MB rahbarlari – pul o‘tkazmalari geografiyasining kengayishi, devalvatsiya va terminallar integratsiyasi haqida
2023 yilda Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari kamaygan, lekin boshqa davlatlardan o‘tkazmalar sezilarli oshgan. O‘tgan yili so‘m 9,8 foizga qadrsizlangan. Islomiy bank ochish bo‘yicha Markaziy bankka hali birorta murojaat bo‘lmagan. Uzcard va Humo terminallarini birlashtirish ishlari yaqin 2 oy ichida oxiriga yetkazilishi aytilmoqda.
25 yanvar kuni Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu qaror qabul qilingan yig‘ilishdan keyin boshqaruv raisi Mamarizo Nurmurodov, uning birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev va o‘rinbosari Behzod Hamrayev matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berdi.
Rossiyani hisobga olmaganda, boshqa davlatlardan pul o‘tkazmalari 15 foizga oshdi
2023 yilda O‘zbekistonga 11,4 mlrd dollarlik pul o‘tkazmalari kirib kelgan. Bu – 2022 yilga nisbatan 33 foizga kam, 2021 yilga nisbatan esa qariyb 42 foizga ko‘p. Aholining real daromadlari ham o‘tgan yilda 4,6 foizga o‘sgan. Pul o‘tkazmalari yalpi talabni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy drayverlardan biri bo‘lgan. 2024 yilda real iqtisodiy o‘sish 5,5-6 foiz oralig‘ida shakllanishi prognoz qilinmoqda.
“Tadqiqotlarimizga ko‘ra, Rossiyaga ishlash uchun borganlar soni 12 foizga kamaygan. Ikkinchi tomondan olib qaraydigan bo‘lsak, mehnat migratsiyasining geografiyasi kengayayotgan bo‘lishi mumkin. Pul o‘tkazmalari borasida 2024 yilda kamayish emas, aksincha 5-6 foiz o‘sish kutyapmiz. Ikkinchi tomondan, umumiy pul o‘tkazmalari 33 foizga kamaygan bo‘lsa, Rossiyadan o‘tkazmalar 39 foizga qisqardi. Albatta, ma’lum bir jihatdan buning ta’siri bo‘ldi. O‘z navbatida, boshqa davlatlardan keladigan pul o‘tkazmalari 15 foizga oshdi”, dedi Mamarizo Nurmurodov.
2023 yilda so‘mning qadrsizlanishi 9,8 foizni tashkil qilgan
So‘m 2023 yilda 9,8 foizga qadrsizlangan. Kursning devalvatsiya davri yilning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri kelib, asosiy savdo hamkor davlatlar valuta kursidagi o‘zgarishlar va tashqi savdo balansidagi shakllangan holat almashuv kursiga ma’lum darajada bosimni kuchaytirib, devalvatsiyani tezlashtirgan.
“Joriy iqtisodiy tendensiyalar va kutilmalarni inobatga olib, kelgusi oylarda so‘mning real almashuv kursiga yuqori bosimlar kuzatilmasligini kutyapmiz. Markaziy bank hech qachon kurs bo‘yicha prognoz bermaydi. Faqat kutilayotgan kutilmalar va ularning qanaqa ta’sirlari bo‘lishini aytib ketamiz”, dedi MB raisi.
Mamarizo Nurmurodov ma’lumotlariga ko‘ra, so‘mdagi bank depozitlari yuqori foiz stavkasida shakllanyapti, bu esa bank depozitlari o‘sish sur’atini 2023 yilda ham saqlab qolish imkonini bergan. Inflatsiyani targetlash strategiyasining asosiy maqsadlaridan biri – odamlarning so‘mdagi omonatlarini oshirishdan iborat.
“Bu boradagi ishlar ko‘rinmayotgan bo‘lsa ham, ba’zi raqamlarni keltirib o‘tsam. 2019 yilda aholining omonatlari 2 mlrd dollar ekvivalentiga teng bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yil yakuniga mazkur ko‘rsatkich 7 mlrd dollarga yetdi. Oxirgi 3 yilda milliy valutadagi depozitlarning o‘sishi yiliga 1,5 barobardan kam bo‘layotgani yo‘q”, dedi u.
Avtokredit bozori “qizib ketgan”
Avtokredit va mikroqarzlar borasidagi tendensiyalar kutilgandan yuqori darajada xatarlarni paydo qilgan. Bu boradagi risklar, makroprudensial choralar qo‘llangan bo‘lsa-da, haligacha to‘liq bartaraf etilmagan. 2024 yil davomida ham bu boradagi ishlar davom ettiriladi.
“Avtokredit bozorida “qizish” yuz bergan. Iyul-avgustda oyiga 4 trln so‘mgacha avtokredit berilgan. Ko‘rilgan makroprudensial choralar natijasida hozir bir oyda 800 mlrd so‘mgacha avtokredit moliyalashtirilmoqda. Markaziy bank avtokredit ajratishni cheklamagan”, dedi MB raisi.
