Jahon | 09:50 / 25.01.2024
3258
3 daqiqa o‘qiladi

Xarkivning o‘qqa tutilishi: qurbonlar soni 10 kishiga yetdi

Rossiya so‘nggi sutka ichida Xarkivni uch marta o‘qqa tutdi. Oqibatda 10 kishi halok bo‘ldi, yana 60 kishi yaralandi, ulardan 6 nafari bolalar. Kiyevda otishma oqibatida 4 kishi yaralandi. 

Foto: Ukrainian Emergency Service/AP Photo/picture alliance

23 yanvar kuni Rossiyaning Xarkivga uch marta raketa hujumi oqibatida halok bo‘lganlar soni 10 kishiga yetdi. Qutqaruvchilar Rossiya raketasi oqibatida buzilgan ko‘p qavatli turar joy binosi vayronalari ostidan 56 yoshli ayol va 57 yoshli erkakning jasadlarini chiqarib oldi, deb xabar berdi Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati chorshanba, 24 yanvar kuni Telegram-kanalida. 23 yanvar oqshomida sakkiz kishi halok bo‘lgani va kamida 60 nafar fuqaro yaralangani, jumladan olti nafar bola jarohat olgani aytilgandi.

Xarkiv bir kunda uch marta o‘qqa tutildi

Birinchi raketa haqida mahalliy vaqt bilan soat taxminan 3:00 da shahar meri Igor Terexov xabar berdi. Keyinchalik u «turar joy va fuqarolik binolari hududiga zarba berilgan», deb aniqlik kiritdi. Taxminan soat 6:00 da Terexov shaharda bir nechta portlashlar haqida yozdi. Merning so‘zlariga ko‘ra, hujum paytida ko‘p qavatli uyning kirish qismi butunlay vayron bo‘lgan, shaharning Kiyev tumanida elektr va suv ta’minoti uzilgan. 

Ukraina ommaviy axborot vositalarining yozishicha, 23 yanvar kuni ertalab Rossiya qurolli kuchlari Xarkivning Kiyev va Saltov tumanlariga jami 10 marta zarba bergan. «Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, C-300 va X-22 raketalari uchirilgan», - deya ta’kidladi Liga.net onlayn-nashri. 

Mahalliy vaqt bilan soat 21:00 lar atrofida Rossiya Xarkivning markaziy qismini raketa bilan o‘qqa tutdi. Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, natijada turar joy binolari, savdo do‘konlari va ta’lim muassasasi zarar ko‘rgan. 

Rossiyaning Kiyevga raketa hujumi 

23 yanvar kuni Kiyev viloyati ham Rossiya raketa hujumiga uchradi. Shu kuni kechqurun Kiyev viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Ruslan Kravchenko Telegram-kanalida ushbu hujumga shunday izoh berdi: «Afsuski, qurbonlar soni 4 kishiga yetdi. Bir jabrlanuvchi politravma (ko‘plab jarohatlar) va sinishlar bilan Kiyev viloyat klinik shifoxonasiga yotqizilgan.Bir kishi yonish mahsulotlaridan zaharlangan, yana ikki kishi kasalxonaga yotqizishdan bosh tortgan. Voqea joyida yordam ko‘rsatildi. 3 ta ko‘p qavatli uy, xo‘jalik inshootlari, 21 ta yengil avtomobil, kafe binosiga zarar yetgan. Ikki ta’lim muassasasi hududidan ham Rossiya raketalarining bo‘laklari topildi. Litseydan birining derazalariga zarar yetkazilgan».

Mavzuga oid