Rossiya NATOga qo‘shilishi ko‘zda tutilgandi. Klintonning Moskvaga tashrifi haqida hujjatlar e’lon qilindi
«AQSh, Rossiya va Yevropa karteli kerak», «Ukrainaga do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik belgisi sifatida xavfsizlik kafolatlari beriladi». 30 yil oldin Boris Yelsin, Bill Klinton va Leonid Kravchuk shular haqida gaplashgandi.
Jorj Vashington universiteti qoshidagi Milliy xavfsizlik arxivi AQSh prezidenti Bill Klintonning Rossiyaga ilk tashrifi haqida 11 ta hujjatni e’lon qildi. O‘sha Rossiya – AQSh sammiti 1994 yil 12 yanvardan 15 yanvargacha o‘tkazilgandi. E’lon qilingan hujjatlar ichida Yelsin va Klintonning yakkama-yakka uchrashuvi haqidagisi ham bor.
Klintonning Rossiyaga tashrifi doirasida Moskva, Vashington va Kiyev sovet yadro quroli Ukraina hududidan olib chiqilgani haqida kelishuvga erishilganini e’lon qilgandi. 30 yil o‘tib esa Klinton Ukraina yadro qurolisiz qolishiga sababchilardan bo‘lib qolgani uchun afsuslanishini aytadi.
Sammitdan oldin nima bo‘lgandi?
Milliy xavfsizlik arxivi e’lon qilgan ilk hujjat Klintonning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Entoni Leykning 1993 yil dekabrida – AQSh prezidentining Moskvaga tashrifidan ikki hafta oldin tayyorlagan memorandumi bo‘lgandi. Unda Leyk Klintonga yuzlangan holda AQSh va Rossiya prezidentlari oxirgi oylarda paydo bo‘lgan yangi chaqiruvlarni hal qilishi kerakligini aytgan.
«Yelsin sizning eng muhim xorijiy hamkoringiz deyish mumkin. Rossiyadagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash tashqi siyosatdagi eng muhim vazifangiz bo‘lishi kerak. Bu borada prezidentlik davringizning birinchi yilida yaxshigina o‘sish sezildi. Bu sizning Yelsin bilan Tokio va Vankuverdagi uchrashuvlaringizdan farq qilib, Rossiyadagi demokratik eksperiment uchun burilish nuqtasi bo‘ladi», deb yozgan maslahatchi Leyk.
U Klinton 1993 yildagi inqiroz vaqtida Yelsinga katta siyosiy qo‘llov taqdim etganini aytgan. Shuningdek, hujjatda OAV Rossiya qo‘shni davlatlarga nisbatan agressiv siyosat olib borayotgan bir vaqtda Vashingtonni Yelsinga juda ishonib yuborayotganlikda ayblayotgani haqida ham aytilgan. Bunga misol sifatida Rossiyadagi parlament saylovlarida LDPR va Kommunistik partiya g‘olib bo‘lgani keltirilgan.
Leyk uchrashuvning asosiy mavzularidan biri Yelsinni «Tinchlik uchun hamkorlik» dasturiga ko‘ndirishdan iborat bo‘lishini aytgan. Bu NATOning alyansga a’zo bo‘lmagan davlatlar bilan ikki tomonlama hamkorlik qilish dasturidir.
«Siz Bryusselda o‘tkazadigan NATOning «Tinchlik uchun hamkorlik» dasturida qatnashish taklifingizga Yelsin «ha» deyishi ustida ishlayapmiz. Yelsin bu Rossiyaning G‘arb bilan integratsiyalashishi uchun muhim ekanini tushunishi kerak. Shuningdek, u Rossiya AQSh va boshqa davlatlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lishi uchun xalqaro normalarga amal qilishi kerakligini ham tushunishi kerak», deyiladi memorandumda.
Klintonning maslahatchisiga ko‘ra, sammitning asosiy masalasi xavfsizlik bo‘ladi. Maslahatchi gap Moskva va Kiyev bilan Ukrainadagi barcha strategik yadro qurolini utilizatsiya qilish bo‘yicha kelishuv ustida ishlayotgani haqida ketayotganini aytib aniqlik kiritgan.
«Bu muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tkazilishi sammitning gultojiga aylanar, sizning [yadro quroli] tarqalmasligi bo‘yicha tashqi siyosatdagi g‘alabangiz bo‘lardi. Yana bu Rossiya o‘zining muhim qo‘shnisi bilan hamkorlikka tayyorligi borasida jiddiy signal ham bo‘lardi», deb yozgan maslahatchi.
Kremldagi va Novo-Ogaryovodagi uchrashuvlarda nimalar bo‘lgan?
Yelsin Klinton bilan Kremldagi uchrashuvni 13 yanvar kuni Rossiya ichki siyosatidagi vaziyat haqidagi gap bilan boshlaydi. U Federatsiya kengashida demokratik kuchlar 80 foizni tashkil etishi, bu optimizm uchun asos bo‘lishi, Dumadagi vaziyat esa «unchalik yaxshi emasligi»ni aytadi. U yerda hech kimning ustunligi yo‘qligi, shu sabab fraksion to‘qnashuvlar ko‘p bo‘lishini ta’kidlaydi. Shuningdek, Yelsin G‘arbning Jirinovskiy partiyasi g‘alabasi borasidagi xavotirlari o‘rinsizligini aytgan. Unga ko‘ra, Jirinovskiyning partiyasi amalga oshirib bo‘lmaydigan populistik chiqishlar orqali ustunlikka erishgan.