Kredit uchun kartadan avtomatik pul yechib olish taqiqlanmagan
Avvalroq Markaziy bank tijorat banklariga fuqarolarning roziligisiz ularning bank kartalaridan mablag‘larni kredit to‘lovlari uchun yechib olishni taqiqlagan edi. Nurmurodovning izohlashicha, bank va mijoz o‘rtasidagi shartnomada mijoz kredit bo‘yicha to‘lovlarning bank kartasidan yechib olinishiga rozilik bergan holatlar bu taqiqqa aloqador emas.
“Agar kredit olgan jismoniy shaxs bank bilan qilgan shartnomasida kreditni qaytarish manbayi sifatida o‘zining karta ma’lumotlarini bergan bo‘lsa, o‘sha kartadan mablag‘ yechish avtomatik ravishda davom etaveradi. Shartnomada qayd etilmagan holatlar bo‘yicha, masalan, men kredit olgan bo‘lsam, buning uchun mening oilamning kartasidan qaytarib olish taqiqlangan. Agar men bu kartani ham kreditni qaytarish manbayi sifatida ko‘rsatgan bo‘lsa, bankda pul yechib olish vakolati bo‘ladi”, – deya kiritilgan yangi o‘zgarishlarni izohladi regulyator rahbari.
Islomiy bank ochish bo‘yicha Markaziy bankka hali birorta murojaat bo‘lmagan
“Islomiy bank ochish bo‘yicha bizga hali murojaat bo‘lgani yo‘q. Davlat rahbarining topshirig‘i bilan qilinishi kerak bo‘lgan ishlar loyihasini hukumatga kiritganmiz. Ya’ni qumdon tashkil qilib, bu borada ishni boshlamoqchimiz. Islom moliyasining bevosita bo‘lmasa ham, bilvosita iqtisodiy o‘sishimizga ta’siri bo‘ladi. Bu orqali xarid qilingan yoki ko‘rsatilgan xizmat qo‘shilgan qiymat orqali yalpi ichki mahsulotimiz o‘sishiga hissa qo‘shadi”, – dedi Mamarizo Nurmurodov.
Uzcard va Humo terminallarini birlashtirish birinchi chorak oxirigacha yakuniga yetadi
“2023 yilning may oyidan boshlab Uzcard va Humo bankomatlari birlashtirilganidan keyin, yil oxirigacha terminallar ham integratsiyalashishi kerak edi. Shu paytgacha bu to‘lov operatorlari har xil soft'dan foydalanib kelgan. Terminallarni birlashtirishning kechga qolishi texnik jarayon hisoblanadi. Yil boshida 3 ta bank: Trastbank, Infinbank va Apexbank'da sinovlar o‘tkazildi. Birinchi chorak oxirigacha integratsiya jarayoni yakuniga yetadi”, deya ma’lum qildi Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev.
Nega rasmiy va sezilgan inflatsiya o‘rtasidagi farq kengayib bormoqda?
Bu savolga Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev javob berib, o‘rtadagi farq metodologiya bilan bog‘liqligini aytdi.
“Rasmiy inflatsiya va sezilgan inflatsiya har xil metodologiya bo‘yicha ikkita tashkilot tomonidan tuziladi. Rasmiy statistikaga ma’lumotlar oyning 10-20-kunlari oralig‘idagi muddatda yig‘iladi, sezilgan inflatsiya esa oy davomidagi so‘rovnoma natijasida to‘plangan ma’lumotlar asosida e’lon qilinadi. Bu yerda nozik holatlar asosan bayramlar arafasida yuz beradi. Masalan, yangi yil bayrami oldidan bo‘lgan ajiotaj rasmiy statistikaga tushmagan bo‘lishi mumkin. Ammo so‘rovnomada qatnashayotgan odam narx o‘zgarishi sezgan bo‘ladi.
Bundan tashqari, olingan mahsulotlarning turiga ham bog‘liq. 510 ta tovar olinganda o‘rtacha inflatsiya chiqariladi. Aytaylik, un va yog‘ narxi sezilarli oshgan bo‘lsa, qurilish mollari bahosi kamroq oshgan yoki arzonlagan bo‘lishi mumkin. Yakundan umumiy o‘rtacha ko‘rsatkich olinadi. Rasmiy statistikada shu jihatlarga ham e’tibor beriladi”, –dedi Behzod Hamrayev.
Mavzuga oid
13:41 / 08.10.2024
Fuqarolarni onlayn kredit firibgarligidan saqlovchi choralar belgilandi. Yangi mexanizm qanday ishlaydi?
23:44 / 07.10.2024
O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 41 mlrd dollardan oshdi
07:30 / 02.10.2024
Sentyabr oyi uchun inflatsiya darajasi ma’lum qilindi
14:05 / 12.09.2024