ma’lumotida 2024 yil 3 yanvar kuni almashtirilgani ko‘rsatilgandi. Keyinroq saytdagi ma’lumot tahrirlandi (endi Konovalenko «Rossiya axborot agentligida e’lon qilingan [Il-76 halokatida halok bo‘lgan harbiy asirlar] ro‘yxatida keltirilgani» aytiladi. Konovalenko asirlikdan ozod etilganlarning Ukrainadagi Glavkom saytiga joylashtirilgan ro‘yxatida ham bor. Ammo Ukraina bosh razvedka boshqarmasining 3 yanvar kungi almashuv jarayoni aks etgan videosida (unda barcha almashtirilgan 228 kishidan qirq nafarga yaqini aks etgan) esa Konovalenko ko‘rinmagan.
S’yomki joyi (50.852, 37.359) va halokat nuqtasi (50.881, 37.346) geolokatsiyalari.

Biz hali nimani bilmaymiz?

  • Samolyot katta ehtimol bilan transponderi o‘chirilgan holda uchgan. Transponder ma’lumotilaridan foydalangan holda samolyotlar parvozlarini kuzatib boruvchi Flightradar saytiga ko‘ra, 24 yanvar kuni ertalab Belgorod atrofida hech qanday reys qayd etilmagan. Shu tariqa, halokat sabablariga oydinlik kiritishi mumkin bo‘lgan parvoz parametrlarini aniqlab bo‘lmaydi — natijada RF mudofaa vazirligi versiyasini tasdiqlash yoki rad etishning iloji yo‘q.
  • Samolyotning registratsiya nomeri oxirigacha aniq emas, faqat aviatsiya forumlarida bu RA-86828 nomerida harakatlangan Il-76 bo‘lgani aytilgan.
  • Asosiysi esa — bu parvoz Ukraina bilan kelishilgani yoki yo‘qligi ma’lum emas. Nazariy jihatdan xalqaro harbiy gumanitar huquq tomonlarning shunday kelishuvini talab etadi. Jyeneva konvensiyasida asirlarni ushlab turgan mamlakat, ayniqsa dengizda yoki havo orqali tashish vaqtida «ularning xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi kerakligi» aytilgan. «Meduza» bilan gaplashgan huquq faollari Jyeneva konvensiyasi va qo‘shimcha protokollar — harbiy asirlar uchun kafolatlarning asosiy manbayi ekanini ta’kidlashgan.
  • Harbiy asirlar masalalari bilan ham shug‘ullanuvchi mustaqil inson huquqlari tashkiloti vakili nashr bilan suhbatda harbiy asirlarning Belgorod oblasti ustidagi «harbiylashgan osmon» orqali tashilishini xalqaro huquqni buzish deb hisoblamaydi:

Boshqa qanaqasiga? Agar aylanib uchsa ham samolyot qaysidir pallada baribir «harbiylashgan osmon»ga kiradi. Agar bu rasmiy almashuv bo‘lgan bo‘lsa, yo‘nalish ham, ro‘yxatlar ham kelishilishi kerak edi. Umuman olganda, agar shunday kelishuv bo‘lgan deb hisoblasak, men RF tomonidan qoida buzilishini ko‘rmayapman — asirlar mos samolyotda mutanosib miqdordagi kuzatuvchilar bilan birgalikda uchgan.