Bunga javoban Klinton o‘z tajribasidan kelib chiqib Yelsinga muxolifat bilan uchrashishni taklif qilgan. AQSh prezidenti buni «ishining eng yoqimsiz jarayonlaridan biri ekani» deb atagan.
Yana bir e’lon qilingan hujjat Moskvadagi AQSh elchixonasining Novo-Ogaryovoda o‘tgan prezidentlar tushligi haqidagi xabari bo‘lgan. Unda aytilishicha, Yelsin tushlik vaqtida Rossiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar dunyodagi xavfsizlik tizimi asosida bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
«Rossiya NATOga kirgan birinchi davlat bo‘lishi kerak. Keyin Markaziy va Sharqiy Yevropaning boshqa davlatlari ham unga qo‘shilishi mumkin. Xalqaro xavfsizlikni kuchaytirish yo‘lida birga ishlaydigan AQSh, Rossiya va yevropaliklardan iborat o‘ziga xos kartel bo‘lishi lozim», degan Yelsin. Rossiya sobiq prezidenti o‘sha vaqtda NATOga kirishga tayyor emasligi, bu borada boshqa davlatlar nima deyishi, masalan, Xitoy qanday fikrda bo‘lishi bilan qiziqishi kerakligini qo‘shimcha qilgan.
Hujjatga ko‘ra, Klinton Yelsinning Rossiya NATOga kirishi haqida fikriga munosabat bildirmagan. U shunchaki «Yevropa tinchlikda yashay olishi», barcha davlatlar esa «bir kishiga hujum hammaga hujum deb qabul qilinadigan davrni yaqinlashtirish ustida ishlayotgani» haqida gapirgan.
Ukraina prezidenti bilan uchrashuvda nimalar bo‘lgan?
Milliy xavfsizlik arxivi e’lon qilgan hujjatlar ichida Klinton, Yelsin va Ukraina prezidenti Leonid Kravchuk o‘rtasidagi uchrashuv haqida qisqacha matn ham bor. Unda uch davlat yetakchisi sammitning asosiy yutug‘i deb atagan sovetlar yadro qurolining Ukraina hududidan olib chiqib ketilishi bo‘yicha kelishuv haqida ham so‘z borgan.
«Rossiya va AQSh Ukrainaga do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik belgisi sifatida to‘liq xavfsizlik kafolati taqdim etadi», degan o‘sha uchrashuvda Yelsin.
Kravchuk esa «qurolsizlantirishning muqobili yo‘qligi», Ukraina kelishuvga jiddiy amal qilishini aytgan.
Klinton prezidentlarga «donolik va uzoqni ko‘ra olgani» uchun minnatdorchilik bildirgan. «Kelishuv dunyoni xavfsizroq qilishiga ishonchim komil. Menga ayniqsa Ukraina va Rossiya munosabatlari yaxshilanayotganini ko‘rish yoqimli bo‘lmoqda. Har ikki davlat yetakchisi qo‘shnisi barqaror va kuchli bo‘lishidan manfaatdor ekanini aytayotgani yoqimli», degan AQSh prezidenti.
Klinton va Yelsinning oxirgi uchrashuvida nima bo‘lgandi?
1994 yil 15 yanvar kuni AQSh prezidentining Rossiyaga tashrifi doirasida Klinton va Yelsin o‘rtasida oxirgi uchrashuv o‘tkaziladi. Bu uchrashuv oldindan rejalashtirilmagandi, ammo uni o‘tkazishni Klinton so‘ragan. Chunki u Yelsin Yegor Gaydar kabi ba’zi islohotchilarni ishdan bo‘shatishni rejalashtirayotgani haqida bilib qolgan. Klinton tashrifini yakunlaganidan 5 kun o‘tib, 1994 yil 20 yanvar kuni Yegor Gaydar hukumat raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod qilinadi.
Klintonning so‘zlariga ko‘ra, U Moskvaga tashrifi oldidan «Katta yettilik» davlatlari bilan Xalqaro valuta fondi Rossiyaga 1,5 milliard dollar ajratishi, boshqa turdagi yordamlarni ajratish ham osonlashtirilgan tartibda amalga oshirilishi masalasini muhokama qilgan. «Katta yettilik» davlatlari bunga rozi bo‘lgan, lekin faqat Klinton Rossiyadagi islohotlarni davom ettirishni so‘rashi sharti bilan.
Klinton Moskva ko‘chalarida rossiyaliklar bilan gaplashib, prezident Yelsin qanday kuchli siyosiy bosimga qarshi turishiga to‘g‘ri kelayotganini tushunganini bildirgan. Klinton Rossiya islohotlardan voz kechish borasida signal berishi kerak emasligini aytgan. Klinton prezident Yelsinning ishiga aralashmasligi, lekin u og‘ir qaror qabul qilishdan avval o‘ylab olishi kerakligini ta’kidlagan.
Mavzuga oid
20:49 / 27.12.2024
NATO Boltiq dengizidagi harbiy ishtirokini kuchaytiradi
19:14 / 27.12.2024
Ukraina Kursk oblastida ilk marta KXDR askarini asirga oldi - OAV
15:31 / 27.12.2024
Yaponiya RF aktivlari hisobidan Ukrainaga 3 mlrd dollar beradi
14:45 / 26.12.2024