Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Alaska Airlines aviakompaniyasi Boeing 737 MAX 9 samolyotlarida parvozlarni tikladi
Yanvar oyi boshida ushbu aviakompaniyaga tegishli samolyotning parvoz vaqtida eshigi uzilib tushgan edi.
Alaska Airlines aviakompaniyasi o‘z samolyotlarida o‘tkazilgan tekshiruvdan so‘ng Boeing 737 MAX 9 samolyotlarida parvozlarni qayta tikladi. Birinchi parvoz 26 yanvar kuni amalga oshirildi: samolyot Sietldan havoga ko‘tarilib, San-Diyegoga qo‘ndi. Yanvar oyi boshida Boeing 737 MAX 9 samolyoti parvoz paytida eshigi uzilib tushganidan beri, ushbu samolyot modeli uchun birinchi parvoz bo‘ldi.
Alaska Airlines vakilining so‘zlariga ko‘ra, aviakompaniya o‘zining barcha Boeing 737 MAX 9 samolyotlarini keyingi hafta oxirigacha xizmatga qaytarishi mumkin.
«Biz 737 MAX 9 samolyotlarimizni tekshirish keyingi hafta oxirigacha yakunlanishini kutamiz, bu bizga parvozlar jadvalini to‘liq bajarish imkonini beradi», dedi aviakompaniya vakili.
AQSh Federal aviatsiya ma’muriyati (FAA) 24 yanvar kuni Boeing 737 MAX 9 samolyotlarini tekshirish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yo‘riqnomani tasdiqlaganidan so‘ng, ushbu turdagi barcha samolyotlarda texnik ko‘rik boshlangan edi.
5 yanvardan 6 yanvarga o‘tar kechasi Portlend shahridan havoga ko‘tarilgan Alaska Airlines aviakompaniyasining Boeing 737 MAX 9 samolyotining parvoz vaqtida eshigi uzilib ketdi. Salonda bosim keskin pasayib ketganidan so‘ng, samolyot favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. 171 yo‘lovchi va olti ekipaj a’zosidan hech biri jabrlanmadi. Shundan so‘ng FAA Boeing 737 MAX 9 samolyotlarining ekspluatatsiyasini to‘xtatdi, ularning aksariyati AQSh aviakompaniyalariga tegishli.