  • Rossiya tomoni parvoz kelishilganini tasdiqlovchi dalillar keltirmadi. Ukraina razvedkasi esa, o‘z navbatida, o‘z raddiyasiga dalil taqdim etmagan.
  • «Meduza»ning asirlar almashinuvi jarayonidan boxabar bo‘lgan ukrainalik suhbatdoshi Ukraina razvedkasining xabari Rossiya Ukrainani harbiy asirlar urib tushirilgan samolyotda tashilayotgani haqida ogohlantirmaganini anglatadimi, deya berilgan savolga shunday javob bergan: «Umuman, Rossiya harbiy asirlarga munosabat bo‘yicha Jyeneva konvensiyasiga amal qilmaydi, lekin muayyan holatda u [Rossiya] harbiy asirlar xavfsizligini ta’minlashi hamda Ukrainani marshrut haqida xabardor qilishii shart [edi]».
  • Moskva bortda asirlar bo‘lganiga, ukrainlar esa — samolyotda o‘q-dorilar tashilgani haqida ma’lumotga dalillar keltirmagan (samolyot halokatining mahalliy aholi vakili tomonidan olingan videosidagi portlash esa ukrainlarning versiyasini rad etadi).
  • Hozircha samolyot aynan qanday tizimdan uchirilgan qanday o‘q-dori bilan nishonga olingani ma’lum emas. Shikastlanish xarakteri diversantlar qo‘lda olib yuriluvchi zenit-raketa kompleksi bilan zarba bergani ehtimolini istisno etadi. RF mudofaa vazirligining da’vo qilishicha, bu Ukrainaga g‘arb koalitsiyasi tomonidan yetkazib berilgan Patriot yoki IRIS-T havo hujumidan mudofaa tizimi bo‘lgan.
  • Nemislarning IRIS-T tizimining maksimal harakatlanish masofasi 25 kilometrni tashkil etadi (bu o‘rta masofadagi kompleks hisoblanadi — xuddi, rossiyaliklarning «Buk» tizimi kabi), shunday ekan, bu kompleksni ham «gumondagilar» ro‘yxatidan chiqarish mumkin: qulash joyidan Ukraina bilan chegaragacha masofa 50 kilometr atrofida.
  • Ukrainaga yetkazib berilgan Patriot komplekslari tarkibida atrofga yetkazuvchi elementlar bo‘lgan vva 160 kilometr masofaga harakatlanuvchi PAC-2 rusumli tutib oluvchi raketalar bilan ham jihozlangan. Qo‘pol-hisoblar shuni ko‘rsatadiki, nazariy jihatdan, Patriot Xarkiv oblastining Lipsi qishlog‘idan (Rossiya mudofaa vazirligi raketa uchirilgan joy sifatida shu yerni ko‘rsatgan) turib Yablonovo ustida 850 metr va hatto undan ham pastroq balandlikda uchgan nishonni kuzatishi va zarba berishi mumkin edi.
  • Ammo boshqa variantlar ehtimoli ham bor: bu masofa Ukrainaga yetkazib berilgan, fransuzlar va italyanlar mahsuloti bo‘lmish SAMP/T kompleksiga ham, sovetlar davriga mansub uzoq masofali komplekslar, masalan, S-300 tizimiga ham mos keladi.
  • Nazariy jihatdan, samolyot Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimining «do‘stona zarbasi»ga uchraganini ham istisno etib bo‘lmaydi. Ammo na Rossiyadagi manbalar va na ukrain razvedkasi bunday versiyani ilgari surmagan.

Rossiya versiyasida nimalar «yopishmayapti»?

  • Bir qarashda ko‘zga tashlanadigan nomuvofiqlik — rasmiy bayonotdagi halokat qurbonlari soni bo‘yicha: ekipajning olti a’zosidan tashqari, asirlarni kuzatib boruvchi harbiylar soni uch nafar bo‘lgani ma’lum qilingan. Avvalgi almashuvlar vaqtida havo orqali Belgorodga olib kelingan sobiq ukrain asirlari esa ularga kamida 20 nafar qo‘riqchi hamrohlik qilganini aytishgan. Bunday farqni tushuntirish qiyin.
  • Samolyot marshruti bo‘yicha ham savollar bor. E’lon qilingan yagona video orqali shunday taassurot paydo bo‘ladiki, samolyot qulashdan oldin qo‘nish sxemasi bo‘yicha shimoli-sharqdan janubi-g‘arbga emas, balki janubi-g‘arbdan shimolga qarab uchgan, agar u aeroportga qo‘nishni emas, undan ko‘tarilishni bajarayotgan bo‘lmasa. Ammo, bu s’yomka rakursi yoki samolyot qulash vaqtida kursni o‘zgartirgani (parvozni nazorat qilish tizimlari buzilishi, dvigatellarni turli tortish kuchi va boshqa sabablar tufayli) yuzaga kelgan illyuziya bo‘lishi ham mumkin. Mahalliy aholi vakillaridan biri guvohlik berishicha, yonayotgan samolyot shimoldan janubga qarab qulagan — trassa bo‘ylab va qo‘nishga kirish sxemasida ko‘rsatilgan yo‘nalishda.
  • Nihoyat, Ukraina qurolli kuchlari 35-dengiz piyodalari brigadasi serjanti Maksim Konovalenkoning taqdiri bo‘yicha savollar tug‘iladi, u yanvar oyi boshidagi asirlar almashuvi vaqtida qaytarilgani aytilgan, ammo uch hafta o‘tib uning familiyasi Belgorodga uchgan samolyotdagilar ro‘yxatida qayd etilgan. Bu Wartears sayti manbasi va boshqa shu kabi boshqa loyihalarning xatoligi bo‘lishi ham mumkin. Ammo ushbu asirning bortda bo‘lgani tasdiqlanmagan ekan, bu ma’lumotni e’tibordan soqit qilib bo‘lmaydi.

Odamlar o‘limi uchun kim javobgarligini qanday tushunish mumkin?

Javobi yo‘q bo‘lgan asosiy savol (va hech bo‘lmaganda buni bilvosita isbotlashga imkon beradigan birorta ma’lumot yo‘q), Rossiya Ukrainani asirlar samolyot orqali tashilishi haqida ogohlantirganmi? Agar ha bo‘lsa ularning o‘limi uchun javobgarlik Kiyev zimmasida. Agar bunday ogohlantirish berilmagan bo‘lsa, Il-76 qonuniy nishon edi va asirlarning o‘limida, konvensiyaga ko‘ra, ularning xavfsizligini ta’minlamagan Rossiya aybdor bo‘lishi kerak.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top